2023 yil 7 oktbyardan buyon Isroilning Gʻazoga er, havo va suvdan uyushtirgan hujumlari natijasida 39 000 dan ortiq falastinlik, asosan ayollar va bolalar halok boʻldi, qariyb 91 ming kishi jarohatlandi. Yana oʻn minglab falastinliklar vayronalar ostida qolmoqda.

Halok boʻlganlar soni qanday hisoblanadi?

Urushning dastlabki oylarida halok boʻlganlar soni faqatgina kasalxonalarga kelgan jasadlarni sanash hamda qurbonlarning ismi va pasport raqamlarini oʻz ichiga olgan maʻʻlumotlar orqali hisoblangan.

Mojaro davom etar ekan, kasalxona va oʻlikxonalarning aksari ishdan chiqqani sababli, rasmiylar boshqa usullarni ham qoʻllashga majbur boʻlishdi.

May oyidan boshlab Sogʻliqni saqlash vazirligi tanib boʻlmaydigan jasadlarni ham umumiy halok boʻlganlar soniga qoʻshib, oʻlganlar miqdorini yangilab bordi.

Shuningdek, oila aʻʻzolar  tomonidan onlayn tarzda xabar qilingan oʻlimlarni ham hisobga olish boshlandi.

Halok boʻlganlar soni toʻliqmi?

Sogʻliqni saqlash vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, raqamlar qurbonlarning barchasini aks ettirmaydi, chunki juda koʻpchilik hali vayronalar ostida yotibdi. May oyining oʻzida taxminan 10 000 ta oʻlim hisobga qoʻshilmagan.

«The Lancet» tibbiyot jurnali 5 iyulda uchta akademikning maktubini eʻʻlon qildi, unda kasallik kabi omillar tufayli kelib chiqqan bilvosita oʻlimlar rasmiy taxminlardan bir necha barobar yuqori va ehtimol, 186 000 dan yuqori boʻlishi mumkinligi taʻʻkidlangan edi.

BMTning inson huquqlari boʻyicha idorasi va Yel jamoat salomatligi maktabining Gumanitar tadqiqotlar laboratoriyasi ham haqiqiy raqamlar eʻʻlon qilinganidan ancha yuqori ekanligini maʻʻlum qildi, ammo ular ham haqiqiy raqamlarning miqdorini bilmaydi.

Halok boʻlganlar soni qanchalik ishonchli?

Urushdan avval Gʻazo aholisi statistikasi va sogʻliqni saqlash maʻʻlumotlar tizimlari Yaqin Sharqning koʻplab mamlakatlarinikiga qaraganda ancha kuchli va aniq ishlar edi, deydi jamoat salomatligi mutaxassislari “Reyters”ga.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti muntazam ravishda vazirlikning halok boʻlganlar soni haqidagi raqamlaridan iqtibos keltiradi va manba sifatida aynan vazirlikni koʻrsatadi, Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti esa ularga bu borada toʻliq ishonch bildirgan.

Urush boshida, AQSh prezidenti Jo Bayden halok boʻlganlar soni haqidagi raqamlarga shubha bildirganidan soʻng Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻsha paytgacha roʻyxatga olingan 7 028 ta oʻlimning batafsil roʻyxatini eʻʻlon qildi. 24 iyulda esa iyunʻ oyining oxirigacha aniqlangan 28 185 ta qurbonning ismlaridan iborat yangi roʻyxatni eʻʻlon qildi.

Falastin Sogʻliqni Saqlash vazirligi mojaroning aksariyat qismida halok boʻlganlarning taxminan 70 foizi ayollar va bolalar ekanligini taxmin qilmoqda.

Mavzuga aloqador