Frantsiyaning hijobga boʻlgan nafrati ildizlari qaerda?
Frantsuzlar musulmon ayollar bilan oʻchakishib qolgan. Bu yangi ham, yashirin ham emas. Musulmon ayollariga boʻlgan mazkur nafrat – asrlar osha shakllangan odat, musulmon ayollarning tanasini nazorat qilishga boʻlgan patologik ehtiyoj, imperiyalar va inqiloblardan ham uzoqroq yashaydigan bir merosdir. Ayni zamonda, bu nafrat erkinlik, tenglik, birodarlik va hamda sekulyarlik shiorlari ortiga yashirinmoqda. Ammo ochiq aytish kerak: Frantsiyaning dunyoviylik va tenglik haqidagi dalillari hech qachon ishonchli boʻlmagan. Aksincha, uning hijobga qarshi qonunlari va ritorikasi faqat teskari natijalar berdi: norozilik va boʻlinish, erkinlikni himoya qilish daъvosini qilib, ayollarning kiyinishini nazorat qiladigan davlatning munofiqligini fosh etdi.
Mustamlaka oʻtmishi
Hozirgi nafrat-adovatni tushunish uchun Frantsiyaning mustamlakachi oʻtmishiga qaytishimiz kerak. Frantsuzlar faqat egallab olishga emas, balki hayotning barcha jabhalarida hukmronlik qilishga intilgan. Hech narsa bu hukmronlikni hijobga nisbatan zoʻravon munosabatdan koʻra yaqqolroq aks ettirmagan. Frantsuzlar musulmon ayollarni ozod qilishga emas, balki sindirishga, ularni diniy va madaniy ildizlaridan ajratishga harakat qilgan. Ular ayollar tanasini koʻrishni, ularni nazorat qilishni istashgan - rad etilganda esa, mustamlakachi tafakkurga xos tarzda gʻazab va zoʻravonlik bilan reaktsiya bildirishgan.
Keling, eъtiborimizni ularning Jazoir mustamlakasiga qarataylik, zero, bu erdan koʻp saboq olish mumkin. Frantsuzlar erdan koʻra koʻproq narsani – milliy oʻzlikni zabt etishni istar edi. Ular boʻysundirish va zulm oʻtkazishga intilgan. Frantsuz mustamlakachi qoʻshinlari ommaviy marosimlar oʻtkazib, jazoirlik ayollarni zoʻrlab yopinchiqlaridan mahrum qilgan. Ularni tahqirlab, ochiq kiyimda suratga tushishga majburlagan va bu suratlarni oʻzlarining "tsivilizatsiya missiyasi"ning oʻljasi sifatida Frantsiyaga joʻnatgan.
Bu ular nafaqat hududni, balki tanalarni ham zabt etganliklarining bir ramzi edi. Bosqinchi kuchlar jazoirlik ayollar kiygan yopinchiqqa maksimal psixologik eъtibor qaratib, shubhasiz, baъzi natijalarga erishmoqchi edi. Shu tariqa ayrim joylarda ayol "qutqarilgan" va ramziy ravishda yopinchigʻini echgan. Lekin bu qanday tsivilizatsiya? Shubhasiz, zoʻravonlik, zulm va majburlash bilan belgilanuvchi tsivilizatsiya. Qizigʻi shundaki, aynan shu ayblovlarni ular Islom va musulmonlarga qoʻyishgan. Ayblovchilarning oʻzlari aybdor boʻlib chiqdi, ularning qoʻpol va qoloq dunyoqarashini fosh etdi. Frantsuz qoʻshinlari bunday javobni kutmagan edi. Ularning jazoirlik ayollarni "qutqarish" harakati faqat qarshilikka duch keldi. Ular ayollarni echintirmoqchi boʻlgani sari, jazoirlik ayollar yopinchiqlarini koʻproq kiyishardi. Hijobni hechishdan aniq bosh tortishlari ularning "ustunligi"ni rad etish belgisi edi.
Frantsuzlar oʻshanda ham, hatto hozir ham aslida muammo hijobda emasligini tushunib etishmadi. Muammo mustamlakachi tafakkurning oʻzida edi va shunday boʻlib qolmoqda. Bu mayl Jazoir bilan tugamadi - shunchaki shakl oʻzgartirdi, xolos. U Jazoirdan to Turkiston diyorlariga qadar singib ketgan. Yopinchiqni olib tashlash shaxsiy tajovuzning alohida harakati emas edi; bu musulmon ayollari va Islomning oʻzini xoʻrlab toptash hamda yoʻq qilishga qaratilgan keng qamrovli mustamlakachi strategiyaning bir qismi edi. Mustamlakachi kuchlarning musulmon ayollarni nazorat qilishda qoʻllagan usullari bugungi kunda ham saqlanib qolgan buzuq harakatni ochib beradi.
Mashhur siyosiy faylasuf Fanonning 1952 yildagi soʻzlari hamon oʻz taъsirini yoʻqotmagan: "Jazoirlik ayol bilan yuzma-yuz kelgan evropalik uni koʻrishni istaydi. U idrokining bu chekloviga tajovuzkorona munosabat bildiradi. Nafrat va tajovuzkorlik bu erda ham shu ondayoq oʻz yuzini koʻrsatadi".
Bugungi kunga kelib ham hech narsa oʻzgarmadi. Frantsiya hukumati hamon musulmon ayollar kiyimini, bir paytlar askarlari Jazoir koʻchalarida qilganidek, gʻayrat-u ishtiyoq bilan nazorat qilmoqda. Vasvasa hamon oʻsha-oʻsha, shunchaki usullar oʻzgargan.
