03.01.2025 09:05

Misrning ham oʻz “Sednaya”si bormi?

 

 

Suriyadagi “inson qassobxonasi” deb ham atalgan Sednaya qamoqxonasi haqidagi haqiqatlar Misrda Sisi rejimi tomonidan qamoqqa olinganlarning oilalarini qiynayotgan qoʻrquvlarni ifodalaydi va ayni paytda quyidagi savollarni keltirib chiqaradi: Misrda er osti qamoqxonalari bormi? Majburan yoʻq qilingan qurbonlar qaerda? Qanchasi qiynoqqa solingan yoki tibbiy eʻʻtiborsizlikka duchor boʻlgan? Nega Misr oʻz qamoqxonalarini xalqaro tekshiruvlar uchun ochmaydi?

 

 

Suriyadagi dahshatli Sednaya qamoqxonasi Misr qamoqxonalari voqeligini, panjara ortida unutilganlarning taqdirini, Misrning amaldagi prezidenti Abdulfattoh as-Sisi hukmronligi davrida qiynoqqa solingan va oʻldirilgan qurbonlarning ahvolini yoritib berdi.

 

2013 yil iyuldagi davlat toʻntarishidan beri as-Sisining siyosiy muxoliflari, jumladan, bolalar, ayollar, bemorlar va keksalar qamoqqa olingani sababli minglab misrlik oilalar Sednaya fojiasining takrorlanishidan xavotirda. Zero ular inson huquqlari tashkilotlari tomonidan adolat va halollikning xalqaro standartlariga javob bermaydi deb baholangan sud jarayonlari ortidan qamalgan edilar.

 

"Biz Suriyaga oʻxshab qolishni istamaymiz", dedi misrlik inson huquqlari tashabbuskorlaridan biri. Bu qamoqqa olinganlarning oilalarini qiynayotgan qoʻrquvlarni ifodalaydi va ayni paytda quyidagi savollarni keltirib chiqaradi: Misrda er osti qamoqxonalari bormi? Majburan yoʻq qilingan qurbonlar qaerda? Qanchasi qiynoqqa solingan yoki tibbiy eʻʻtiborsizlikka duchor boʻlgan? Nega Misr oʻz qamoqxonalarini xalqaro tekshiruvlar uchun ochmaydi? Misrda oʻzining Sednaya qamoqxonasi bormi? Misr qamoqxonalari inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarga rioya qiladimi?

 

Tiriklar qabristonlari

 

Londonda joylashgan Human Rights Egypt nodavlat tashkiloti "Misr Sednayasi... tiriklar qabristonlari" sarlavhasi ostida mamlakatning Badr, Al-Abadiya, Al-Azouli, Burj Al-Arab, Abu Zaabal, Vadi Al-Natrun, Assiut va Yangi vodiy kabi mashhur qamoqxonalari xaritasini chizdi. U Qohira hukumatini Misrdagi siyosiy mahbuslar qamoqxonalarini boʻshatishga va ushbu qamoqxonalarda rejim muxoliflariga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni toʻxtatishga chaqirdi.

 

Misr boʻylab 78 ta asosiy qamoqxona mavjud, bundan tashqari, Milliy xavfsizlik agentligiga (sobiq Davlat xavfsizligi - ichki razvedka agentligi) tegishli yuzlab hibsxonalar va maxfiy kameralar bor. Ushbu kameralar politsiya boʻlimlari ichida yoki Misr viloyatlaridagi agentlikning shtab-kvartirasi ichida joylashgan boʻlishi mumkin.

 

Bir guvohning aytishicha, u Sharqiya viloyatida (Nil delʻtasi) er osti qamoqxonasi qurilishi ustida ishlagan, ammo shaxsini oshkor qilishdan qoʻrqib, qoʻshimcha tafsilotlarni berishdan bosh tortgan.

 

Arab Inson huquqlari boʻyicha axborot tarmogʻi (ANHRI) 2021 yilda Misrda siyosiy mahbuslar sonini 65 000 atrofida deb baholadi. Misrning Inson huquqlari boʻyicha fronti nodavlat tashkilotining maʻʻlumotlariga koʻra, siyosiy mahbuslar bir qator huquqbuzarliklarga duchor boʻlmoqda, xususan, intizomiy xonalarda yakka holda qamoqda saqlash; kaltaklash yoki "tashrifa" (yangi mahbuslarni tayoq va kaltak bilan qarshi olish marosimi); suv va elektr energiyasini uzib qoʻyish; oziq-ovqat, dori-darmon, tashrif va jismoniy harakatdan mahrum qilish; kechalari uxlashlariga yoʻl qoʻymaslik uchun yorugʻ fonarlardan foydalanish; uzluksiz nazorat qilish; qamoq davrini uzaytirish va ishlarni qayta koʻrib chiqish, yaʻʻni dastlabki qamoq muddati tugaganidan keyin ham qamoqda saqlashni davom ettirish. Dorga osish va elektr tokini urdirish kabi huquqbuzarliklar ham davom etayotgan boʻlishi mumkin.

