28.05.2025 10:30
57
AQSh talaba vizasini olmoqchi boʻlganlarning ijtimoiy tarmoq sahifalarini tekshirmoqchi
Tramp maъmuriyati xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga talaba vizasi uchun yangi suhbatlar tayinlashni vaqtincha toʻxtatishni topshirdi. Talabalarning ijtimoiy tarmoq sahifalarini tekshirish rejalashtirilmoqda.
Donalьd Tramp maъmuriyati AQShda oʻqish uchun ariza topshirgan barcha chet ellik talabalarning ijtimoiy tarmoq sahifalarini tekshiruvdan oʻtkazish masalasini koʻrib chiqmoqda, deya xabar berdi Politico manbalariga tayangan holda.
Shu munosabat bilan maъmuriyat AQSh elchixonalari va konsullik boʻlimlariga talaba vizasi talabgorlari uchun yangi suhbatlarni rejalashtirishni toʻxtatishni buyurgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat talabalar vizasini rasmiylashtirishni keskin sekinlashtirishi mumkin. Shuningdek, bu asosan chet ellik talabalar hisobiga daromad koʻradigan koʻplab universitetlarga zarar etkazishi ehtimoli bor.
«Bu darhol kuchga kiradigan boʻlib, ijtimoiy tarmoqlarda talab qilinadigan skrining va tekshiruvni kengaytirish rejasiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida konsullik boʻlimlari keyingi koʻrsatmalar berilgunga qadar qoʻshimcha talaba yoki almashinuv dasturi ishtirokchilari (F, M, va J toifali vizalar) uchun viza suhbati tayinlash imkoniyatlarini amalga oshirmasliklari lozim. Biz bu haqdagi qoʻshimcha yoʻriqnomalarni yaqin kunlar ichida alohida xabar orqali yuborishni kutmoqdamiz», — deyiladi davlat kotibi Marko Rubio imzolagan koʻrsatmada.
Rubioning telegrammasida talabalarda aynan qanday maъlumotlar tekshirilishi aytilmagan, biroq Trampning terrorizm va antisemitizmga qarshi kurashga qaratilgan farmonlari tilga olingan.
Politico nashrining qayd etishicha, Tramp maъmuriyati avvalroq ham ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish talablarini kiritgan, biroq ular Isroilning Gʻazo sektoridagi harakatlariga qarshi norozilik namoyishlarida ishtirok etishi mumkin boʻlgan xorijlik talabalarga qaratilgandi.
Avvalroq AQSh hukumati Garvard universitetini chet ellik talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum qilib, taъlim muassasasini «zoʻravonlik, antisemitizmni qoʻzgʻatish va Xitoy Kommunistik partiyasi bilan hamkorlik qilish»da ayblagandi.