24.05.2025 08:30
188

“Musulmon ayolning pardoz kitobi" – Ziynatning turlarga boʻlinishi

Sanjar Said:
“Musulmon ayolning pardoz kitobi" – Ayol kishining ziynatlanishi borasidagi umumiy meъyorlar

Goʻzallikka intilish, chiroyli koʻrinishga urinish va buning uchun ziynatlanib, pardoz-andoz qilish ayollar fitratiga joylangan. Ammo har bir ishda boʻlganidek, bu borada ham dinimizning koʻrsatmalari, yoʻl-yoʻriqlari bor. Islom ilmlarini oliy dargohlarda egallagan, koʻp yillardan beri diniy sohada xizmat qilayotgan singlingiz Maknuna bu boradagi maъlumotlarni toʻplab, saraladi va siz uchun “Musulmon ayolning pardoz kitobi"ni hozirladi. 8-qism – "Ziynatning turlarga boʻlinishi".

Ziynatning turlarga boʻlinishi

Chiroy turlariga qarab bir necha qismga boʻlinadi: oʻzidan kelib chiqqan holda asliy – tugʻma va keyinchalik ega boʻlingan chiroy. Ikkinchisi hukmga bogʻliqligi jihatidan muboh va harom. Bular haqida batafsil oʻrganib chiqamiz.

Birinchi qism

U ikkiga boʻlinadi: 

Xalqiy – yaъni tugʻma goʻzallik. U Alloh subhanahu va taoloning Oʻzi kishida tabiiy ravishda barpo qilgan, biror pardozsiz ham Oʻzi goʻzal ranglar ila bezagan husn. Yaъni, Alloh azza va jalla insonni eng goʻzal shakl va suvratda, qomatini kelishtirib, aъzolarini oʻzaro  mutanosib qilib yaratdi. Bu ham ziynatni ifodalaydi.

Oʻz oʻrnida bu ham ikkiga boʻlinadi: tashqi va ichki tabiiy goʻzallik.

- Tashqi goʻzallikning asosi  bu yuz goʻzalligi boʻlib, inson tuzilishidagi asl va umumlashtiruvchi chiroyni ifodalaydi. Yuz goʻzalligida insonga manfaat va uni tanitadigan xossalar mavjud.

- Qad-qomatning kelishgan boʻlishi. Bunga boʻyning uzun yoki kaltaligi, oriq yoki toʻla boʻlishi kiradi.

- Chiroyli ovoz. Unga shirali va mayin boʻlishi, qoʻpol va dagʻal yoki oʻrtamiyona boʻlishi kiradi.

- Ikki kaft. Bu kishining qoʻli barakali boʻlish-boʻlmasligi alomati hisoblanadi.

Maxfiy chiroy.

Bu goʻzallik ayolning eri va Qurъonda zikr etilgan  mahramlaridan boshqaga koʻrsatilmaydigan chiroyidir. 
Bu maxfiy chiroyning erga koʻrsatilishi sababi – ayoldagi barcha husn-jamol hech bir chegarasiz unga tegishliligidan.

Erga uning butun jismiga nazar solish,  va ushlash va foydalanish huquqi berilgan. Bu Qurъoni karimning Baqara surasi 223-oyatiga muvofiqdir: “Ayollaringiz ekinzorlaringizdir. Bas, ekinzoringizga xohlaganingizcha keling. Oʻzingiz uchun (yaxshilik) taqdim qiling. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Unga roʻbaroʻ keluvchisiz. Moʻminlarga bashorat ber”, deb marhamat qilgan.

Oyati karimada boshqa mahramlarning ham ayolning oshkor va yashirin ziynatlariga nazar solishi mumkinligi zikr qilingan. Bundagi xufya ziynat deganda koʻp hollarda ayollarning qattiq berkitmay, baъzan koʻrinib qoladigan bilak, boʻyin, bosh va oyoqlarining toʻpiqdan pastki qismi nazarda tutilgan. Doimo bekitib yuradigan koʻksi, orqasi va qorni bunga kirmaydi.

Muktasab goʻzallik, yaъni vositalar yordamida chiroyni ziyoda qilish.

U ayolning oʻz tabiiy koʻrinishiga qoʻshimcha vositalar – koʻrkam libos, taqinchoq va pardoz vositalari ila ziynat berishi, yanada chiroyli koʻrinishga urinishidir.