 

Shuningdek, keksalar va bemorlar ham panjara ortida saqlanmoqda, xususan, "Musulmon birodarlar"ning oliy rahbari Muhammad Badi (81 yoshda), uning oʻrinbosari Rashad Al-Bayumi (89), prezidentlikka sobiq nomzod Abdel Moneym Abul Fotuh (73), diplomat Muhammad Rifaa Al-Tahtaviy (75), Xalq Assambleyasining sobiq spikeri Muhammad Saad Al-Katatniy (72), taniqli imom Hazim Abu Ismoil (63), inson huquqlari faoli Hoda Abdel Moneym (64) va iqtisodchi Abdel Xalaq Faruq (67).

 

Misrliklarning maʻʻlum qilishlaricha, 2023 yil sentyabridan 2024 yil avgustigacha qamoqxonalarda qasddan oʻldirilganlar 1720 nafarga etgan, 2013 yildan beri esa ular soni 18 439 nafarni tashkil etgan. Londondagi “Al-Shihab” Inson huquqlari markazi maʻʻlumotlariga koʻra, ulardan 65 nafari suddan tashqari oʻldirilgan.

 

Qasddan oʻldirilganlardan tashqari, Jenevada joylashgan Adliya qoʻmitasi 2020 yil yanvaridan 2024 yil iyungacha Misr qamoqxonalarida 296 ta oʻlim holatini qayd etib, bu maʻʻlumotlarni BMTning Universal davriy koʻrib chiqish (UPR) qoʻmitasiga hisobot shaklida taqdim etdi. Ichki ishlar vazirligi bayonotlarida odatda hibsga olinganlar yoki mahbuslar yurak xurujidan yoki qon bosimining keskin tushishi natijasida vafot etgani taʻʻkidlanib, "Musulmon birodarlar"ni (hokimiyat tomonidan "terrorchi" tashkilot sifatida eʻʻtirof etilgan) yolgʻon tarqatishda ayblaydi.

 

Targʻibot safarlari

 

Qohira hukumati shu oyda Misr Vakillar palatasi va Senati aʻʻzolari, shuningdek BMT va Inson huquqlari boʻyicha Afrika komissiyasi vakillaridan iborat delegatsiya uchun Qohira shimoli-sharqidagi Badr axloq tuzatish va reabilitatsiya markazlari majmuasida mahkumlarga koʻrsatiladigan tibbiy va taʻʻlim xizmatlarini oʻrganish maqsadida sayohat uyushtirdi.

 

Inson huquqlari tashkilotlari bu tashriflarning jiddiyligiga shubha bildirmoqda, chunki tashrif buyuruvchilarning siyosiy sabablar bilan "terrorchi guruhga qoʻshilish, milliy xavfsizlikka zarar etkazish, jamoat tinchligini buzish, yolgʻon xabarlar tarqatish va ijtimoiy tarmoqlardan notoʻgʻri foydalanish" kabi ayblovlar asosida 11 yildan ortiq qamoqda saqlanayotgan muxolifat rahbarlari bilan uchrashishiga yoʻl qoʻyilmayapti.

 

Oʻtgan yili inson huquqlari boʻyicha manbalar Badr-3 qamoqxonasida oʻnlab mahbuslar yomon sharoitlar, yaqinlari tashrifining taqiqlanishi va qamoqxonadan tashqaridan ovqat olishga ruxsat berilmagani sababli oʻz joniga qasd qilishga uringanini xabar qildi. Bu haqda bir qator mahbuslarning oilalari hukumatning Inson huquqlari boʻyicha milliy kengashiga shikoyat bilan murojaat qilishdi.

 

Joriy yilning boshida oʻnta inson huquqlari tashkiloti Badr reabilitatsiya va islohotlar markazi ichidagi sharoitlar yomonlashayotganidan chuqur xavotirda ekanliklarini bildirdilar. Ular davom etayotgan qonunbuzarliklar Misr hukumatining majmua mamlakatda qamoqxona sharoitlarini yaxshilash namunasi ekanligi haqidagi daʻʻvolarini yana bir bor rad etishini taʻʻkidladilar. Nodavlat notijorat tashkilotlarining bildirishicha, qamoqxona maʻʻmurlari mutlaqo jazosiz harakat qilmoqda hamda yuzlab mahbuslarning sogʻligʻi va hayotiga xavf soluvchi amaliyotlarini davom ettirmoqda. Bayonnomani imzolagan tashkilotlar quyidagilar edi: Yaqin Sharq Demokratiya Markazi (MEDC); HuMena inson huquqlari va fuqarolik faolligi uchun tashkiloti; Huquq va demokratiyani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (LDSF); Inson huquqlari boʻyicha Misr fronti; El Nadeem zoʻravonlik va qiynoqlarga qarshi markaz; Misrdagi qochoqlar platformasi (RPE); Misr inson huquqlari forumi (EHRF); Inson huquqlari boʻyicha Sinay fondi; Qohira inson huquqlari tadqiqotlari instituti (CIHRS); va Shaxsiy huquqlar boʻyicha Misr tashabbusi.

