Moskvadagi qonli hujumlardan soʻng Rossiyada millatchilik va shovinizm qaytadan bosh koʻtardi. Muhojirlar kaltaklanmoqda, vandalizm va irqchilik holatlari koʻpaygan. Markaziy Osiyo davlatlari (Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Tojikiston va Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi, elchixonalari va boshqa mutasaddi idoralari) Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarini ogohlantirdi. 

Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Rossiyadagi mehnat muhojirlarining salmoqli qismini tashkil etadi. Ular, ayniqsa, chakana savdo, transport va qurilish sohalarida koʻp. Rossiya Ichki ishlar vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, Rossiyada Markaziy Osiyodan 10,5 millionga yaqin muhojir mehnat qiladi. Bundan ham koʻprogʻi roʻyxatdan oʻtmaganlar boʻlishi mumkin. Bu Rossiyaning vizasiz rejimi bilan bogʻliq.

Afsuski, hodisadan keyin muhojirlarga nisbatan bosimlar kuchaydi. Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Blagoveshensk shahrida muhojirlarga tegishli korxona yoqib yuborildi, Moskva janubi-gʻarbidagi Kaluga shahrida esa bir necha muhojir kaltaklandi. Qirgʻizistonlik muhojirlar ikki kun davomida Moskvaning Sheremetevo aeroportida ushlab turilgan va uylariga qaytarilgunga qadar oziq-ovqat va suvsiz xonaga qamalgan, Moskvadagi taksi haydovchilaridan esa mijozlar tojikistonlik emasmisan deb soʻray boshladi. Politsiya butun mamlakat boʻylab yotoqxonalar va muhojirlar yotoqxonalarida reyd oʻtkazdi va bir necha kishini hibsga oldi.  Ularning soni oʻsishda davom etayapti. Rossiyadagi kamsitishlar odatda “slavyanga oʻxshamagan” muhojirlarga taʻʻsir qiladi, “xoʻrlash va zoʻravonlik asosan oddiy odamlardan emas, Rossiya huquq-tartibot organlaridan keladi”. Bu esa Rossiyada millatchilik va shovinizmning yanada kuchayishiga turtki berdi. Aslida millatchilik Rossiyaga yot hodisa emas. 1916 yilda general Kuropatkin: “Turkistonliklar oʻz mahalliy va milliy manfaatlarini Rossiya va buyuk rus xalqining manfaatlari bilan bir qatorga qoʻya olmaydilar. Rossiya eng avvalo ruslar uchundir…” degan edi. Proletariat dohiylaridan biri – Frixrix Engels Rossiyani “Millatlar zindoni” deb atagan. U bugun ham millatlar zindoni holida qolgandir.

Aslida terrorchilikning millati va dini boʻlmaydi, deyishadi. Ammo Rossiyada 4 nafar tojikni deb butun noslavyan koʻrinishdagilar yomonotliqqa chiqdi. Rossiyaning barcha shaharlarida bunday reydlar va ommaviy deportatsiya qilish holatlari koʻpaydi. Ayniqsa, tojikistonlik migrantlar va masjidlar reydlarning asosiy nishoniga aylanmoqda. Sabablari oddiy. Nazarimizda, bugungi millatchilikning birinchi omili Rossiya hukumatining oʻzini saqlab qolish urinishi. Ukrainaga qarshi urushning kuchayib borishi sharoitida xalqning noroziligi paydo boʻlayotgandi. Xalqning koʻtarilishi oldini olish, ularni bir maqsad yoʻlida birlashtirish. Yaʻʻni barcha muammolarda Ukraina va mustaqilligini saqlab qolishga urinayotgan davlatlarni olaboʻji qilib koʻrsatish. Aybni Ukrainaga agʻdarish orqali xalq qoʻllovini kuchaytirishga erishish. Ijtimoiy va iqtisodiyotni rasvo qilishgani oshkor boʻlib qolayotgani fonida darrov aybni migrantlarga agʻdarish. Yaʻʻni xalq uchun tashqi dushman topib beriladi. Bu goʻyo rus xalqini jipslashtiradi. Xalqni hukumatning oʻgʻirligi, noʻnoqligi bois kelib chiqqan siyosiy-iqtisodiy muammolardan chalgʻitadi. “Hamma muammolarga mana shu kelgindilar aybdor, ular boʻlmaganda ish joylari koʻp boʻlardi, yaxshiroq yashardinglar” degan mujda beriladi. Birorta migrant kichkina maʻʻmuriy jarimaga sabab boʻladigan qoidabuzarlik qilsa ham “mana hamma jinoyatni migrantlar” qilyapti, deb jar solinadi. Yolgʻon yashiqdan iborat propaganda mashinasi ishga tushadi. Davlat resurslari jalb etiladi. Barcha yomon jinoyatlar faqat migrantlar tomonidan amalga oshirilyapti, degan fikr singdiriladi. Sodda xalq ham bu informatsion tuzoqqa laqqa tushadi. Alamini kelgindilardan oladi. Natijada, koʻchalarda xorijliklarga hujumlar, ularni haqorat qilish, doʻkon va idoralarda ularga xizmat koʻrsatishni rad etish holatlari koʻpayadi. Hukumat shu yoʻl bilan aholini asosiy va oʻtkir muammolardan chalgʻitadi.

