Isroil armiyasi “Gʻazodagi ishgʻolini doimiy qilish” rejasini amalga oshirishni boshladi
17 may kuni Isroil armiyasi xavfsizlik kabinetining tasdigʻi bilan “Gʻazodagi ishgʻolini kengaytirish va doimiy qilish” rejasini amalga oshirishga kirishganini eъlon qildi.
Armiya bayonotida aytilganiga koʻra, qoʻshinlar harakatga keltirilgan va kuni davomida Gʻazoning strategik hududlariga nisbatan keng qamrovli hujumlar boshlangan. Bu operatsiya “Gideonning jangovar aravalari” deb nomlanib, 2023 yil 7 oktyabrdan beri davom etayotgan urushda Hamasni tor-mor qilish va isroillik asirlarni ozod etish maqsadlariga etisha olmagan Isroil hukumati tomonidan yangi bosqich sifatida boshlangan.
The Times of Israel nashri yozishicha, bu hujumlar Isroil tomonidan Gʻazoni doimiy ishgʻol qilish va falastinliklarni uning janubiga majburiy koʻchirish maqsadini koʻzlamoqda.
Hujumlar AQSh prezidenti Donalьd Trampning Yaqin Sharq turi davomida yanada kuchaytirildi. Isroil havo zarbalari natijasida koʻplab maktab, shifoxona, fuqarolik infratuzilmalari hamda koʻchirilgan falastinliklarning chodirlari yoʻq qilingan. Faqat kechagina amalga oshirilgan hujumlarda 113 nafar falastinlik halok boʻlgani maъlum qilindi.
Isroil xavfsizlik kabineti 4 may kuni “Gʻazodagi ishgʻolni doimiy qilish” maqsadida tayyorlangan rejani tasdiqlagan edi. Ushbu reja uch bosqichdan iborat boʻlib, agar Trampning Yaqin Sharq safari yakuniga qadar otishmalarni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishilmasa, ikkinchi bosqichga — hujumlarni kuchaytirish va falastinliklarni janubga surishga oʻtiladi. Shuningdek, Isroil qoʻshinlari bu safar egallangan hududlardan chekinishni rejalashtirmayapti va bu erlarda ishgʻolni saqlab qolishni maqsad qilgan.