04.06.2024 11:34
“Hizbulloh”ning Isroil shimoliga hujumi yongʻinlarga sabab boʻldi
“Hizbulloh”ning Isroil shimoliga amalga oshirayotgan “qasos zarbalari” kuchli oʻrmon yongʻinlarini keltirib chiqardi. Isroil yongʻinlarga qarshi kurashishga kuchi etmay, qoʻshni davlatlardan yordam soʻragani aytilmoqda. Koʻplab aholi punktlari sokinlari vaqtinchalik koʻchirilgan.
Livandagi “Hizbulloh” harakatining Isroil shimoliga amalga oshirayotgan “qasos zarbalari” kuchli oʻrmon yongʻinlarini keltirib chiqardi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarda yongʻin Isroil aholi punktlariga juda yaqin kelganini koʻrish mumkin.
Isroilning mavjud kuchlari ushbu yongʻinlarga qarshi kurashishga dosh bera olmagani sababli qoʻshni davlatlardan yordam soʻragani aytilmoqda. Koʻplab aholi punktlari sokinlari vaqtinchalik koʻchirilgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan haftada «Hizbulloh» jangarilari Isroilning 90 million dollarlik radar stantsiyasini yoʻq qilgani xabar qilingan edi. Qayd etilishicha, ballistik raketalarni bloklashda Isroil mudofaa tizimining muhim qismi boʻlgan EL/M-2080 Green Pine radarlari zarar koʻrgan. Shuningdek, Isroilning Rafael mudofaa kompaniyasi zavodiga zarbalar berilgani aytildi.