Qolaversa, Ukrainadagi urush fonida Markaziy Osiyo davlatlarining Moskva tizginidan chiqib ketayotgani Kremlni tashvishga solib qoʻydi. Endi Moskva migrantlarga bosim koʻrsatish orqali Tojikistonni Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilishga, Oʻzbekistonni EOII va ODKBga qaytarishga bosim koʻrsatmoqchi. Shu yoʻl bilan Markaziy Osiyodagi davlatlar aholisining migrantlar joʻnatayotgan pulga qaramligi, ishsizlikni, yaʻʻniki siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin boʻlgan muammoni aynan Rossiya bilvosita jilovlab turgani eslatib qoʻyiladi. Boz ustiga, RF mudofaa vaziri Shoygu MOda minglab Rossiyaga qarshi NNT lar Gʻarb qoʻli bilan yaratilgani haqida bayonot bergan edi. Endi bu NNTlar xavfsizlikka tahdid soluvchi terroristik, ekstremistik guruhlarga moyil kuchlar sifatida faoliyati cheklanishi mumkin. 

Qolaversa, Ukraina masalasida Rossiya Markaziy Osiyo davlatlaridan koʻproq hamkorlik istaydi. Biroq siyosiy maydonda yakkamoxov boʻlib qolgan Rossiya bilan hamkorlik hozir yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois rus hukumati shu yoʻl bilan mintaqa davlatlariga oʻziga xos “signal” yoʻllayotgan boʻlishi ham mumkin.

Rossiya elitasi millatchilik ogʻir oqibatlarga olib kelishini tushunmayapti yoki qasddan sodir etyapti. Bu ogʻir muammolarga olib kelishini Checheniston rahbari Ramzon Qodirov ham bejizga taʻʻkidlagani yoʻq. Millatchilik – bir hududda yashayotgan bir qism aholining, shu hududda yoki qoʻshni mamlakatlarda yashayotgan boshqa bir qism aholiga nisbatan har qanday koʻrinishdagi adovatidir. Bu – siyosat. Boshqaruv qoʻldan ketishi mumkin boʻlgan vaziyatlarda koʻpchilikning eʻʻtiborini, diqqatini boshqa nuqtaga qaratish, chalgʻitish orqali maqsadga etish siyosatidir.

Millatchilik fashizmning, natsizm, shovinizm, rasizm, sionizm va boshqa illatlarning hamrohi. Demak, millatchilik avj olgan erda ulardan hech boʻlmasa biri tomir otadi. Ayrimlar millatchilikning davlat va uning tub aholisi uchun ijobiy oqibatlari ham bor, deyishadi. Asosan bu hol fidoyilikka, vatanga muhabbatga sabab boʻladi deb bilishadi, uqtirishadi. Aslida, bu oʻzni aldashdan boshqa narsa emas. Sababi, har qanday millatchilik negizida ksenofobiya – oʻzgalardan choʻchish, “begonalar” dan hadiksirash, nafratlanish tuygʻusi yotadi. Vatanni sevishning esa millatchilikka umuman aloqasi yoʻq. Oʻzga bir millatni, xalqni yomon koʻrish vatanni sevishga olib kelmaydi. Vatanga muhabbat qoʻygan kishi uning boru yoʻgʻini, oqu qorasini, balandu pastini, barcha millatlarini bab-baravar sevaveradi.

