01.01.2025 07:10
Gʻazo va Livan bilan urush Isroil uchun qimmatga tushdi
2023–2024 yillarda Isroilning Gʻazo va Livan bilan boʻlgan harbiy nizosi mamlakat iqtisodiyoti, demografik vaziyati va siyosiy barqarorligiga jiddiy taʻʻsir koʻrsatdi. Bosh vazir Binʻyamin Netanʻyaxuning urush natijalari boʻyicha bildirgan bayonotlari yuqori baholar bilan toʻlgan boʻlsa-da, voqealarning asl oqibatlari, jumladan, yuz bergan yoʻqotishlar jiddiy tahlilga muhtoj.
Isroil Ichki ishlar vazirligining maʻʻlumotlariga koʻra, 2024 yilda mamlakatni 600 ming kishi tark etdi. Bu holat 1948 yildan buyon sodir boʻlgan eng yirik demografik yoʻqotish sifatida baholanmoqda. Chet elga koʻchib ketganlar asosan yuqori malakali mutaxassislar, olimlar va tadbirkorlardan iborat boʻlib, bu mamlakatning intellektual salohiyatiga jiddiy zarar etkazdi.
Jerusalem Post va Haaretz nashrlarining yozishicha, urush boshlanganidan beri Kanada 8000 nafar isroillikka vaqtinchalik ish vizasi berdi, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarga nisbatan besh baravar koʻp. Isroillik tarixchi Ilan Pappe maʻʻlumotlariga koʻra, mamlakatni tark etganlarning umumiy soni 700 ming nafarga yaqinlashgan.
Bundan tashqari, urush tufayli janubiy va shimoliy hududlardan 143 ming kishi evakuatsiya qilindi. Evakuatsiya qilinganlar asosan Gʻazo va Livan chegarasidagi hududlarda yashovchi aholini tashkil qiladi.
Isroil Moliya vazirligi urushning umumiy iqtisodiy zararini 106,2 milliard shekel (29,1 milliard dollar) deb baholadi. Bu summa 2025 yilga kelib 250 milliard shekelga (70 milliard dollar) etishi kutilayapti. Turizm sohasi ham katta yoʻqotishlarga uchradi — daromadlar 18,7 milliard shekelga qisqardi.
Shuningdek, urush davomida qishloq xoʻjaligiga ham zarar etkazildi: 55 ming akr er va oʻrmonlar vayron boʻldi.
Isroil mudofaa vazirligi maʻʻlumotiga koʻra, 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumda Isroil 1163 nafar fuqarosini yoʻqotdi, 1941 kishi yaralandi, ulardan 360 nafari ogʻir ahvolda. Gʻazodagi janglarda 384 askar halok boʻlgan va 5477 harbiy yaralangan. Livan chegarasidagi jangovar harakatlarda 131 kishi qurbon boʻldi.
Shuningdek, Isroil HHK oʻz texnikasini qayta tiklashga muhtoj boʻlib qoldi. Aviatexnikaning foydalanish muddati tugashi sababli, mamlakatga yangi harbiy uchoqlar sotib olish zarurati paydo boʻldi.
Ekspertlarning fikricha, urush mamlakatning siyosiy barqarorligiga jiddiy taʻʻsir koʻrsatdi. Yosh mutaxassislar va olimlar chet elga koʻchishni afzal koʻrishmoqda. Kanada, AQSh va Sharqiy Evropa mamlakatlari asosiy yoʻnalishlardan biriga aylandi.