22.02.2025 08:28

Chinn



Onam Mahmud akamni uylantirib qoʻyish mavzusini tez-tez ochadigan boʻldi. Mahmud akam uylar tor ekanini, bir xonani oʻzi egallab olsa, qolgan oila aъzolariga zulm boʻlishini aytib, rad javobini berardi. Yana biror xona qurib olgach, uylanishga rozi boʻlar ekan. Tovuq katagidek keladigan uchta xonamiz boʻlardi. Onam uch xonaning biriga Mahmud uylansa, qolgan ikki xonaning birida onam va opalarim, ikkinchisida biz  -  oʻgʻil bolalar yashasak boʻlishini aytib, koʻndirishga harakat qilardi. Mahmud akam rad etib:  «Boʻlmaydi. Mehmon kelib qolsa, qaerga olib kiramiz?», derdi. Onam javob berardi: 

- Nima qilibdi?! Mehmon kelsa, bizning xonamizga yo ukalaringning xonasiga kiraveradi-da... Lagerdagilarning hammasida shu ahvol-ku hozir! Amakingning hovlisi ham turibdi. Xonalari nurab ketgani rost. Lekin taъmirlab, biror xonasidan foydalanib turarmiz.

Amakimning hovlisidagi yashashga yaroqsiz boʻlayozgan uchta xonani taъmirlay boshladik. Biriga Mahmud uylanadigan boʻldi. Shu bilan mehmonlar uchun ham, Hasan akam uylanishi uchun ham xonalar etarli boʻlib qoldi. 
Amakimning hovlisini yaroqli holga keltirgach, Mahmud akam onamga Hasan akamni ham qoʻshib uylantirish taklifini berdi. Shunda ham toʻy harajatlarini tejab qolardik, ham Hasan akam ham oila qurib qolar edi. 

- Hasan juda yaxshi bola. Mening oʻqishim va roʻzgʻor deb oʻz taъlimidan voz kechgan. Inim ham uylanib qolsa, shodligim ikki hissa boʻlardi, - dedi Mahmud akam. Onamga ham bu fikr maъqul kelib, Hasan akamni toʻyga koʻndirish operatsiyasini boshlab yubordilar. Bir necha kunlik bosim va targʻibotlardan soʻng Hasan akam ham toʻyga rozi boʻldi. Endi oldinda asosiy ish – kelin topish qolgandi. Onam ikkisidan ham qanday qiz izlashini, nima shartlari borligini soʻrab, ularni hijolatga qoʻyardi. Ulardan joʻyali javob ololmagach, oʻzi yaxshi oilaning qizi deb bilgan tanlovlarni galma-galdan taklif qilib chiqardi. Shu bilan onam ham mahallama-mahalla yurib, kelin izlashga tushib ketdi. Qaysi xonadonda qiz bor deb eshitsa, oʻsha xonadonga borib, uy tozaligini, oilasidagi urf-odatlarni, tartib-intizomni tekshirib kelardi. Bunday sovchilikka borgan xonadonlarining aksaridan norozi boʻlib qaytardi. Opam oʻqituvchilar oliygohida oʻqiydigan bir qizni taklif qilib qoladi. Uning toʻlin oydek ekanini, goʻzal xulqini, oilasi ham odmigina  -  oʻzimizga mos oila ekanini eshitgan onam sovchilikka uchib bordi. Uyga qaytganida yuzlarida rozi-rizolik alomati sezilib turardi. Buyogʻiga ikki yosh bir-birini yoqtirsa, toʻy edi. Onamning qizni taъriflashidan soʻng bosh muhandis rad qilarmidi..? Endi kelin tarafni rozi qilsa bas, toʻy kunini belgilash qolardi, xolos. Ertasi kuni onam yana qiz tarafga borib, rasmiy ravishda sovchilikka kelish haqida izn soʻradi. Qizning onasi xoʻjayini bilan engil maslahat oʻtkazib olgach, juma kuni asrdan keyin kelishlari mumkinligini aytdi. 

