26.12.2024 09:46
Pokistonning Afgʻonistonga hujumi qurbonlari 46 nafarga etdi
Afgʻonistonni nazorat qiluvchi «Tolibon» harakati Pokiston havo hujumlarini keskin qoralab, bu harakatlar uchun javob berilishini bildirdi.
Rasmiy Kobul maʻʻlumotlariga koʻra, Afgʻonistonning Paktika viloyatiga qilingan hujum natijasida 46 kishi halok boʻlgan. Xabarga koʻra, halok boʻlganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Yana olti kishi jarohatlangan, deb maʻʻlum qildi Khaama Press axborot agentligi.
Pokiston armiyasiga yaqin manbalarning xabar berishicha, hujum davomida mamlakat harbiy-havo kuchlari "Tehrik-i-Tolibon Pokiston"ga tegishli deb hisoblangan toʻrtta baza va bir necha jangari yoʻq qilingan.
Afgʻonistonning Mudofaa vazirligi Pokistonni afgʻon aholisining oʻlimi va mamlakat suverenitetini buzganlikda aybladi. Vazirlik hodisa yuzasidan qarshi javob choralari koʻrilishiga vaʻʻda berdi.
Pokiston hujumlar boʻyicha hali rasmiy izoh bermagan, ammo vaziyat ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada taranglashtirishi mumkin.