24.12.2024 16:30
795

Kelgusi yilda Sisi rejimi ostidagi Misrni nimalar kutmoqda?



Yil oxirlab borar ekan, aholi soni boʻyicha arab mamlakatlari ichida birinchi oʻrinda turuvchi, ammo ichki qonuniyligini butunlay yoʻqotgan, siyosiy tizimi esa asta-sekin chirib borayotgan Misr faqatgina Gʻarb va Koʻrfaz arab davlatlarining uzluksiz moliyaviy yordami bilan yashab qolayotgan ulkan harakatsiz kuchga aylandi. Hozirda mazkur davlatlar Misr rejimi qulagudek boʻlsa, uning oqibatlari ogʻir boʻlishidan qattiq xavotir bildirmoqda..

2024 yil mamlakatda 70 yoshli Abdulfattoh as-Sisining prezidentlik muddatini 2030 yilgacha uzaytirishi bilan boshlandi. Bu uzaytirish boshidanoq natijasi maʻʻlum boʻlgan saylov tsirkidan soʻng amalga oshirildi. Uning yagona jiddiy raqibi, sobiq parlament aʻʻzosi Ahmad Tantaviy tez orada qamoqqa tashlandi.

Misr maxfiy politsiyasi - Ichki Xavfsizlik xizmati - yil davomida onlayn va oflayn norozilik bildirish shakllarini nishonga olishni davom ettirdi. Fuqarolarni soxta ishlar labirintida ushlab turdi. Huquq himoyachilari bu labirintni "aylanma" jarayon deb atashgan. 

Qamoqxona sharoitlari hamon ayanchli, mahbuslar qiynoq va shafqatsiz munosabatlarga qarshi bir necha bor ochlik eʻʻlon qildilar. Bu yil Ichki ishlar vazirligi qamoqxonalari, Ichki xavfsizlik boʻlinmalari va politsiya uchastkalarida 50 dan ortiq mahbus vafot etdi.

Ommaviy axborot vositalarida prezident yoki rejim amaldorlarini tanqid qilish aslo mumkin emas. Koʻplab ommaviy axborot vositalari rasman Bosh razvedka xizmati (GIC) tomonidan tashkil etilgan bitta kompaniyaga tegishli va uning tomonidan toʻliq boshqariladi.

Bir nechta mustaqil onlayn yangilik saytlari qattiq nazorat ostida ishlaydi, ular doimiy tsenzuraga uchraydi, OAV litsenziyalari berilmaydi va muttasil taʻʻqib ostida. Misr Jurnalistlar kasaba uyushmasi maʻʻlumotlariga koʻra, ushbu maqola yozilayotgan paytda kamida 24 nafar jurnalist va OAV xodimi qamoqda saqlanmoqda.

2023 yil oktyabrʻ oyida Gʻazo urushi boshlanishi bilan kamdan-kam kuzatilgan koʻcha norozilik harakatlari tezda xavfsizlik xizmatlari tomonidan bostirildi va koʻchalarning tinchligini taʻʻminladi. Oʻshanda Falastin xalqi bilan tinch birdamlik harakatlarida qatnashgani uchun qoʻlga olingan 100 dan ortiq kishi hamon qamoqlarda saqlanmoqda. 

Suriya Misrga yoʻl koʻrsata oladimi? 

Uyushgan koʻcha noroziligi taʻʻqib ostida qolgan boʻlsa-da, bu voqealarga siyosiy aloqasi boʻlmagan fuqarolarning ham ijtimoiy noroziliklari tobora tez sodir boʻla boshladi. Xususan, ish haqi va mehnat sharoitlari boʻyicha sanoat harakatlari, shuningdek, uy-joy, koʻchirish va yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha norozilik namoyishlari surʻʻati oshib bordi. 

