Misr Janubiy Koreyaning “FA-50” qiruvchilarini xarid qilishga tayyorlanmoqda
“Army Recognition” xabar berishicha, Misr harbiy-havo kuchlari aviaparkini yangilash doirasida Janubiy Koreyaning “FA-50 Fighting Eagle” engil qiruvchi samolyotlaridan 36 tasini xarid qilish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda.
“Kelajakda bu koʻrsatkich 70 tagacha oshirilishi mumkin, bu esa “Alpha Jet va K-8E” samolyotlarining bir qismini almashtirishga yordam beradi”, deyiladi xabar matnida.
Bundan tashqari, “FA-50” samolyotlarini Arab Organization for Industrialization (AOI) bazasida Korea Aerospace Industries (KAI) koʻmagida mahalliy ishlab chiqarish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Nashrga koʻra, bu loyiha Qohiraga ilgʻor texnologiyalarga ega boʻlish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Maъlumot oʻrnida, “FA-50 Block 20” modeli AESA radari, havoda yonilgʻi quyish tizimi va “Link-16” maъlumot almashish tizimi bilan jihozlangan.