Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida foydali qazilmalar sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat geologiya-qidiruv va yuqori qiymatli mahsulotlar zanjirini yaratish yoʻlida ikki davlat muloqotini davom ettirishda muhim qadam ekani qayd etildi.

Oʻzbekiston va AQSh foydali qazilmalar sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muhim foydali qazilmalar boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat 16 sentyabrʻ kuni Toshkentda togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi oʻrinbosari Omonullo Nasritdinxoʻjaev hamda AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik tomonidan imzolandi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz vazirlik axborot xizmatiga tayanib.

Qayd etilishicha, 2023 yilning sentyabrida Nʻyu-Yorkda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi sammitda AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari foydali qazilmalar boʻyicha muloqot boshlash niyatida ekanliklarini maʻʻlum qilishgan. Ushbu memorandum AQSh va Oʻzbekiston tomonidan mazkur saʻʻy-harakatlarni ilgari surish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ilk qadamlardan biri hisoblanadi.

«Mazkur hujjat geologiya-qidiruv, foydali qazilmalarni qazib olish va yuqori qiymatli mahsulotlar zanjirini yaratish yoʻlida AQSh — Oʻzbekiston muloqotini davom ettirishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi», — deyiladi vazirlik axborotida.

«Minerallar va nodir er elementlari toza energiya hamda boshqa texnologiyalar uchun zarur boʻlib, bizning iqtisodiyotimizda tobora muhim rol oʻynamoqda. Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning togʻ-kon sanoatiga xususiy sektor sarmoyasini jalb qilish boʻyicha faol ish olib bormoqda. Oʻzaro anglashuv memorandumi, shuningdek, global togʻ-kon sanoati sohasida yuqori ekologik, mehnat va boshqaruv standartlarini taʻʻminlashga qaratilgan umumiy maqsadimizni oʻzida aks ettiradi», — deyiladi AQSh elchixonasi axborotida.

«Qoʻshma Shtatlar va Oʻzbekiston kelajakning energetika landshaftini shakllantiradigan mustahkam va xavfsiz taʻʻminot zanjirlariga ega boʻlish uchun birgalikda ishlashi kerak. Ushbu memorandum global mineral taʻʻminot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va ikki tomonlama savdo aloqalarimizni kengaytirish boʻyicha umumiy majburiyatimizni namoyish etadi», — dedi elchi Jonatan Henik.

Taʻʻkidlanishicha, hujjat Oʻzbekiston delegatsiyasining 24−26 sentyabrʻ kunlari Las-Vegas shahrida (AQSh, Nevada shtati) boʻlib oʻtadigan MINExpo INTERNATIONAL — togʻ-kon sanoatidagi eng yirik tadbirida ishtirok etishi arafasida imzolandi.

Mavzuga aloqador