20.06.2025 09:16
172

Odam alayhissalom qanday yaratildi?


Shubhasiz, Odam alayhissalom insoniyatning boshi sanaladi. Alloh taolo u kishini loydan, komil inson koʻrinishida yaratdi. U kishining komil inson koʻrinishiga kelishlari darvinchilar iddao qilgandek qaysidir maxluqotlardan birining koʻrinishida yaratilib, vaqti-vaqti bilan takomillashish yoki shunga oʻxshash yoʻllar bilan yuzaga kelmadi. Ularning iddaosiga koʻra, insoniyatning avvali maymun boʻlgan va bir qancha bosqichlardan oʻtib, hozirgi maъlum koʻrinishga ega boʻlgan.
Lekin bu botil nazariya hisoblanadi. Chunki Alloh taolo Odam alayhissalomni loydan yaratib, unga ruh kirgizdi va shu bilan Odam goʻsht va qondan iborat insoniy koʻrinishga ega boʻldi. Quyidagi oyat buni tasdiqlaydi: “Esla, Robbing farishtalarga dedi: “Albatta, Men loydan bashar yaratuvchidirman. Bas, uni rostlab, ichiga ruhimdan puflaganimda, unga sajda qilib, yiqilinglar!”, (Sod surasi, 71-72 oyatlar).

Qurъon tili boʻlmish arab tili qoidasiga koʻra, ushbu oyatda sajda qilib yiqilinglar maъnosini anglatuvchi “فقعوا” soʻzining boshidagi “ف – fo” harfi oʻzidan keyin ifoda qilinadigan ish-harakatning darhol yuzaga kelishini taqozo etadi. Yaъni, agar bir feъlning boshida ushbu “ف – fo” harfi bor boʻlsa, u ishda kechikish boʻlmagan degani. Bunga koʻra, Alloh taolo Odamga ruh puflashi bilan farishtalar unga sajda qilishlari kerak boʻlgan. Bundan kelib chiqadiki, farishtalar sajda qilar chogʻda Odam alayhissalomning yaratilishi tom maъnoda yakunlanib, u kishining insoniy koʻrinishi oyatning ifodasi bilan “rostlangan”, komil suratda boʻlgan.
Qolaversa, Nabiy sollallohu alayhi va sallam oʻzlarining hadisi shariflarida “Alloh Odamni oʻzining koʻrinishida yaratdi” deganlar. Bu ham Alloh taoloning Odamni maymun yoki boshqa maxluqotning koʻrinishida emas, oʻzining mukammal insoniy koʻrinishida yaratginini taqdiqlaydi.
Umrini turli xil ilmiy munozara va izlanishlar bilan oʻtkazib, Islomiy ilmlarga yanada kengroq ufq qozondirgan imom Faxruddin Roziy ham bu borada oʻz tafsirlarida “Alloh taolo Odamni inson koʻrinishida yaratdi”, deb aytganlar.

Mavzuga aloqador