2013 yilgi davlat toʻntarishidan beri rejim Misrning zamonaviy tarixidagi eng yirik vayronagarchilik kampaniyalaridan birini boshladi. Bu kampaniya harbiylar tomonidan shaharlarni qayta qurish rejasining bir qismi edi. Meʻʻmor Omniya Xalilning hisob-kitoblariga koʻra, faqatgina Giza va Qohira aholisining taxminan 10 foizi 2013 yildan beri koʻchirilgan.

Koʻchirish harakatlari Jemima, Port-Said, Varrak va boshqa joylarda harbiylar va politsiya bilan toʻqnashuvlarga aylanib ketdi. Kelgusi yilda kuchayish ehtimoli borligi sababli bu norozilik namoyishlarini kuzatib borish lozim.

Shu oyning boshida misrliklar Bashar Asadning shafqatsiz sulola diktaturasi qulaganini zavq bilan kuzatishdi. Biroq bu voqeaning Sisi diktaturasi ostida yashayotgan millionlab odamlar hayotiga qanday taʻʻsir qilishi hali nomaʻʻlum.

Misrlik muxolifatning yoʻq qilinishi va norozilik belgisi yoki ishorasiga qarshi deyarli har kuni davlat terrori amalga oshirilishi sababli 2011 yildagi domino effektining takrorlanishi ehtimoldan yiroq - hech boʻlmaganda yaqin kelajakda.

Albatta, Misrda Suriya voqealarini kuzatib, Sisini agʻdarishning yagona yoʻli qurolli qoʻzgʻolon boʻlishi mumkinligi haqida oʻylayotganlar bor, xuddi Suriya qoʻzgʻolonchilari singari. Shubhasiz, isyonchilarning gʻalabasi Misr va boshqa joylarda siyosiy islomni kuchaytiradi.

Sisi ham Suriyadagi voqealardan xavotirda. Asad agʻdarilganidan taxminan bir hafta oʻtgach, u yangi maʻʻmuriy poytaxtdagi Mudofaa vazirligining strategik qoʻmondonlik shtab-kvartirasida harbiy qoʻmondonlar, yuqori martabali politsiya amaldorlari, Umumiy razvedka xizmati boshligʻi, bosh vazir va hukumatning boshqa bir qancha yuqori lavozimli amaldorlari bilan Suriya va Gʻazodagi mintaqaviy urushlarning taʻʻsirini muhokama qilish uchun uchrashdi.

Oʻsha kuni u oʻz matbuot vakillari bilan suhbatlashib, xalqni birlashishga va Misr davlatini himoya qilishga chaqirdi. "Xudoga shukurki, men hech qachon ushbu ikki narsaga qoʻl urmaganman: Men hech kimning qonini ichmaganman va hech kimning pulini olmaganman".

Harbiy biznes

Xalqaro donorlar va baʻʻzan taniqli misrlik ishbilarmonlarning armiyani fuqarolik iqtisodiyotidan chetlashtirish uchun rejimga bosim oʻtkazishiga qaramay, harbiylar oʻz nazoratini kengaytirishda davom etmoqda. Ular erkin bozor kuchlarini oʻz foydasiga boshqarib, oʻz taʻʻsiridan mahalliy va global kapital bilan hamkorlik oʻrnatish uchun foydalanmoqda.

2024 yilda Sisi harbiy korporatsiyalarni xususiylashtirish yoki ularning taʻʻsirini cheklash haqidagi chaqiriqlardan yiroqlashishda davom etdi. Aksincha, ularga koʻproq monopoliya va kattaroq ulush berildi.

Shu oyning boshida bosh vazir Mostafo Madbuli Misr birjasida harbiylarga tegishli bir nechta kompaniyalarni roʻyxatdan oʻtkazish rejalarini eʻʻlon qildi. Biroq bunday bayonotlar ilgari ham berilgan.

