17.12.2024 10:35
Moskvadagi portlashda rus armiyasi generali – kimyoviy mudofaa qoʻshinlari boshligʻi oʻldirildi
17 dekabrʻ kuni tonggi soat 6:00 atrofida Moskva shahrining Nijgorod rayonida kuchli portlash sodir boʻldi. Voqea natijasida Rossiya Qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qoʻshinlari boshligʻi, general-leytenant Igor Kirillov hamda uning yordamchisi Ilya P. halok boʻldi.
Guvohlar soʻzlariga koʻra, portlash general va uning yordamchisi uydan chiqib ketayotgan vaqtda yuz bergan. Tergovchilarning dastlabki taxminiga koʻra, portlovchi qurilma uy yaqinida turgan skuterga oʻrnatilgan boʻlishi mumkin. Portlash 200 gramm trotil ekvivalentidagi kuchga ega boʻlib, toʻlqin uyning derazalari va kirish eshigini vayron qilgan. Generalning xizmat mashinasi ham jiddiy shikastlangan.
Rossiya tergov qoʻmitasi hodisa yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatganini maʻʻlum qildi. Ayni paytda joyda tergovchilar, sud-tibbiyot ekspertlari va xavfsizlik xizmatlari ish olib bormoqda. Moskva prokuraturasi mazkur ishni nazoratga olgan.
Kirillov kim edi?
54 yoshli Igor Kirillov 2017 yildan buyon Rossiya Qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qoʻshinlariga rahbarlik qilib kelgan. U Timoshenko nomidagi Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya harbiy akademiyasini tamomlab, keyinchalik ushbu akademiyaga rahbar ham boʻlgan.
Ukraina OAV va Xavfsizlik xizmati general Kirillovni harbiy jinoyatlarda ayblagan. Ukraina tergoviga koʻra, u Rossiya-Ukraina urushi davomida kimyoviy qurollardan foydalanish buyrugʻini shaxsan bergan. Ukraina tomoni Rossiya armiyasini ushbu qurollardan 4,8 ming martadan ortiq foydalanganlikda gumon qilmoqda.
Moskvada yuz bergan portlash Rossiya armiyasidagi yuqori mansabdor shaxslar oʻlimi bilan bogʻliq muhim hodisalardan biri boʻlib, xalqaro hamjamiyat eʻʻtiborini oʻziga qaratmoqda. Voqea tafsilotlari hozircha toʻliq aniqlanmagan boʻlsa-da, bu hodisa ortidan xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilishi kutilmoqda.