2004 yilda davlat maktablarida hijobni taqiqladilar. 2007 yilda davlat xizmatida hijob kiyishni man etdilar. 2010 yilda jamoat joylarida niqobni taqiqladilar. 2023 yilda maktablarda abayani va frantsuz sportchilari uchun hijobni taqiqladilar. Har safar ularning bahonasi bir xil: dunyoviylik, tenglik va ozodlik. Ammo keling, buning aslida nima ekanligini aytaylik: ilgʻor qadriyatlar niqobidagi mustamlakachilik tafakkuri.
Davlat tomonidan oʻrnatilgan koʻrinish meъyorlariga mos kelmasa, qanday tenglik ayollarni jamoat hayotida ishtirok etishdan chetlashtiradi? Har bir necha yilda yangi mojaro paydo boʻlib, yana oʻsha bahsni qoʻzgʻatadi. Maktab oʻquvchilariga sinf xonalariga kirish taqiqlangani, sportchilarga musobaqalarda qatnashish man etilgani yoki koʻchalarda hujumlar boʻlgani, bu taqiqlarning bari musulmon ayollarni chetga surib qoʻyadi, ammo jamoatchilikni adovatli harakatlarga undaydi. Hijob Frantsiya mudom va zinhor toqat qila olmagan erkinlikni aks ettiradi. Musulmon ayollari hech qachon ozod qilinishga muhtoj boʻlmagan, bunga ehtiyoj sezgan mustamlakachi onglarning oʻzi edi.
Bu hol Frantsiyaning oʻzi bilan cheklanib qolmaydi. Hijobga nisbatan nafrat-adovat butun Gʻarb dunyosida, hatto sharqning ayrim mamlakatlarida ham uchraydi. Musulmon ayollar hamisha oʻz hamjinslari va jamiyatlari tomonidan ezilgan, xoʻrlangan, sassiz, ovozsiz shaxslar oʻlaroq tasvirlanadi. Ammo haqiqiy zulm Gʻarb jamiyatining oʻzidadir. Ular ozodlik uchun, deyishadi. Ammo ayol kishi oʻzini yopishni, berkitishni tanlasa, bu shaxsiy erkinlik boʻlmay qoladimi? Ular uzoq vaqtdan beri oʻzlarini tenglik va erkinlik kabi qadriyatlarning oʻchogʻi sifatida koʻrsatib kelishdi, ammo hijobni rad etishlari ularning dunyoviy qarashlarining bir yoqlama ekanini fosh etadi, xolos. Garchi dunyoning ayrim hududlarida ayollar hijob kiyishga majburlanishi inkor etib boʻlmas haqiqat boʻlsa-da, Gʻarbning halokatli nuqsoni shundaki, u barcha musulmon ayollar hijobga majburlangan va barcha musulmon ayollar ezilgan hamda "ozod qilinishi" kerak deb hisoblaydi.
Musulmon ayolning oʻz tanasini berkitishini kimdir chiqib gʻayrioddiy hol, radikallik deb aytishi yo shunday hisoblashi aslida muammo emas. Uni haddan oshish deb bilish ham muammo emas. Muammo mazkur shaxsiy qarashlar boshqalarga majburlanib, ulardan oʻz tanlovlariga koʻra harakat qilish erkinligini tortib olishda. Haqiqiy muammo hijobning oʻzida emas, balki u nimani anglatishidadir: hijob bu ayollikning Gʻarb modeliga muqobildir. Gʻarb hijobni rad etishda beixtiyor oʻzining ishonchsizligi va ichki iddiyatlarini fosh qilib qoʻyadi. U musulmon ayollarning oʻz yoʻlini tanlash erkinligini rad eta turib, erkinlikni himoya qilayotganini iddao qiladi.
Xoʻsh, erkinlik nima oʻzi, agar xohlagan ishingni qila olmasang?
Menimcha, bu endi erkinlik emas...
Fanon taъkidlaganidek, “hijob himoya qiladi, tinchlantiradi, ajratib turadi”. Hijobning ayol tanasi uchun ahamiyatini tushunish uchun jazoirlik ayollarning eъtiroflarini eshitgan yoki hijobini echgan baъzi ayollarning ichki hislarini tahlil qilgan boʻlish kerak.
Frantsuz mustamlakachilik loyihasi
"Tsivilizatsiya" afsonasi – musulmon ayollarini oʻz jamiyatlaridan, erkaklaridan va hatto oʻz tanlovlaridan qutqarish gʻoyasi asosida qurilgan edi. Ammo Fanon taъkidlaganidek, "...Jazoir jamiyati shu qadar ishonch bilan tasvirlangan ayollarsiz jamiyat emasligini namoyon etadi". Musulmon ayollar hamisha oʻz hayotlarining sohiblari boʻlishgan, hatto frantsuzlar ularni mustaqillikdan mahrum qilmoqchi boʻlganlarida ham.
Tarix baralla yangraydi va oʻzining aniq xabarini yoʻllaydi: muammo hech qachon hijob boʻlmagan. Frantsiya Frantsiya boʻlib qolaveradi. Bu haqiqat bilan yuzlashmaguncha, uning musulmon ayollarga boʻlgan nafrat-u adovati oʻzining soʻnmas zulmini oshkor qilaveradi.

