28.02.2024 08:34

Evropa Ittifoqi: Gʻarbning hukmronlik davri tugadi

“Global janub” bilan munosabatlardagi muammolar Gʻarbning dunyodagi hukmronligi davri nihoyasiga etganini koʻrsatadi, deya maʻʻlum qildi EI bosh diplomati Xosep Borrel. Uning fikricha, Gʻarb, yaʻʻni AQSh va EIning Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikadagi taʻʻsiri kamayishidan Rossiya foyda koʻradi.

Gʻarbning dunyoda hukmronligi davri nihoyasiga etdi, buni uning "global janub" bilan munosabatlaridagi muammolar koʻrsatdi, deb yozdi Evropa Ittifoqi bosh diplomati Xosep Borrel Myunxen xavfsizlik konferentsiyasi yakunlari boʻyicha oʻz maqolasida.

Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi ikki yil ichida Bryusselning janubiy davlatlar bilan munosabatlari sezilarli darajada yomonlashgan, shu sababli EI va AQSh “global janub”ni oʻz foydasiga ogʻdirishi qiyinchilikka duchor boʻlmoqda, ayniqsa gap Rossiya-Ukraina haqida borganda. Borrelning tan olishicha, Moskva Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikada Gʻarb taʻʻsiri kamayishidan foyda koʻradi.

2022 yil fevralʻ oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri nogʻarbiy dunyoning hech bir davlati, Yaponiyadan tashqari, Rossiyaga qarshi sanktsiyalarga qoʻshilgani yoʻq. Aksincha, Xitoy, Hindiston yoki Braziliya kabi bir qator davlatlar AQShning sanktsiyalar bosimiga qaramay, Rossiya bilan savdo hajmini oshirdi.

"Gʻarb hukmronligi davri tugadi va bundan amaliy saboq olish kerak, - deb yozadi Borrel oʻz blogida. - Agar hozirgi global geosiyosiy taranglik Gʻarb qolganlarga qarshi yoʻnalishida rivojlanishda davom etsa, Evropaning kelajagi qorongʻi boʻlib qolishi mumkin”.

Evroittifoq bosh diplomatining fikricha, Evropa Ittifoqi toʻrtta asosiy geosiyosiy muammoga duch kelmoqda:

- Rossiya bosqiniga qarshi urushda Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda davom etish;

- Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatishga erishish, Falastin davlatini yaratishga koʻmaklashish;

- Evropa Ittifoqi va "global janub" oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish;

- Evropaning mudofaa darajasini oshirish, xususan, Donalʻd Trampning AQSh NATOdan chiqishi mumkinligi haqidagi soʻnggi bayonotlari nuqtai nazaridan.

Shuningdek, siyosatchi Ukrainadagi urush va Isroilning Gʻazoga bostirib kirishi Gʻarb va “global janub” oʻrtasidagi darzni kengaytirganini taʻʻkidladi. Bu yanvarʻ oyida Gaagada boʻlib oʻtgan Xalqaro sud Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi daʻʻvosi chogʻida yanada oydinlashdi: Afrika davlati Tel-Avivni falastinliklarga qarshi genotsid sodir etishda aybladi.

Aksariyat Gʻarb davlatlari, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya sudga qarshi chiqdi hamda Isroilni qoʻllab-quvvatladi. Shu bilan birga, "global janub" mamlakatlarining aksariyati Janubiy Afrika va Falastin tomonida boʻldi.

Mavzuga aloqador