HAMAS etakchisi Yahyo Sinvar dushanba kuni Gʻazoda urush boshlanganidan qariyb bir yil oʻtib, mintaqaviy ittifoqchilar koʻmagida Isroilga qarshi kurashni davom ettirish uchun resurslarga ega ekanligini maʻʻlum qildi. Sinvar guruhning Yamandagi ittifoqchilariga yoʻllagan maktubida “uzoq davom etadigan vayronkor urushga qarshi kurashishga tayyormiz”, dedi.

Sinvar Yaman husiylariga yoʻllagan maktubida Gʻazo va mintaqaning boshqa joylarida, jumladan, Livan va Iroqda Eron bilan bogʻliq boʻlgan guruhlar 11 oydan ortiq davom etib kelayotgan urushda "dushmanning siyosiy irodasi sinishi"ni taʻʻkidladi.

"Bizning siz bilan hamda Livan va Iroqdagi guruhlar bilan birgalikdagi saʻʻy-harakatlarimiz dushmanni sindirib, uni magʻlub qiladi", dedi Sinvar.

Ayni paytda qamal ostidagi Gʻazo sektorida halokatli janglar davom etmoqda, shifokorlar va qutqaruvchilar dushanba kuni Isroil zarbalari natijasida kamida yigirma kishi halok boʻlganini maʻʻlum qilishdi.

Oxirgi zarbalar Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Livanda Hizbulloh jangarilari bilan janglarni tugatish istiqbollari xiralashib borayotgani va mintaqaviy mojaroning kengroq hududlarni qamlab olishi haqida ogohlantirgan bir paytga toʻgʻri keldi.

HAMASning yuqori martabali rasmiysi Usama Hamdan oʻtgan hafta oxirida AFP agentligiga guruh yoʻqotishlarga qaramay, kurashni "davom etish qobiliyatiga ega"ligini aytib, oʻldirilgan jangchilar oʻrniga "yangi avlodlar yollangani"ni maʻʻlum qildi.

Ayni vaqtda, Gallant oʻtgan hafta 7 oktyabrdagi hujumi urushga sabab boʻlgan HAMAS hozirda Gʻazoda harbiy kuch sifatida "mavjud emas"ligini aytdi.

BMTning inson huquqlari boʻyicha mustaqil ekspertlari Isroil Gʻazodagi harakatlari tufayli xalqaro yakkalanib qolish xavfi borligidan ogohlantirdi va Gʻarb davlatlarini javobgarlikni taʻʻminlashga chaqirdi.

Zoʻravonliklar keng koʻlamli urushga aylanib ketishi mumkinligidan xavotirlar ortidan Isroilning Livan bilan shimoliy chegarasida keskinlik kuchaygan.

“Hizbulloh oʻzini HAMAS bilan bogʻlashda davom etar va mojaroga barham berishdan bosh tortar ekan, kelishuv ehtimoli kamayib bormoqda”, dedi Gallant AQShga tashrif buyurgan AQSh maxsus vakili Amos Xochshteynga.

Mavzuga aloqador