Sisi 2022 yil noyabrʻ oyida ikkita harbiy firma - neftʻ kompaniyasi va qadoqlangan suv ishlab chiqaruvchi - birjada roʻyxatdan oʻtkazilishini eʻʻlon qilgan edi. Bir necha oydan soʻng Madbuli yana 10 ta armiya kompaniyasi fond bozorida taklif etilishini maʻʻlum qildi. Bugungi kunga qadar birorta ham harbiy firma xususiylashtirilmagan.

Rejimning yillar davomida bu firmalarni sotishni kechiktirishining sababi bor. Hozirgi vaqtda Sisining sodiq saylovchilari faqat ofitserlar korpusi bilan chegaralangan.

Uning Misrdagi barcha ijtimoiy qatlamlar, shu jumladan yirik kapital vakillari orasidagi obroʻsi eng past darajaga tushgan. Bunday notinch davrda harbiylarni gʻazablantirish yoki ularning iqtisodiy imtiyozlariga putur etkazish halokatli oqibatlarga olib kelishi turgan gap. Xoʻsh, rejim armiya korxonalarini xususiylashtirishga kirishyaptimi yoki kelgusida kirishadimi? 

Madbulining soʻzlariga koʻra, firmalarning bir qismi toʻgʻridan-toʻgʻri "strategik investor"ga sotiladi, ammo bu investorlarning kimligi yoki sotiladigan aktsiyalar foizi haqida aniq maʻʻlumot berilmagan. Shuningdek, firmalar toʻliq xususiylashtirilmaydi, balki fond bozorida maʻʻlum foiz taklif etiladi. Yana bu foiz qancha ekani nomaʻʻlum.

2025 yilda kuzatilishi mumkin boʻlgan baʻʻzi stsenariylar aktsiyalarning harbiylar uchun niqob vazifasini bajaradigan fuqaro-investorlarga yoki harbiylar qisman yoxud toʻliq egalik qiladigan kompaniyalarga sotilishini oʻz ichiga oladi. Misol uchun, armiyaning Milliy xizmat loyihalari tashkiloti (NSPTO) “Taqa Arabia” kompaniyasida 20 foizlik ulushga ega boʻlib, u roʻyxatga kiritilishi kutilayotgan toʻrtta firmadan biri boʻlgan Vataniya uchun potentsial xaridor sifatida qaralmoqda.

Agar Sisi bir qoʻli bilan armiyadan biror narsani tortib olsa, ikkinchi qoʻli bilan uning oʻrnini toʻldiradi. Bu boshqa sohalarda koʻproq imtiyozlar berish, erlar ajratish va hokazolar koʻrinishida boʻlishi mumkin. Masalan, "Silo Foods" kompaniyasini xususiylashtirishni rejalashtirish bilan bir vaqtda, Misr harbiy-havo kuchlari (EAF) amalda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish sektorini boshqarmoqda va yaqinda don importi boʻyicha monopoliyaga ega boʻldi.

Gegemonlik inqirozi

2023 yilning yozida Sisi hukumat iqtisodiy faoliyati uchun soliq imtiyozlarini bekor qiluvchi qonunni imzoladi. Ammo armiya biznes korxonalari uchun soliq imtiyozlari saqlanib qoldi, chunki yangi qonunda "milliy xavfsizlik" bilan bogʻliq iqtisodiy faoliyat uchun istisno kiritilgan boʻlib, buni harbiylar bilan bogʻliq narsa sifatida talqin qilish mumkin.

Kelgusi yilda rejim harbiy-iqtisodiy kompleksni isloh qilish chaqiriqlaridan qochishda davom etishi ehtimolga yaqin. U, ehtimol, armiyaga tegishli boshqa kompaniyalar va tadbirkorlar orqali sotib olish uchun harbiy firmalarni fond bozorida chiqarish yoki bir sektordagi harbiy korporatsiyalarning imtiyozlarini cheklash, boshqa sektorda esa ularni qoplash kabi usullarga murojaat qiladi.