 

Tinch norozilik

 

Siyosiy tadqiqotchi Amr al-Masriyning aytishicha, Arab bahori mintaqadagi zolim hukmdorlarning koʻplab qamoqxonalarini buzib tashlagan va ijtimoiy tarmoqlar ularning baʻʻzilarini yoritib bergan. "Arab dunyosida Sednayaga teng keladigani topilmasligi mumkin, lekin ehtiyot boʻlish kerak", dedi u.

 

2021 yil sentyabrʻ oyida Al-Sisi "mahbuslarga tirikchilik, tibbiy va gumanitar yordam koʻrsatish hamda mahbuslarga insonparvar munosabatda boʻlish" maqsadida Misrda ochiladigan etti yoki sakkizta qamoqxona majmuasidan biri boʻlgan Vadi Al-Natrunda eng yirik yangi qamoqxona majmuasining ochilishini eʻʻlon qildi. "Qamoqxonalar sektori" atamasi "jamoatni himoya qilish sektori"ga oʻzgartirildi va "mahbuslar" endi "qamaldagilar" deb atala boshlandi. Bu esa yangi qamoqxonalar ochilishi munosabati bilan davlat tomonidan nishonlanayotgan tadbirlarni masxara qilishga sabab boʻldi.

 

Britaniyaning Manchester shahrida yashovchi Misr muxolifati aʻʻzolari bir necha kun avval Al-Sisi qamoqxonalariga eʻʻtibor qaratishga harakat qilib, Misr prezidentini agʻdarilgan suriyalik hamkasbi bilan taqqosladilar. Ularning daʻʻvo qilishlaricha, Sisi Misrni katta qamoqxonaga aylantirgan. Namoyishchilarning shiorlari orasida "Sisi Bashardir... doimo erkin odamlarni qamoqqa oladi" degan soʻzlar ham bor edi. Namoyishchilar xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga Misr qamoqxonalarini tekshirishga ruxsat berilishini, siyosiy muxoliflarga nisbatan qiynoqlar va huquqbuzarliklar uchun masʻʻul shaxslar javobgarlikka tortilishini talab qilishdi.

 

Inson huquqlari faoli Haisam Goneim qasddan yoʻq qilinganlarning maʻʻlumotlarini hujjatlashtirish uchun Facebook'da kampaniya boshlab, ularning oilalarini "yoʻqolgan mahbusning soʻnggi fotosurati, toʻliq ismi, tugʻilgan sanasi, majburan yoʻqotilgan sanasi, hibsga olingan yoki yoʻqolgan joyi, oxirgi maʻʻlum boʻlgan qamoq joyi va boshqa foydali maʻʻlumotlarni" joylashtirishga chaqirdi. Oilalar tashabbusga qoʻshilib, aksariyati yosh boʻlgan qarindoshlari haqidagi fotosuratlarni, maʻʻlumotlarni va ularning gʻoyib boʻlish holatlarini eʻʻlon qildilar. 

Jumladan, sobiq parlament aʻʻzosi Mustafo Al-Najjarning taqdiri 2018 yilda gʻoyib boʻlganidan beri nomaʻʻlumligicha qolmoqda. Xuddi shuningdek, 2013 yil avgust oyida Rabaa va Nahda norozilik namoyishlari katta zoʻravonlik bilan tarqatilganda qoʻlga olingan faollar va siyosiy muxoliflarning taqdiri ham nomaʻʻlum. Ularning barchasi marhum prezident Muhammad Mursining tarafdorlari edi. 

Ismini oshkor etmaslikni soʻragan inson huquqlari boʻyicha manba Misr qamoqxonalarini inson huquqlari va xalqaro tekshiruvlardan oʻtkazish, mustaqil inson huquqlari tashkilotlariga Milliy xavfsizlik agentligi qarorgohini tekshirish imkonini berish, sud oldidan qamoqda saqlanayotganlar masalasini hal qilish, dom-daraksiz yoʻqolganlar taqdiriga aniqlik kiritish va barcha siyosiy mahbuslarni darhol ozod qilish zarurligini taʻʻkidladi. 

Misrliklar oʻz yurtlarida ham Sednaya fojiasi takrorlanishidan xavotirda. Ularning xavotirlari jiddiy boʻlib, Qohira rejimi oʻz obroʻsini oshirish va Bashar Asadning taqdiridan qochish uchun odamlarga ishonch beruvchi va ijobiy qadamlar qoʻyishi gʻoyat zarur.

Mavzuga aloqador