Afgʻoniston Markaziy Osiyo bilan chegaralarini qayta koʻrib chiqmoqchi
Afgʻoniston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi chegaralarni suv toshqinlari yuvib ketgan va ular qayta belgilanib chiqiladi, dedi energetika va suv resurslari vaziri v.b. Abdul Latif Mansur hududiy kelishuvlardagi ehtimoliy oʻzgarishlarga ishora qilgan holda.
Afgʻonistonning Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan
chegaralari suv toshqini tufayli noaniq boʻlib qolgan va ular qayta belgilanib chiqiladi. Bu
haqda “Tolibon” hukumati energetika va
suv resurslari vaziri vazifasini
bajaruvchi Abdul Latif Mansur maʻʻlum qildi, deya xabar bermoqda TOLOnews.
“Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarimiz
suv toshqinlari tufayli yuvilib ketdi. Biz avvalgi chegaralarni belgilash boʻyicha
muhim ishlarni amalga oshirmoqdamiz va 20 kun avval oliy etakchimiz bilan bu masalani muhokama
qilgan edik”, — dedi Mansur.
Mansurning soʻzlariga koʻra, Haybatulloh Oxundzoda koʻrsatmasi
bilan tuzilgan bu reja bir qancha vazirliklar, jumladan, Ichki ishlar, Tashqi ishlar,
Mudofaa vazirligi va Razvedka Bosh boshqarmasi ishtirokida amalga oshiriladi. Biroq
vazir strategiya tafsilotlarini oshkor qilmadi.
“Bizning hech bir harakatimiz qoʻshnilarimizga zarar etkazish
niyatida emas. Biz qoʻshnilar zarariga oʻzimizning haq ulushimizdan koʻp suv
ishlatmadik va bunday qilish niyatimiz ham yoʻq”, — dedi Afgʻoniston Energetika
vazirligining katta maslahatchisi Faruk Aʻʻzam.
Afgʻoniston bilan Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston
oʻrtasidagi chegara Amudaryo boʻylab, Tojikiston bilan esa Panj daryosi boʻylab oʻtadi va u Vaxsh bilan
qoʻshilib, Amudaryoni hosil qiladi. Tojikiston bilan chegara uzunligi 1344 km.
Afgʻonistonda hokimiyat tepasiga kelgandan soʻng “Tolibon” Amudaryodan boshlanib, shimoliy uchta
viloyat – Faryob, Balx va Juzjon erlarini suv bilan taʻʻminlaydigan Qoʻshtepa
irrigatsiya kanali qurilishini boshladi. Bu rejalar Amudaryo suvining salmoqli
qismini egallagan Oʻzbekiston va Turkmanistonda xavotir uygʻotmoqda. Biroq afgʻon
hukumati transchegaraviy daryo oqimidan avval foydalanmagan ulush huquqini
taʻʻkidlamoqda.