14.06.2024 16:18

Haj 2024: Mino vodiysida 2 million ziyoratchilar yig’ildi

Bugun, Zulhijja oyining sakkizinchi – Tarviya kunida koʻplab ziyoratchilar haj ibodatining asosiy amallarini bajarish uchun Mino vodiysiga yoʻl oldi. Bu haqda "IslamNews" xabar berdi.

Qayd etilishicha, odamlarni tashish uchun 12 000 ga yaqin avtobus ajratilgan. Ziyoratchilar shanba – hajning ikkinchi kuni Arafat togʻiga yigʻilishadi. Arafatda duolar ijobat boʻlishi taʻʻkidlangani uchun unda "Rahmat togʻi"ga yuzlanib Alloh Taologa yolborish, tavba-tazarrular qilish, rahmat-magʻfirat soʻrash sunnat amallardandir.

Shu bois ham ziyoratchilar hajning eng yuqori nuqtasi boʻlgan Arafat togʻida turishga tayyorgarlik koʻrishayotganda oʻzlarini imon va taqvodorlik bilan toʻyintiradilar. Shu kuni ular ibodatga shoʻngʻiydi.

Makka va Muzdalifa oʻrtasida joylashgan Mino vodiysi musulmonlar uchun muhim ahamiyatga ega joy hisoblanadi. Tarixchilarning fikricha, vodiy nomi arabcha "amna" soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, "qon toʻkish" maʻʻnosini anglatadi. Mutaxassislar buni vodiyda qurbonlik qilingan hayvonlarning koʻpligi bilan ham izohlashadi. Bundan tashqari, Minoda Ibrohim paygʻambar iblisga tosh otgan. Minodagi Jamarotga yaqin katta masjid – Masjidul Xayfda Muhammad (s.a.v.) paygʻambarimiz oʻzlarining xayrlashuv vaʻʻzlarini oʻqiganlar.

Ayni paytda Saudiya Arabistoni ziyoratchilarni qabul qilish uchun keng koʻlamli chora-tadbirlarni koʻrgani aytilmoqda. Jumladan, shifoxonalar, koʻp qavatli turar-joy binolari va ziyoratchilarni muqaddas joylar oʻrtasida tez olib oʻtadigan temir yoʻl liniyasi xizmatga shay holga keltirilgan. Bu yil jami 2 millionga yaqin ziyoratchi haj safariga yoʻl olgan.

Maʻʻlumot uchun, Joriy yilda tarviya kuni 14 iyunga, arafa 15 iyunga va qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyunga toʻgʻri keladi. Tarviya kuni roʻza tutish juda fazilatlidir. Tarviya deyilishiga sabab oʻsha kuni hojilar Zamzam suvidan qonib-qonib ichishlaridir. Tarviya tafakkur maʻʻnosida ham qoʻllaniladi. Zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim (alayhissalom) tushlarida oʻgʻillari Ismoilni (alayhissalom) qurbonlik qilayotganlarini koʻradilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy, deya oʻsha kunni tafakkur bilan oʻychan holda oʻtkazadilar. Shunga koʻra, bu kunga Tarviya (tafakkur) deyiladi. Arafa kechasi “Senga buyurilgan narsani ado et!” amri berilgach, bu tushning rahmoniy ekanini anglab etadilar. Shuning uchun ham mazkur kun “arafa” (bilmoq) deb ataldi.

Mavzuga aloqador