Joriy yilning 1 iyulʻ holatiga koʻra, Tojikistonga xorijiy kapital oqimi 1,95 milliard dollarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 45,9 foizga koʻpdir. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 153,9 million dollarni tashkil etdi, deya xabar qildi Asia-Plus Tojikiston Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasiga tayanib.

Qoʻmita maʻʻlumotlariga koʻra, 2024 yilning birinchi yarmida mamlakatda umumiy qiymati 4,65 milliard dollarlik 88 ta davlat investitsiya loyihasi amalga oshirilgan.

Asia-Plus taqdim etgan infografika maʻʻlumotlariga koʻra, mamlakatga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning katta qismi – 67,8 mln dollari Xitoy, 50,8 mln dollari AQSh, 14,3 mln dollari Rossiya hisobiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, Turkiya (5,8 mln dollar) va Britaniya (5,2 mln dollar) ham tojik iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan.

Tojkiston iqtisodiyotiga kiritilgan sarmoyalarning asosiy qismi (40 foizdan ortigʻi) davlat byudjetiga toʻgʻri keladi, mintaqaning boshqa mamlakatlarida esa xorijiy investitsiyalar va aholi ulushi ustunlik qiladi, deyiladi xabarda.

Qoʻmita raisi Sulton Rahimzoda Tojikiston vaziyatni toʻgʻirlash choralarini koʻrayotganiga ishontirdi. Uning soʻzlariga koʻra, kapitalni jalb etishning asosiy mexanizmlaridan biri mamlakatning sarmoyaviy imkoniyatlarini taqdim etishdir. Shu maqsadda ushbu davrda xorijda 8 ta investitsiya biznes-forumlari tashkil etilgan.

Tojikistonga qoʻshimcha sarmoya jalb etishning yana bir jihati foydali qazilmalarni qazib olishdir. Sulton Rahimzodaning soʻzlariga koʻra, foydali qazilmalarni qayta ishlash sohasiga sarmoya kiritishni koʻpaytirish maqsadida qoʻmita ishlab chiqaruvchilarga “yashil sertifikat” olishda koʻmaklashmoqda.

“Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligining saʻʻy-harakatlari bilan Tojikistonda qayta ishlangan mis va alyuminiy allaqachon “yashil sertifikat”ga ega boʻldi. Umuman olganda, yashil iqtisodiyot va ishlab chiqarishga oʻtish uchun zarur boʻlgan 12 ta muhim mineralning 10 tasi Tojikistonda topilgan boʻlib, ulardan 6 tasi qayta ishlanmoqda. Bu yoʻnalishdagi imkoniyatlar katta, biz ulardan unumli foydalanishga harakat qilamiz”, — deya xulosa qildi qoʻmita raisi.

Sulton Rahimzodaning qoʻshimcha qilishicha, soʻnggi uchta sarmoyaviy shartnomadan biri Koreya kompaniyasi bilan, qolgan ikkitasi mahalliy kompaniyalar bilan tuzilgan. Yaʻʻni tojik kompaniyalari mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni boshlagan.

Mavzuga aloqador