09.01.2025 08:22
395
Niderlandiya politsiyasida dinlararo qasamyodga ruxsat berildi
Niderlandiya politsiyasida xizmat qasamyodini modernizatsiya qilishga oid yangi tartib kuchga kirdi. Yangi qoidaga koʻra, endi musulmon, yahudiy, hindular kabi turli diniy mansubiyatga ega xodimlar oʻzlarining muqaddas kitoblari yoki diniy qadriyatlariga qasam ichish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Bu yangilik Niderlandiyada davlat xizmatchilari uchun qasamyod tizimini qayta koʻrib chiqish boʻyicha qabul qilingan qaror asosida joriy qilindi. Xavfsizlik va adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan qoidalar 2025 yilning 1 yanvarida amalga kiritildi.
Politsiya vakillariga koʻra, qasamyod nafaqat rasmiyatchilik, balki xodimlarning axloqiy yoʻnalishlarini belgilaydigan muhim bir odatdir. Yangi tartib Gollandiya jamiyatidagi xilma-xillikka uygʻun boʻlib, har bir shaxs politsiya oldida oʻzini erkin va qulay his qilishini taʻʻminlashga xizmat qiladi.
Niderlandiya politsiya ittifoqi bu oʻzgarishlarni ijobiy baholab, ularni jamiyatning turli qatlamlarini qamrab oluvchi yanada adolatli yondashuv sifatida taʻʻkidladi. Ittifoq vakillari avvalgi amaliyotning asosan nasroniylikka yoʻnaltirilganini tanqid qilib, bugungi kunida barcha dinlarni hurmat qiluvchi tartibga ehtiyoj borligini bildirdi.
Shu bilan birga, bu qaror ayrim oʻng qanot partiyalarning noroziligiga sabab boʻldi. Ozodlik partiyasi (PVV) rahbari Geert Vilders uni "jinnilik" deb atadi, konservativ guruhlar esa uni anʻʻanaviy qiymatlarni yoʻqqa chiqaradi, deb hisoblamoqda.