20.01.2025 07:45

Oʻta oʻngchi vazirlar Isroil hukumatini tark etdi



Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir oʻzi boshchiligidagi “Yahudiy kuchi” partiyasi bilan birgalikda vazirlar mahkamasini tark etishini eʻʻlon qildi. Bayonotga koʻra, partiyadagi barcha vazirlar, jumladan, Itsxak Vasserlauf (Najaf ishlari va Galiley taraqqiyoti vaziri) hamda Amixay Eliyagu (meros ishlari vaziri) lavozimlaridan isteʻʻfoga chiqishgan.

Ben-Gvir Gʻazo sektoridagi otashkesim kelishuvi amalga oshirilgani ortidan isteʻʻfoga chiqishini eʻʻlon qildi. U avvaldan ogohlantirib, ushbu kelishuv amalga oshirilsa, hukumatdan chiqishini maʻʻlum qilgan edi. 

Ben-Gvirning soʻzlariga koʻra, bosh vazir Binyamin Netanyaxu uni koalitsiyada qolishga koʻndirish maqsadida ishgʻol qilingan Gʻarbiy Sohilda yangi aholi punktlari qurish va Bosh shtab rahbari Gertsi Xalevini ishdan boʻshatish taklifini bildirgan. Bosh vazir matbuot xizmati Ben-Gvirga berilgan vaʻʻdalarni “mutlaqo yolgʻon” deb atadi.

Ben-Gvir boshchiligidagi “Yahudiy kuchi” partiyasi Knessetda 6 deputatlik oʻrniga ega boʻlib, uning isteʻʻfosi Netanyaxu hukumatida koalitsiya muvozanatini jiddiy ravishda oʻzgartirishi mumkin.