Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning taklifiga binoan 7-9 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat rahbarlarining muzokaralari va prezidentlar raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari koʻrib chiqiladi.

Asosiy eʻʻtibor savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga qaratiladi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar toʻplamini qabul qilish kutilmoqda.

Taʻʻkidlanishicha, davlat tashrifi doirasida Qozogʻiston poytaxtida ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlari oʻtkazilmoqda. Oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining ochilishi koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston prezidenti 9 avgust kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va "Markaziy Osiyo + Yaponiya" muloqotining birinchi sammitida ham ishtirok etadi.

Mavzuga aloqador