01.03.2025 03:44

Roʻza niyatiga oid masalalar



Dinimizda har bir amalning toʻgʻriligi, uning Alloh dargohida maqbul boʻlishi niyatga bogʻliq. Shu qatori roʻza tutishda ham niyat qilish shart hisoblanadi. Niyat boʻlmasa, ibodat ham boʻlmaydi.
Ramazon oyida tutiladigan roʻzaning farzi uchta: niyat, tong otganidan kun botgunicha eb-ichishdan tiyilish va jinsiy aloqadan tiyilish.

Aslida, niyat degani qalbda boʻladigan narsadir. Qalbda, dilda qilingan niyatgina hisobga oʻtadi. Tilda niyat qilinsa-yu, qalbida hech narsa boʻlmasa, roʻzasi roʻza boʻlmaydi.

Mavlono Aliy Qoriy aytganidek, tilda ham niyat qilish bidъati hasana, yaъni maqbul amal hisoblanadi. Shunga koʻra, odatdagidek: «Tong otgandan kun botguncha Ramazon oyi roʻzasini tutmoqni niyat qildim» kabi soʻzlarni dildan oʻtkazib va tilda aytib, niyat qiladi.
Zotan, bizning fiqhiy kitoblarimizda til bilan niyat qilish ham sunnatdir, deyilgan («Olamgiriyya», «Kofiy», «Nihoya», «Nahr»).

Mazhabimizning barcha faqihlari ramazon oyida har bir kun uchun alohida niyat qilish kerakligini aytishgan (“Fatovoyi Qozixon”). Ammo molikiylarda bir oylik Ramazon roʻzasini bir niyat bilan tutish joizdir.

Imom Najmiddin Nasafiy, aslida, ramazonda saharlikka turishning oʻzi niyat hisobiga oʻtishini aytganlar. Ammo saharlikka turish oʻsha kunning oʻzi uchun niyat oʻrniga oʻtadi, boshqa kunlarga oʻtmaydi. Niyatning vaqti har kuni quyosh botishidan soʻng kiradi, undan oldin qilingan niyat oʻtmaydi (Saraxsiy “Muhiyt”).

Bir kishi quyosh botishidan oldin keyingi kun roʻzasiga niyat qilgan boʻlsa-yu, soʻng uxlab qolsa yoki xushidan ketsa yoxud biror sabab bilan zavolgacha niyatini yangilashga ulgurmasa, bu kishining niyati oʻtmaydi. Ammo quyosh botganidan keyin niyat qilgan boʻlsa, durust (“Xulosa”). Niyat borasida musofir bilan muqim oʻrtasida farq yoʻq (“Tabyin”).

Afzali niyatni oʻz vaqtida, yaъni kechasi qilishdir. Ammo kunduzi niyat qilish ham joiz.

Shuningdek, niyatning aniq-ravshan boʻlishi, yaъni qaysi roʻzaga niyat qilinayotganini aniq va qatъiy niyat qilingani avlodir (“Ixtiyor”).

Uxlab qolib, saharlikka turolmagan kishi quyosh chiqqandan soʻng uygʻonsa, hech narsa emay-ichmay, roʻzaga niyat qilib olsa, bizning mazhabga koʻra, oʻsha kungi roʻzasi durust boʻladi. Quyosh chiqishidan oldin uygʻonsa ham shunday. Har ikki holatda ham odatdagi ramazon roʻzasi niyatini qilaveradi.

Ammo doim shunday qilaverish (yaъni, tong otgandan yoki quyosh chiqqandan soʻng roʻzaga niyat qilish) yaramaydi. Chunki, boshqa mazhablarda bu narsa aslo joiz emas. Zotan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bunday deganlar: “Kimki roʻzasini tongdan avval jam qilib, qasd qilib olmasa, uning roʻzasi yoʻqdir” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Qazo va kafforat roʻzalarida esa, niyatni kechqurun qilish va tutadigan roʻzasini qatъiy tayin qilish shart (“Niqoya”).

Manbalar asosida tayyorlandi.