Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozogʻiston islom moliyasidan foydalanish boʻyicha etakchi oʻrinni egallaydi. Mintaqadagi barcha islomiy moliyaning 68 foizi ushbu davlat hissasiga toʻgʻri kelmoqda, deya xabar qildi "Anadolu" agentligi.

Qozogʻiston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi raisi oʻrinbosari Oljas Kizatov mamlakatda islomiy moliya sektori sezilarli rivojlanishi kutilayotganini aytdi.

“Islomiy moliyani rivojlantirish uchun klassik banklar tomonidan yaratilgan islomiy darchalar doirasida operatsiyalarni amalga oshirish va islom bankini anʻʻanaviy bankka aylantirish imkoniyatini yaratishni rejalashtirmoqdamiz”, - deya tushuntirdi u.

Kizatovning qoʻshimcha qilishicha, ayni paytda mamlakatda ikkita islom banki faoliyat yuritmoqda.

Islom taraqqiyot banki instituti bosh direktori v.b. doktor Sami Al-Suvaylim soʻnggi 30 yil ichida jahon hamjamiyati duch kelgan yirik iqtisodiy inqirozlarga eʻʻtibor qaratdi.

“Bu inqirozlar hukmronlik qilayotgan moliya tizimida jiddiy muammolar va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi. Shuning uchun odamlar gʻarbdan sharqqa qadar hamma joyda muqobil yoʻl izlamoqda. Bu dunyoda islomiy moliyaga qiziqish ortib borayotganining muhim sabablaridan biridir”, dedi u.

Al-Suvaylim islom moliyasining Markaziy Osiyo mintaqasiga qoʻshgan hissasini qayd etdi.  

“Islom moliyasining asosiy maqsadlaridan biri qashshoqlikka qarshi kurashish va real iqtisodiyotga xizmat qilishdan iborat. Markaziy Osiyo mamlakatlari koʻplab sohalarda katta resurslar va salohiyatga, iqtisodiy imkoniyatlarga ega. Shuning uchun biz islomiy moliya mintaqaga oʻz resurslaridan foydalanishga, salohiyatni ochishga va mintaqada barcha uchun farovonlik yaratishga yordam beradi, deb ishonamiz”, — dedi u.

Hamkorlik moliyasi deb ham ataladigan islomiy moliyaning ulushi 2024 yil boshida jahon bozorida 4 trillion dollarga, jahon bank sektoridagi aktivlar esa 2 foizga etdi.

Evroosiyo taraqqiyot banki (ETB) tomonidan eʻʻlon qilingan hisobot maʻʻlumotlari ham bundan dalolat beradi.

Hozirda islom banklari 40 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda. Islomiy moliya sektori Fors koʻrfazi mamlakatlari va Janubi-Sharqiy Osiyoda, shuningdek, Evropa va Shimoliy Afrikada faol rivojlanmoqda.

Evropada Britaniya halol moliyalashtirish boʻyicha etakchi hisoblanadi. Bu erda islom banki aktivlari hajmi 7,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Tojikiston kabi mamlakatlarda esa islomiy moliya sektori endigina paydo boʻlmoqda.

Bu mamlakatlarda islom moliyasining ulushi 0,2 foizdan 1,5 foizgachani tashkil etadi, biroq ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida islomiy moliyani rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etib, kelajakda bu sektor oʻsishini taʻʻkidlamoqda.

Evropa taraqqiyot banki direktorlar kengashi raisi oʻrinbosari Ruslan Dalenovning "Anadolu" agentligiga maʻʻlum qilishicha, hisob-kitoblarga koʻra, 2027 yilda islom moliyasining dunyodagi ulushi 6,7 trln dollargacha oshadi.

Mavzuga aloqador