25.01.2025 07:21
423
AQSh deyarli barcha xorijiy yordam toʻlovlarini vaqtincha toʻxtatdi
AQSh Davlat departamenti Isroil va Misrdan tashqari barcha xorijiy yordam toʻlovlarini 90 kunga muzlatib qoʻydi. Bu haqda Reuters va Politico agentliklari xabar berdi.
Davlat kotibi Marko Rubio tomonidan tasdiqlangan telegrammada xorijiy yordam grantlari boʻyicha yangi toʻlovlar va majburiyatlar vaqtincha toʻxtatilgani aytilgan. Bu qaror AQSh prezidenti Donalʻd Trampning xorijiy yordam mablagʻlarini uning tashqi siyosatiga mos kelishini tekshirish boʻyicha koʻrsatmasi asosida qabul qilingan.
Telegrammaga koʻra, Isroil va Misrga harbiy mablagʻ ajratish davom etadi. Isroil har yili taxminan 3,3 milliard dollar xorijiy yordam oladi, Misr esa 1,3 milliard dollar miqdorida mablagʻ bilan taʻʻminlanadi.
Reuters xabar berishicha, hozircha Marko Rubio tekshiruv natijalari boʻyicha qaror qabul qilmaguncha, hech qanday yangi yordam majburiyatlari olinmasligi kerak. Shunga qaramay, shoshilinch oziq-ovqat yordami va yoʻriqnoma chiqarilishidan oldin qilingan qonuniy xarajatlar amalga oshirilishi mumkin.
https://t.me/azon_global/7653
Eslatib oʻtamiz, AQSh prezidenti Donalʻd Tramp inauguratsiya marosimidan soʻng AQShning barcha tashqi dasturlarini 90 kunga toʻxtatish, JSST va Parij iqlim kelishuvlaridan chiqish, federal hukumat faqat ikkita oʻzgarmas jins - erkak va ayolni tan olishini koʻzda tutuvchi 200 dan ortiq farmonni imzolagandi.