08.11.2024 14:50
1318

Britaniya Oʻzbekiston va Qozogʻiston kompaniyalariga sanktsiyalar joriy qildi

Britaniya Rossiyaga qarshi sanktsiyalar roʻyxatiga Oʻzbekistonning Uzstanex hamda Qozogʻistonning CPS Energy, TOO TawKZ va Rabadaziya kabi kompaniyalarni kiritdi. Ushbu kompaniyalar “Ukrainani beqarorlashtirish yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligini buzishi mumkin boʻlgan resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etgan”likda ayblangan.

Britaniya sanktsiyalar roʻyxatini yangilab, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning bir qancha kompaniyalarini qoʻshib oldi. Jumladan, roʻyxatga StanexGroup xoldingi tarkibiga kiruvchi Uzstanex LLP kompaniyasi kiritildi. Ushbu kompaniya Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonda uskunalar sotish va sozlash bilan shugʻullanadi.

"Kompaniya Ukrainani beqarorlashtirish yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligini buzishga qaratilgan harakatlarda ishtirok etgan, moliyaviy xizmatlar koʻrsatgan yoki Ukrainani beqarorlashtirishga yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur etkazishi mumkin boʻlgan resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etgan", deyiladi kompaniyaning sanktsiyalar roʻyxatiga kiritilishini asoslovchi bayonotda.

Bundan tashqari, xuddi shunday asoslar bilan Britaniya Qozogʻistonning  CPS Energy LLP, TOO TawKZ va Rabadaziya LLP kompaniyalariga nisbatan sanktsiyalar kiritdi.

Bundan bir hafta oldin AQSh ham Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanktsiyalar kiritgan edi. AQSh Gʻaznachilik vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, ushbu kompaniya keyinchalik Rossiyaga etkazib berish uchun Xitoyning Shanghai Winsun Imp and Exp Co Ltd  kompaniyasiga Evropadan uskunalar joʻnatilishining nominal oluvchisi sifatida ishlagan.

Sanktsiyalar roʻyxatiga sanoat korxonalari, avtomatik boshqaruv tizimlari va elektr jihozlarini ishlab chiqarish va etkazib berish bilan shugʻullanuvchi The Elite Investment Group kompaniyasi ham kiritilgan. 2024 yilning mart-may oylari orasida ushbu kompaniya Rossiyaga taxminan 190 ming dollarlik mahsulot, jumladan, elektr transformatorlarini etkazib bergan. Ushbu etkazib berilganlar avvalroq AQSh sanktsiyalari ostida qolgan Rossiyaning GTS Grupp kompaniyasi uchun moʻljallangani iddao qilinmoqda.