Shu bilan birga, bu oyda jinoiy kontrabandachilikdan militsioner va davlat homiyligidagi tadbirkorga aylangan Ibrohim al-Organi siyosiy partiya tuzmoqchi ekani haqida xabar tarqaldi. Hali rasmiy xabar eʻʻlon qilinmagan. Ammo loyiha amalga oshsa, taklif etilayotgan partiya 2025 yildagi parlament va senat saylovlarida ishtirok etadi. (Taʻʻkidlayman, "agar", chunki Organi buni ochiq tasdiqlagan emas va loyiha oxir-oqibat bekor qilinishi mumkin.)

Biroq biz bunday rejalar nima uchun oʻrtaga tashlanayotganini soʻrashimiz kerak.

Bu Organining shaxsiy intilishlari tufayli emas. U davlat agenti boʻlib, agar rejim uni foydasiz yoki zararli deb hisoblasa, istalgan paytda osongina almashtirilishi mumkin.

Aksincha, bu rejimning hukmronlik inqirozi tufaylidir.

Sisi oʻtmishdoshlaridan farqli oʻlaroq, faqat majburlash orqali boshqarmoqda va rejim hamda davlatning barqarorligi uchun muhim boʻlgan maʻʻlum darajadagi rozilikni yaratadigan fuqarolik jamiyati va siyosiy institutlarni yoʻq qildi.

Siyosiy sahro

Sisiga sobiq prezident Husni Muborakning Milliy demokratik partiyasi (MDP) kabi narsa juda zarur. Ammo shu paytgacha u buni takror yarata olmadi, jumladan, "Millat kelajagi" partiyasi orqali ham. Bu partiyaning Sisini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ommaviy tadbirlari aksincha, rejimga qarshi norozilik namoyishlariga aylanib ketmoqda. Kasaba uyushmalaridagi ovozlarni soxtalashtirishga urinishlar yo muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda, yo ochiq zoʻravonlikka aylanib, rejim bartaraf etishga majbur boʻladigan janjallarni keltirib chiqarmoqda.

Organi taklif qilayotgan siyosiy partiya haqidagi xabar siyosiy maydoni butunlay sahroga aylangan mamlakatda "siyosat yaratish"ning soʻnggi urinishidir.

Tashqi qarzga toʻliq tayanish ichki oqibatlarga, Misrda sinfiy tafovutning kengayishiga va ijtimoiy tanazzulga, shuningdek, Qohiraning mintaqaviy taʻʻsiri va yumshoq kuchining pasayishiga olib keldi.

Oldingi rejimlar davrida faol mintaqaviy hukmron boʻlgan Misrni Sisi boshqaruvi ostida olingan xorijiy qarzlar, grantlar va mintaqaviy hamda xalqaro donorlarning doimiy yordamiga muhtoj mamlakatga aylantirdi. Bu donorlar Misr "barbod boʻlishi mumkin emas" deb hisoblashadi va Yaqin Sharqda yanada katta beqarorlik kelib chiqishini istashmaydi.

Xullas, Sisi Misrning anʻʻanaviy taʻʻsir doiralaridagi voqealar oqimi va yoʻnalishini boshqara olmadi. Buning oʻrniga u yo diplomatik magʻlubiyatlarga uchradi yoki oʻz harbiylarining koʻz oʻngida sharqiy chegarasida davom etayotgan genotsidga sharmandalarcha sherik boʻldi.

Kelgusi yilda Misr geografik yaqinligi tufayli Isroil-Falastin mojarosida oʻz ahamiyatini saqlab qoladi, chunki u Gʻazoning tashqi dunyoga yagona chiqish yoʻli - Rafah oʻtish punktini nazorat qiladi.

Isroilni oʻz chegarasi boʻylab Filadelʻfiya yoʻlagidan chiqarishga majburlay olmasa-da, Qohira AQShdagi Tramp maʻʻmuriyatiga oʻz qiymatini koʻrsatish uchun zaifroq tomon - falastinliklarga yon berish va kelishuvlarga borishga undashni davom ettiradi.

Hossam al-Hamalavi, jurnalist, tahlilchi