20.01.2025 17:38
Muhammad alayhissalomni haqoratlagan eronlik reper oʻlimga hukm qilindi
Turkiyadan deportatsiya qilingan mashhur eronlik reper Tatalu (Emir Huseyin Maqsudlu) Eronda Muhammad paygʻambarni haqorat qilishda aybdor deb topilib, oʻlim jazosiga hukum qilindi. Biroq bu qaror hali yakuniy emas, apellyatsiya orqali qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Eronning Etemad gazetasi va The Guardian nashriga koʻra, avvalroq kufrlikda ayblanib besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Tataluga nisbatan prokuror eʻʻtirozi qabul qilingan. Yangi sud muhokamasida u paygʻambarni haqorat qilishda aybdor deb topildi va oʻlim jazosi tayinlandi.
Tatalu 2023 yil dekabrʻ oyida Turkiyada hibsga olinib, Eronga deportatsiya qilingan edi. U shundan beri Eronda hibsda saqlanmoqda.
Rep, pop va R&B janrlarini uygʻunlashtirgan ijodkor 2018 yilgacha Erondagi yoshlar orasida katta mashhurlikka erishgan. Ayrim siyosiy davralar uni yoshlarning yon-atrofiga tortish vositasi sifatida qoʻllab-quvvatlashgan. Biroq keyinchalik uning qoʻshiqlari “behayo mazmun” targʻibida va “davlatga qarshi targʻibot”da ayblangan. Shuningdek, u 10 yillik qamoq jazosiga ham tortilgan.
Tatalu 2015 yilda Eron yadro dasturini qoʻllab-quvvatlovchi qoʻshiq chiqargan. U, shuningdek, 2017 yilda sobiq prezident Ibrohim Raisi bilan birga teledasturda ishtirok etgan edi.