11.10.2024 10:41

«Milton» toʻfoni: 16 kishi halok boʻldi, 3 million uy elektrsiz qoldi

Payshanbaga oʻtar kechasi AQShning Florida shtatining gʻarbiy qirgʻoqlariga urilgan «Milton» toʻfoni oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilar ekan, qurbonlar soni ham ortmoqda. Shu vaqtga qadar 16 kishining halok boʻlgani aniqlandi. Kuchli shamol, yogʻingarchilik va tornado etkazgan zarar miqdori hisoblanmoqda.

Payshanbaga oʻtar kechasi AQShning Florida shtatining gʻarbiy qirgʻoqlariga urilgan «Milton» toʻfoni tezligi 70 m/s gacha kuchaygan shamol, shiddatli yogʻingarchilik va suv toshqinlari, shuningdek, kuchli tornadolarni olib keldi. Qutqaruvchilar tobora suv bosgan va vayron boʻlgan joylarni oʻrganishni boshlagani sayin, qurbonlar soni tobora ortib bormoqda.

CBS telekompaniyasi payshanba kuni kechqurun Florida huquq-tartibot departamentiga tayanib, qurbonlar soni 16 kishiga etganini xabar qildi.

Bundan bir necha soat oldin turli manbalar oʻlimlar soni boʻyicha turli xil maʻʻlumotlarni tarqatishgandi: 10 dan 12 gacha.

Jumladan, Sent-Lyusiya okrugidagi oromgohda besh kishi halok boʻldi. Sankt-Peterburg shahri hokimiyati ikki kishining oʻlimi haqida xabar berdi. Qutqaruvchilar qoʻshni tumanda oʻz uyi vayronalari ostidan yana bir odamni topishdi.

Florida gubernatori Ron DeSantis tushdan keyin boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida halok boʻlganlar haqidagi maʻʻlumotlar dastlabki ekanligini va rasmiylarda tabiiy ofat qurboni boʻlgan barcha shtat aholisining umumiy roʻyxati hozircha yoʻqligini taʻʻkidladi.

Etkazilgan zarar miqdori haqida hozircha aniq hisob-kitoblar yoʻq, garchi bu katta boʻlishi allaqachon maʻʻlum boʻlsa-da. Zero, dovul yoʻlidagi turar-joy binolari, cherkovlar, savdo va ofis binolari katta zarar koʻrdi.

Sankt-Peterburgda kuchli shamol mahalliy Oliy beysbol ligasi stadionining tomini qoʻporib tashladi, mahalliy gazeta joylashgan bino ustiga qurilish krani qulab tushgan.

Son-sanoqsiz uzilgan elektr uzatish liniyalari tufayli Florida shtatidagi 3 millionga yaqin binolar hali ham elektr energiyasidan mahrum, baʻʻzi jamoalar hamon suvsiz qolmoqda.

Floridaning gʻarbiy sohilidagi Sankt-Peterburgda 250 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, ularda suv taʻʻminoti butkul yoʻq.