Muktasab chiroy –  oʻz koʻrinishini yana ham ochadigan ziynat vositalaridan foydalanishdir. U  har bir yurtning va har davrning oʻz urfiga, hojat va talabiga qarab, turlicha boʻladi.

Muktasab chiroy bir nechta koʻrinishda boʻlishi mumkin:

1. Pokizalik, ozodalik ziynati. Bu inson goʻzalligi asosi boʻlib qolgan barcha orttirilgan goʻzallik mana shu poklik ustiga qurilgan boʻladi. Qurъoni karimda ham poklikka qiziqtiruvchi oyati karimalar nozil boʻlgan. Alloh taolo “Baqara” surasi 222-oyatda  "Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadir», deb ayt,” deb marhamat qiladi.

1.Shu jumladan, tahorat va gʻusl ham maъnaviy ziynat hisoblanib, Alloh taoloning huzurida muhim ahamiyatga egadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, ummatim qiyomat kuni  oyoq-qoʻllarida tahorat izidan oq qashqa kabi yaltiragan holda tiriladilar”, deb marhamat qilganlar.

2. Insonga ziynat boʻladigan vositalardan yana biri– bu barcha turdagi xushboʻy moddalar boʻlib, uni eru ayol – barcha yaxshi koʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini xushboʻy boʻlib yurishga chaqirganlar. Paygʻambarimizga oʻn yil xizmat qilgan buyuk sahobiy Anas roziyallohu anhu ham xushboʻy narsani rad etmas va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  xushboʻyni qaytarmas edilar, deb aytar edilar.

3. Koʻrkam liboslar. U ham mustaqil holda bir alohida chiroy vositasi boʻlib, Alloh taolo Qurъonda: “Ey Odam bolalari, har bir ibodat chogʻida oʻz ziynatingizni oling. Eb-iching va isrof qilmang. Chunki U isrof qiluvchilarni sevmas”, deb marhamat qiladi. Ushbu oyati karimadagi “ziynat” soʻzini mufassirlar kiyim-kechak, deb tafsir qilganlar.

4. Ikki qoʻl va oyoq kaftlarini hina ila boʻyash ham ayolga xos ziynat hisoblanadi. Alloh taolo ularni ayol uchun maxsus qilib, eri va mahramlari oldidagina koʻrsatishini taъkidladi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam ayollarini qoʻllari hinasiz boʻlib yurishini yoqtirmas edilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilan hadisda: “Albatta, yahudiy va nasorolar boʻyoq ishlatmaydi. Sizlar ularga xilof qilinglar”, deyiladi.

5. Zeb-ziynat va taqinchoqlar ila yasanish. Barmoqlarga uzuk taqish ham ayollarga xos ishlardan boʻlib, ularning oʻz taqinchoqlarini sadaqa qilishga qiziqtiradigan hadislar koʻplab vorid boʻlgan. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tilla va kumush taqinchoqlari, javohir uzuklarini olib kelib berishar edi.

6. Ikki koʻzga surma qoʻyish. Bu narsa kipriklarni parvarishlash va Alloh taologa yaqinlashtiruvchi ibodat turlaridan biridir. Surma insoniyatga ibtidoiy davrdan beri maъlum boʻlib,  u bilan davolanishgan. Sunnati sharifda surma qoʻyishga doir chaqiriqlar koʻp. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Surmalaringizning eng yaxshisi ismiddir. U koʻzni ravshan qilib, kiprikni oʻstiradi”, deganlar.

7. Bugungi kunda ayollar yuz, soch, qoʻl va tananing boshqa qismlari uchun ishlatadigan  pardoz-andoz vositalari.

Bular insonning tabiiy koʻrinishiga koʻrk beradigan  baъzi vositalar hisoblanadi. Davrlar almashinishi natijasida ular tarkibiga mavjud va yangi moddalar kiritilib, koʻrinish va holati oʻzgarib turadi.

Insonning ziynatlanishi aslida muboh boʻlsa-da, uning holati va vositalari turiga koʻra harom boʻlish oʻrinlari ham bor. Quyida biz muboh va harom boʻlgan ziynat turlari haqida maъlumot beramiz.

Davomi bor...