Saudiya Arabistoni poytaxt Ar-Riyod shahrida dunyoda eng katta kub shaklidagi binoni barpo etishni boshladi. Hozirda qazish ishlari yakunlanish arafasida, binoning poydevori ham deyarli tayyor.

Loyihaga koʻra, osmonoʻpar binoning har bir devorining uzunligi va balandligi rekord darajadagi 400 metrni, butun obʻʻektning maydoni esa 19 kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Futuristik Yangi Murabba hududida 104 mingdan ortiq turar-joy binolari, 9 ming mehmonxona xonalari, ofis va savdo markazlari, shuningdek, madaniy-koʻngilochar obʻʻektlar quriladi.

 Loyiha taxminan 334 mingta ish oʻrni yaratishga yordam berishi hamda Saudiya Arabistoni yalpi ichki mahsulotini neft bilan bogʻliq boʻlmagan tarmoqlar orqali 40 milliard funt sterlingga oshirishi koʻzda tutilgan.

Kubning ichida shiftga etib boradigan spiralʻ shaklidagi minora boʻladi. Uning atrofida doʻkonlar, sayyohlik obʻʻektlari joylashtiriladi.

Loyihani amalga oshirish jarayonini Kanadaning AtkinsRéalis kompaniyasi  boshqaradi, moliyalashtirish ishlari uchun esa New Murabba Development Company javobgar. “Yangi Murabba” tumani kontseptsiyasi shahar ichidagi shahardir: barcha funktsional va koʻngilochar obʻʻektlar, jumladan, 45 ming oʻrinli stadion 15 daqiqa ichida piyoda boriladigan masofada joylashgan boʻladi. Qurilishni yakunlash 2030 yilga moʻljallangan. Qurilish maydonchasida har kuni 900 ga yaqin ishchi mehnat qiladi.

Hozirda dunyodagi eng katta kub shaklidagi bino unvoniga Vashingtonning Everett shahridagi Boeing zavodi egalik qilmoqda.

Avvalroq Saudiya Arabistonida Discovery Tower deb nomlangan yangi osmonoʻpar bino loyihasi taqdim etilgandi. 110 qavatli binoning Neomdagi Trojena togʻ-changʻi kurortida barpo etilishi koʻzda tutilgan. U kristall shaklida boʻladi va derazalaridan sunʻʻiy koʻl manzarasi koʻrinib turadi.

Mavzuga aloqador