25.06.2025 19:16
159

Ertadan hijriy yangi yil: muharram oyining fazilatini bilasizmi?



Maъlumki, Islom dini taъlimotiga koʻra, muharram oyi hurmatli oydir. Alloh taolo urush-buzgʻunchiliklarni harom qilgan toʻrt oyning biridir. Muharramning “Alloh oyi” degan nomi ham bor.
Muharram oyining ashuro, yaъni oʻninchi kunida barcha samoviy dinlar tarixida muhim voqealar boʻlib oʻtgani sababli bu oyning oʻninchi kunini “Ashuro oyi” deyish urfga aylangan.
Imom Ahmad roziyallohu anhu Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, shu kuni Nuhning alayhissalom kemalari Judiy togʻi ustida toʻxtagan, shu sababli Nuh alayhissalom shukrona tariqasida shu kuni roʻza tutganlar.
Bundan tashqari, Alloh taolo Muso alayhissalomni Ashuro kuni Firъavnning iskanjasidan qutqargani haqida Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi:“Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida yahudiylarning ashuro kunida roʻza tutganlarini koʻrdilar va: “Bu qanday kun?” deb soʻradilar. Ular: “Bu – Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan muborak kun, shuning uchun Muso alayhissalom bu kunda roʻza tutganlar”, deyishdi. Shunda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Men Musoga sizlardan koʻra haqliroqman”, dedilar va shu kuni roʻza tutdilar, boshqalarni ham roʻza tutishga buyurdilar” (Muttafaqun alayh).
Johiliyat arablarining ham ashuro kunida roʻza tutish odatlari bor boʻlgan. Oysha onamiz roziyallohu anhu quyidagi hadisni rivoyat qiladilar: “Ashuro kuni qurayshiylarning johiliyat davrida roʻza tutadigan kuni edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham shu kuni roʻza tutar edilar. Madinaga kelganlaridan keyin Ramazon oyi roʻzasi farz qilindi. Shundan soʻng Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam: “Men ashuro kuni roʻza tutishga buyurilgan edim, endi esa xohlagan kishi roʻza tutsin, xohlagan kishi tark qilsin”, dedilar” (Muttafaqun alayh).
Bu hadisdan maъlum boʻladiki, Islomning avvalgi davrida ashuro kunida roʻza tutish musulmonlarga farz boʻlgan. Hijratning ikkinchi yilida Ramazon roʻzasi farz qilingach, ashuro roʻzasining farzligi bekor qilinib, nafl boʻlib qolgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu kunda roʻza tutishning fazilati haqida: “Oʻtgan bir yilda qilingan gunohlarga kafforat boʻladi”, deb marhamat qilganlar (Muslim rivoyati).
Bundan tashqari, bu kunda qilingan solih amallarga Alloh taolo ulugʻ ajru mukofatlar beradi. Bu kunlarda moʻmin-musulmonlar yanada saxovatli boʻlib, xayru ehsonni koʻpaytirishlari lozim. Chunki xayr-ehson ibodatlarning eng ulugʻlaridan boʻlib, uning evaziga beriladigan savob ham beqiyosdir. Albatta, ehsonni avvalambor oila ahllaridan, eng yaqin qarindoshlardan boshlash shart. Undan keyin imkon boʻlsa, qoʻni-qoʻshni va begonalarga muruvvat koʻrsatish kerak boʻladi. Bu xususda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: “Kim ashuro kunida oʻz ahli oilasiga koʻproq nafaqa qilsa, yaъni roʻzgʻorini but qilib bersa, Alloh taolo yil davomida uning rizqiga kengchilik beradi” (Muslim rivoyati).
Imom Sufyon Savriy hazratlari: “Biz ushbu hadisni amalda qoʻllab koʻrdik va uning aytilganidek ekanligiga guvoh boʻldik”, deganlar.
Darhaqiqat, muhtojlarga xayr-saxovat qilish insonlar oʻrtasida mehr-oqibat rishtalarini bogʻlashga, oʻzaro hurmat va totuvlik hislarining ortishiga xizmat qilish bilan birga, dunyoviy ishlarning rivoj topishiga, oilalarimizga baraka kirishiga ham sabab boʻladi.
Shuningdek, 1 muharram hijriy yangi yilning ilk kunidir. Hijriy-qamariy taqvim hisobi janob Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan soʻng xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrlarida vujudga keladi. Bu zoti sharif boshqa katta sahobalar bilan maslahatlashib, yangi hijriy sanani Rasulullohsollallohu alayhi va sallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga qilgan hijrat kunlaridan boshlab hisoblashga ittifoq qiladilar.
Hijrat kunlari safar oyiga toʻgʻri kelgan boʻlsa-da, lekin unga tayyorgarlik Muharram oyidan boshlanganini eъtiborga olib, hijriy sana avvalini shu muborak oy – Muharramning birinchi kunidan hisob qilishga qaror qilindi.
Shunday qilib, hijriy-qamariy sanamizning birinchi yil kuni – milodiy sananing 622 yil 16 iyulь juma kuniga toʻgʻri keladi.
Mana shu tarixdan beri butun arab va islom olami xalqlari qatori, diyorimiz musulmonlari ham diniy bayramlarni va, xususan, Ramazon hamda Qurbon hayiti kunlarini belgilash kabi masalalarda hijriy-qamariy taqvimdan keng foydalanib kelmoqdalar.
Sizu bizning ushbu muborak va ulugʻ oylarni yod etib turishimizdan maqsad – ularning fazilatlaridan tashqari, yil ketidan yil, oy ketidan oylar va kun ketidan kunlar betinim oʻtayotgani va bu bilan umrimiz ham toʻxtamay oʻtib borayotganini tez-tez esga keltirib turish demakdir. Shoyad bu bilan aziz umrimizni gʻanimat bilib, xayrli va solih amallarni qilib borishga saъy-harakatlarimizni yanada ziyoda qilsak.