05.06.2025 17:15
99

Qurbonlik soʻyishda niyatning ahamiyati


 

Qurbonlik qiladigan kishi hayvonni soʻyar ekan, zimmasidagi vojib ibodat – qurbonlikni ado etishni niyat qilish lozim. Chunki niyatsiz qurbonlik amalga oshmaydi.

 

Inson hayvonni soʻyish orqali goʻshtni qoʻlga kiritadi. Bu ishdan Allohga qurbat (yaqinlik) hosil qilish uchun esa niyat boʻlishi shart. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam hadislarida shunday deganlar:

 

– ”Amallar niyatlarga koʻradir. Har bir kishiga niyat qilgan narsasi boʻladi”, (Buxoriy va Muslim rivoyati).

 

– “Niyatsiz kimsaning amali boʻlmaydi, yaxshiligi yoʻq kimsa uchun ajr boʻlmaydi”, (Bayhaqiy rivoyati).

 

Kosoniy rahimahulloh aytadilar: “bu erda nazarda tutilgan amal – qurbat hosil qilish mumkin boʻlgan amaldir. Shunday ekan, soʻyilgan hayvon niyat bilangina qurbonlik hisoblanadi”.

 

Sheriklardan birining niyati qurbonlik boʻlmasachi?

 

Hanafiy mazhabi ulamolari aytadilarki, sheriklik asosida soʻyish mumkin boʻlgan hayvonlarda niyati qurbat hosil qilish boʻmagan kimsaning sherik boʻlishi joiz emas. Yaъni, hayvon soʻyishdan faqatgina goʻsht olishni maqsad qilgan kimsa boshqalarning qurbonligiga sherik boʻla olmaydi.

 

Agar sheriklar tuya yoki molni qurbonlik qilmoqchi boʻlishsa-yu, ulardan birining maqsadi qurbonlik ibodatini amalga oshirish emas, faqatgina goʻsht olish boʻlsa, unda barcha sheriklarning qurbonligi bekor boʻladi. Chunki qurbonlik ibodati qon oqizish bilan amalga oshadi. Oqiziladigan qonni esa ulush sifatida ayirib boʻlmaydi.