Juma kuni togʻam va Fotima opamlar ham keldi. Koʻplashib borib, ikki yoshni uchrashtirib, bir-birlariga maъqul boʻlishgach, Mahmud va Vidadni unashtirib qaytishdi. Bu xushxabar qiz tarafda ham, kuyov tarafda ham zagʻrudalar bilan nishonlandi. Ikki oydan keyinga toʻy ham belgilandi. Ikki oy muddat Vidadning oʻqishini yakunlab olishi, onamni esa, Hasan akam uchun qiz topishga berilgan muddati boʻldi.

Onam qancha izlamasin, Hasanga munosib qiz topishga qiynalardi. Qaysi qizni koʻrsa, yoqtirmay kelardi. Unisining sochi jingalak, bunisining burni uzun, boshqasi ozodamas, yana boshqasining uyi ivirsiq,  xullas, Hasanga navbat kelganda, onamning qiz yoqtirish xususiyati ishdan chiqib qoldi. Koʻngliga oʻtiradigan kelin topolmay, oʻzi ham qiynalib ketgandi. Bir kuni Hasan akam onamdan: «Ona, nega oʻzingizni qiynaysiz?», deb soʻradi. Onam jahl bilan oʻgirilib, soʻzladi: 

-Sening kam joying bormi?  Senga munosibini izlab topish oson boʻlmaydi-da..
Hasan akam kulimsirab, dedi: 
-Aytmoqchi boʻlganim, aslida kelin shundoqqina yoningizda, sizdan uzoq emasdi. Beandishalik boʻlmasin, deb aytolmagandim. Qiynalib ketganingizga aytsam, sizga engil qilgan boʻlaman, deb oʻyladim. 

Onam Hasanga taajub ila termulib dedi: 
-Nima demoqchisan? Yoki oʻzingda biror... Xoʻsh-xoʻsh.. Kim u?! 
-Suъad, oyi! Qoʻshnimiz Ummu Abd bor-ku, shuning qizi Suъadni aytyapman. Yaxshi qiz, toʻgʻrimi?  Sizga yoqardi-ku?

Onamning yuziga tabassum yurib,  Hasanni erkalata ketdi: 

-Obbo bizning shayx Hasan-e.. Suъadni yaxshi koʻrardim, degin?  

Hasan akamning hijolatdan yuzi qizarib, gapida davom etdi: 

-Ona, meni yaxshi bilasiz-ku, ulgʻayganimizdan buyon  biror marta ham u qizga qaramaganman. Tarbiyali qiz deb oʻzingiz maqtardingiz-ku. Qolaversa, oʻzimizday nochor oila. Ota-bobolarimiz aytishgan-ku, «Yurting loyini yuzingga surt»,  deb (Falastin xalq masali. Buni kishi oʻz qarindoshidan, qishloq-shaharidan, mahallasidan, yaъni, oʻzi yaxshi bilgan erdan uylanishiga targʻib oʻlaroq qoʻllaniladi). 

Onam Hasan akamning gaplarini jiddiy aytyaptimi-yoʻqmi aniqlagach, opamlardan maslahat oldi. Ular ham yaxshi sifatlarini aytib, maqtashdi, maъqullashdi. Onam erta tongda Ummu Abdning xonadoniga chiqib, bor gapni ochiqladi. Ummu Abd peshingacha vaqt berishini soʻrab, qizining koʻngliga qoʻl solib koʻrmoqchiligini aytdi. Onam peshindan soʻng yana Ummu Abdnikiga javob olish uchun chiqib ketdi. Javobning qanday boʻlganini onam va Ummu Abd ikkisining zagʻrudalari ovozidan bilib olgandik. Mahalla-koʻy tabriklash uchun xonadonimizga tashrif buyura boshladi. 

Uyimizda allaqachon toʻy taraddudlari boshlanib ketgandi. Avvalgi bir oy hech kim tinmadi. Onam ikki quda boʻlmishning uyi bilan oʻz uyimiz orasida yashadi. Men, Muhammad akam va amakivachcham Ibrohim toʻyning asosiy xizmatchilaridan boʻldik. Toʻyning avjida onam dodlab yigʻladi. Atrofini oʻrab olgan aka-opalarimga yigʻlashining sababi otamiz shunday kunlarimizda biz bilan birga boʻlolmaganini aytib, hammamizni yigʻlatdi.

Davomi bor...