Oʻzbekistonda “Haj – 2024” mavsumi 23 maydan boshlanadi
Musulmonlar idorasi Oʻzbekistonda haj mavsumi 23 maydan boshlanishini eʻʻlon qildi. Mamlakatdan Saudiya Arabistoniga 7 iyunga qadar 10 ta hududdan har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Oʻzbekistonda
haj mavsumi 2024 yil 23 maydan boshlanadi. Respublikamizdan Saudiya Arabistoni
Podshohligiga shu yil 7 iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi, deya
xabar qildi Musulmonlar idorasi matbuot xizmati.
Mamlakatimizning
10 ta hududiy aeroportidan toʻgʻridan-toʻgʻri Toshkent-Madina, Buxoro-Madina,
Namangan-Madina, Fargʻona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina,
Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina aviareyslari orqali ziyoratchilar
haj safariga kuzatiladi. Barcha parvozlar "Uzbekistan Airways"
AJ aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha
Respublika jamoatchilik kengashi joriy mavsumga tayyorgarlik ishlarini turli
yoʻnalishlarda jadal davom ettirmoqda. Jumladan, ziyoratchilarni tibbiy koʻrikdan
oʻtkazish, emlash, guruh rahbarlarini biriktirish, safar oldi mashgʻulotlar oʻtkazish,
shifokorlar va oshpazlar guruhini jalb etish hamda safar hujjatlarini
rasmiylashtirish ishlari yakuniga etkazilmoqda.
Shu kunlarda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj arkonlari
haqida suhbat qilmoqdalar. Har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” nomli
qoʻllanma, sumka, nimcha kabilar taqdim etilmoqda.
Ushbu mavsumga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish
maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga etib borib, ayni kunlarda
barcha tashkiliy ishlarni bajarmoqda.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy
tarmoq sahifalarida haj amallari haqidagi turkum suhbatlar, tavsiyalar,
maqolalar, sharʻʻiy savol-javoblar eʻʻlon qilinmoqda.