20.12.2024 09:10

Marokashda Liviya birligini tiklash muzokaralari boshlandi



Marokashning Buuznika shahrida Gʻarbiy va Sharqiy Liviya qonun chiqaruvchi organlari vakillari oʻrtasida muzokaralar boshlandi. Bu uchrashuv Liviyada 2014 yildan beri davom etib kelayotgan siyosiy boʻlinishga chek qoʻyish va mamlakatni birlashtirish maqsadida oʻtkazilmoqda, deb xabar berdi Reyters agentligi.

Muammar Qaddafiy rejimi agʻdarilgandan keyin Liviya ikkiga boʻlingan. Tripolida Milliy kelishuv hukumati (MKH) joylashgan boʻlib, unga bosh vazir Abdel Hamid Dbeyba rahbarlik qiladi. 

Bingʻozi va neft konlari esa marshal Xalifa Xaftar boshchiligidagi kuchlar nazorati ostida qolmoqda.

Mamlakatdagi siyosiy boʻlinish va ikki hukumat oʻrtasidagi ixtiloflar Liviyadagi davlat institutlari ishini falaj qilgan. Hukumatlar oʻrtasida neft eksportidan tushadigan daromadlarni boshqarish kabi masalalarda kelishmovchiliklar davom etmoqda.

Marokash tashqi ishlar vaziri Nosir Bourita uchrashuv qatnashchilarini Liviya birligini saqlab qolish va “adolatli saylovlar” oʻtkazish uchun hamkorlikka chaqirdi. Uning taʻʻkidlashicha, xalqaro konferentsiyalar ichki muloqotni toʻliq oʻrniga qoʻya olmaydi.

Buuznikadagi muzokaralar Liviyada yangi siyosiy kelishuvga erishish va saylovlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish maqsadini koʻzlamoqda.

Liviyada 2021 yil dekabrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan saylovlar bekor qilinganidan beri siyosiy inqiroz yanada chuqurlashgan. Ikki hukumatning kelisha olmasligi nafaqat mamlakatning siyosiy birligini, balki uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligini ham xavf ostiga qoʻymoqda.

Liviya birligini tiklashga qaratilgan ushbu muzokaralar mamlakatda tinchlik va barqarorlikni taʻʻminlash uchun muhim qadam boʻlishi mumkin. Biroq ichki siyosiy ixtiloflar va tashqi kuchlar taʻʻsiri bu jarayonni qiyinlashtirmoqda.

Xalqaro hamjamiyat, jumladan, Marokash, Liviyada birlashuv jarayoniga koʻmaklashishga tayyorligini bildirmoqda. Ammo mamlakat ichidagi kelishmovchiliklarni hal qilish asosiy ahamiyat kasb etadi.