Qonunchilik palatasi deputatlari chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekistonda boʻlishini nomaqbul deb topish asoslari va tartibini belgilovchi qonun loyihasini uchinchi oʻqishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan. U “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

U bilan Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʻʻni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish shaxsni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishini nomaqbul deb topish uchun asos boʻlishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur toifadagi chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga besh yil davomida Oʻzbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, koʻchmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishni taqiqlash taklif etilmoqda. Qonun loyihasida mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham nazarda tutilgan.

Mavzuga aloqador