Aytmoqchimanki, Rossiyada millatchilik va shovinizm toʻxtamaydi. Rivojlanishda davom etadi. Kim hokimiyat tepasida boʻlishidan qatʻʻiy nazar, mamlakat hududini kengaytirishda davom etadi. Biz buyuk millatmiz. Bizga Gʻarb tahdid solmoqda, degan maʻʻnoda sobiq sovet respublikalarini oʻz nazorati ostiga olishdan tap tortmaydi. Endi Kremlʻ ular bilan teng huquqli ittifoqdosh mamlakat tuzmoqchi emas, balki ularni oʻz tarkibiga qoʻshib olmoqchi. Rossiyalik tarixchilar va siyosatchilarning tez-tez oʻzbeklar va markaziy osiyoliklarni kamsituvchi bayonotlari shundan dalolat beradi. Markaziy Osiyo davlatlari ham Moskva taʻʻsir doirasida boʻlgani sababli achchiq bayonotlarga qaramay, uzoqlasha olmaydi.   

Rossiya rasmiylari muhojirlarga qarshi keng koʻlamli kampaniyalarni olib boraveradi. Oʻtgan yilgi kampaniya natijasida 15 mingdan ortiq muhojir deportatsiya qilingani xabar qilingan. Tojikiston, mutaxassislarning aytishicha, yalpi ichki mahsulotining yarmi qarindoshlarning xorijdan yuborgan pul oʻtkazmalariga toʻgʻri keladi. Shuning uchun ham ular “koʻp muammolarga qaramay” Rossiyaga boraveradi. Rossiyaning murakkab immigratsiya qonunlari, hatto qonuniy kelgan ishchilar ham koʻpincha kerakli hujjatlarsiz qolib ketishiga sabab boʻladi. Hujjatsiz muhojir boʻlish ularning ish beruvchilar tomonidan tahqirlanishiga, yomon yashash sharoitlariga va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati boʻlmasligiga sabab boʻladi. Moskvadagi teraktdan koʻp oʻtmay, bir qancha rossiyalik deputatlar immigratsiya qonunchiligini kuchaytirishga chaqirdilar. Ulardan biri muhojirlarni Rossiyadan “kichik qoidabuzarlik uchun” chiqarib yuborishni taklif qilgan. Lekin bunga real imkoniyat yoʻq, chunki Rossiya ham Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlardan naf koʻradi. Bundan tashqari, siyosatchilar Rossiyaning jamiki aholisi va Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar Gʻarbga qarshi birlashishi kerak, deb turishibdi. Ikkinchi tomondan esa, Ukrainaga qarshi urush bahonasida oʻta oʻng kayfiyatlarga oʻzlari moy sepib qoʻyib, endi bu jangari kayfiyat migrantlarga qarshi qaratilishining oldini olishga aqllari etmayotir. Qolaversa, ular yaqinda patriarx Kirilldek nufuzli odam tili bilan “migrantlar, ayniqsa markaziy osiyoliklar Rossiya uchun xatarli, chunki ular boshqa din mansublari boʻlib, rossiyaliklarning tamadduniy birligiga putur etkazadi”, degan gapni aytishdi. Boshqa tarafdan esa, Ukraina urushi munosabati bilan Rossiyada demografik inqiroz keskinlashgan va Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantlarisiz hukumat inqiroz oldida ojiz qoladi. Ukrainadagi urush sababli Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi ortgan. Biroq koʻp yillik taranglik va ksenofobiya Rossiyadagi muhojirlarning asabiy yashashiga sabab boʻladi. Rossiyalik siyosatchi, Vladimir Putinning asosiy safdoshi Sergey Mironov “milliy xavfsizlikni mustahkamlash” uchun Markaziy Osiyo davlatlari aholisi uchun vizasiz safarni bekor qilishni taklif qildi. Hududiga nisbatan aholisi kam boʻlgan Rossiya bu choraga qoʻl urolmaydi. Faqat Rossiya hukumati terrorchilik hujumlariga qarshi turish uchun migratsiya jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkin.  

Nazarimda ksenofobiya sharoitida ham MO xalqi Rossiyada ishlashdan koʻngil uzolmaydi. Avval ham ishlagan, bundan keyin ham bu jarayon davom etadi. Ammo teraktlar alami rossiyaliklarning esidan chiqqunicha mintaqa davlatlari, ayniqsa tojikistonliklarning qoʻrquvdan qaytib kelish holatlari kuchayadi. Ikki buyuk davlat – Xitoy va Rossiya oʻrtasida joylashgan MO davlatlari Moskva bilan murosa qilib yashashdan, aholining esa Rossiyada mehnat migranti sifatida ishlashidan boshqa iloji yoʻq. Rossiya mabodo urushda Ukrainani engsa, albatta, gʻolib sifatida uning katta hududiga ega chiqadi va natijada u erni qayta tiklash uchun yana “qora mardikor” lar armiyasi kerak boʻladi. 


Mavzuga aloqador