26.02.2025 09:44
637
Gʻazoda kuchli sovuq 6 chaqaloqning hayotiga zomin boʻldi
HAMASning maъlum qilishicha, Isroilning insonparvarlik yordamlarini kiritmaslik siyosati sababli Gʻazo sektorida olti chaqaloq sovuqdan halok boʻldi. Isroil 2 milliondan ortiq falastinlik uchun moʻljallangan insonparvarlik yordami va uy-joy taъminotini toʻsib qoʻygan.
Harakat bayonotida keltirilishicha, "Isroil ishgʻol hukumati olib borayotgan siyosiy jinoyatlar natijasida Gʻazo sektorida qattiq sovuq hukm surayotgani va isitishning imkoni yoʻqligi sababli 6 chaqaloq halok boʻldi"..
Maъlumotlarga koʻra, Isroil Gʻazodagi 2 milliondan ortiq falastinliklarga insonparvarlik yordami va uy-joy materiallari etkazib berilishiga toʻsqinlik qilmoqda, xalqaro hamjamiyat esa Isroil tomonidan amalga oshirilgan blokada va hujumlar tufayli Gʻazodagi gumanitar falokat qarshisida sukut saqlamoqda.
Bayonotda vositachi davlatlar – AQSh, Misr va Qatar “sulh buzilishining oldini olish uchun shoshilinch choralar koʻrish”ga chaqirilgan.
Unda Isroilni oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi doirasida gumanitar protokolga rioya qilish va Gʻazoga insonparvarlik yordami, jumladan, boshpana, isitish moslamalari va dori-darmonlar etkazib berilishini kafolatlashga chaqiriladi.
HAMAS Gʻazodagi falastinlik bolalarni himoya qilishning ahamiyatiga eъtibor qaratib, Isroilning 15 oydan ortiq davom etgan hujumlarida 17 mingdan ortiq bolaning halok boʻlganini eslatdi.
Isroilning Gʻazoda 15 oydan ortiq davom etgan hujumlari natijasida 61 mingdan ortiq falastinlik halok boʻldi, 2 million kishi esa uy-joyini tark etdi.
Hujumlar natijasida Gʻazo sektori infratuzilmasining 88 foizi, jumladan, koʻchirilgan falastinliklar yashab turgan shifoxonalar, uylar va maktablar vayron qilingan.
Isroil uzoq vaqtdan beri Gʻazoga gumanitar yordam kirishiga toʻsqinlik qilgani bois, mintaqa aholisi oziq-ovqat, toza suv, uy-joy va isitish materiallariga muhtoj.

