24.01.2025 11:01
402
AQSh janubida kuchli qor boʻronlari va sovuq havo oqibatida 10 kishi halok boʻldi
AQShning janubiy shtatlarida gʻayritabiiy sovuq ob-havo va kuchli qor boʻronlari 10 kishining hayotiga zomin boʻldi. Mintaqadagi yoʻllarda muzlash va noqulay ob-havo bir qator baxtsiz hodisalarga va transport qatnovida jiddiy kechikishlarga sabab boʻldi.
Alabama, Texas va Jorjiya shtatlarida koʻrilgan sovuq va qor oqibatida uy yongʻinlari, yoʻl-transport hodisalari va muzlash holatlari kuzatildi. Noqulay ob-havo tufayli oʻnlab aviareyslar bekor qilindi.
Ayrim hududlarda qor yogʻishi rekord darajada boʻldi:
Floridada 25 sm,
Texasda 15 sm,
Alabamada 20 sm.
1895 yildan beri Yangi Orlean va Luizianada eng kuchli qor yogʻishi qayd etildi.
Luizianadan iqlimshunos Jey Grims bu holatni shtatda soʻnggi 100 yildagi eng ogʻir ob-havo deb atadi. Havo harorati ayrim joylarda -12°Cga tushdi va bu holat 26 yanvargacha davom etishi mumkin.
Shtatning transport departamenti kotibi Jo Donaxu aholini keraksiz sayohatlardan qochishga chaqirdi. Sinoptiklarning maʻʻlumotlariga koʻra, Meksika koʻrfazi hududidagi sovuq ob-havo shu hafta oxiridan boshlab normallashadi.