06.12.2023 02:09
ABDULQUDDUS AMAKINING SABOQLARI
Bismillahir rohmanir rohiym.
Assalomu alaykum, aziz bolajonlarim, ko’zimning oqu qarolari! Sizlar televizor orqali «Abdulqundus amakining qissalari» degan ko’rsatuvni ko’p marta tomosha qilgansiz. Ammo ular shunchaki ertak, hayotda bo’Imagan voqealar, xolos. Bugun siz qo’lingizga olgan mana bu «Abdulquddus amakining saboqlari» kitobchasi sizlarga judayam zarur kitob. Undagi saboqlar hozir ham, kelajakda ham hayotingizda ko’p marta kerak bo’ladi.
Bu saboqlar sizlarga qanday yashash lozimligini o’rgatadi. Bilmagan, eshitmagan narsalaringiz bilan tanishtiradi. Yaxshilik nimaligini tushuntirib, yaxshilik qilishga chorlaydi. Yomonlik nimaligini bildirib, yomon ishlardan qaytaradi.
Shuning uchun ularni erinmay, qunt bilan, diqqatni bir joyga to’plab o’qib chiqing! Tushunmay qolgan joylaringizni kattalardan so’rab oling. 0”qiganlaringizning ma’nosini anglab, eslab qolishga harakat qiling! O’zingiz to’la tanishib chiqqandan so’ng kitobchani aka-ukalaringizga, opa-singillaringizga, do’st va qarindoshlaringizga ham o’qigani berib turing! Shunday qilsangiz, savobga (Xudoning mukofotiga) sazovor bo’lasiz, xo’pmi?
ABDULQUDDUS AMAKINGIZ
BIRINCHI SABOQ
POKLANISH VA ILK KALOMLAR
Assalomu alaykum, mening aziz nuridiydalarim! Qani, yaxshilab joylashib o’tiringchi! Bugun birinchi mashg’ulotimizni boshlaymiz. Ammo siz ana shu mashg’ulotga biroz tayyorlanib olishingiz kerak. Buning uchun eng avvalo tahorat qilib poklanib kelish zarur. Tahorat qilish unchalik qiyin ish emas. Qo’llaringizni uch marta yaxshilab yuvasiz, og’izga uch marta suv olib chayqab, tishlarni tozalaysiz, burunga uch bor suv yuborib poklaysiz. Keyin yuzingizni uch marta yaxshilab yuvasiz. So’ngra ikki qo’l bilaklarini tirsaklar bilan qo’shib yuvgach, boshning to’rtdan bir qismini ho’llab mash tortasiz. Shundan so’ng oyoqlarni to’pig’i bilan qo’shib, panjalar orasiga barmoq tiqib yaxshilab yuvasiz. Hammasini qilib bo’ldingizmi? Ana endi siz pokiza bo’ldingiz. Musulmon bolalar doimo ana shunday pok yurishlari zarur. Chunki hali ulg’ayib namoz o’qiydigan, Qur’on o’rganadigan, boshqa ibodatlarni bajaradigan bo’lsangiz, albatta, tahorat kerak bo’ladi.
Qani endi «Bismillahir rohmanir rohiym» deb cho’kka tushib o’tiring-chi! Nega bunday deyapsiz, uning ma’nosini bilasizlarmi? Buning mazmuni shunday: «Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman». Har bir musulmon farzandi nima ish qilsa ham, xoh dars o’qisin yo biror ishni boshlayotgan bo’lsin, uyga kirayotgan yoki dasturxonga o’tirib ovqatlanayotgan bo’lsin, xoh uyquga yotayotgan yoki kiyim kiyayotgan bo’lsin, albatta, ana shu so’zlami aytishi kerak. «Bismilloh»siz boshlangan hech bir ish Allohga xush kelmaydi. Musulmonchilikda hatto ana shu jumlani aytilmay so’yilgan hayvonning go’shtini yeb ham bo’lmaydi.
Bundan tashqari siz bilib olishingiz kerak bo’lgan yana bir kalima bor. U arabchada mana bunday o’qiladi: «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym». Ma’nosi: «Quvilgan shaytonning yovuzligidan Allohning panohiga, himoyasiga qochaman» degani. Qur’ondan bir oyat o’qisangiz ham albatta, ana shuni aytish kerak. Hattoki hojatxonaga kirayotganda ham shunday deyilishi lozim.
Bugun sizga aytadigan gaplarim shular, xolos. Yanagi mashg’ulotgacha ana shu ikki kalimani yaxshilab yodlab oling, xo’pmi?
Ahmad MUHAMMAD