Dunyoning diqqati Isroil-Eron mojarosiga qaratilgan bir vaqtda, Suriyada kutilmagan hodisalar roʻy bera boshladi. Dayr-az-Zor viloyatida hukumat kuchlari bilan birlashgan mahalliy arab qabilalari mamlakat shimoli-sharqini nazorat qilayotgan “Suriya demokratik kuchlari” (SDK) kurd koalitsiyasiga qarshi hujumlarni amalga oshirmoqda. Bir kun oldin sodir boʻlgan toʻqnashuvda 3 kishi halok boʻldi, 15 kishi yaralandi.

Janglar Dayr-az-Zor va Furotning sharqiy qismida, Ziybon, Al-Latva va Abu Hamam qishloqlari hududida boʻlib oʻtgan. Viloyatdagi koʻplab aholi punktlarida favqulodda holat eʻʻlon qilingan, aholiga uylarini tark etmaslik buyurilgan.

Suriya harbiylari Dayr-az-Zor viloyatida joylashgan eng yirik neftʻ koni yaqinidagi Al-Umar neftni qayta ishlash zavodidan AQSh tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi SDK kuchlarini tozaladi. Hozirda neftʻ koniga Suriya armiyasi kuchlari kiritilmoqda.

Dayr-az-Zor Suriyadagi qariyb 10 yildan beri kurd guruhlari nazoratida boʻlgan yagona neftʻ va gaz qazib oluvchi mintaqa boʻlib, bu erda AQShning 20 dan ortiq harbiy bazalari mavjud. Qizigʻi shundaki, AQSh qoʻshinlari Al-Umar gazni qayta ishlash zavodida ham joylashgan va 2018 yilda Al-Omar gaz koniga hujum paytida “Vagner” XHK jangarilari AQSh armiyasi tomonidan qirgʻin qilingandi.

Ammo hozir vaziyat oʻzgargan. Bashar Asad hukumati mahalliy arab qabilalarini oʻz tomoniga ogʻdirib, ularning yordami bilan kurdlarni mintaqadan olib chiqarmoqda, bu esa amerikaliklarning chekinishi bilan barobardir. Bu Suriya uchun yaxshi imkoniyat, chunki urushdan oldin hukumat neftʻ va gazga boʻlgan ehtiyojini shu mintaqa orqali qondirardi.

Ikkinchidan, Dayr-az-Zor va butun Furotning sharqiy qirgʻogʻi ham Iroq-Suriya magistralini bogʻlaydigan hududdir. Koʻp yillar davomida AQSh va Isroil aviatsiyasi vaqti-vaqti bilan bu hududni bombardimon qilib, u erga Eronga aloqador qurolli kuchlarning joylashtirilishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qildi. Mutaxassislarning fikricha, bunga Eron qurollari shu yoʻl boʻylab Iroq orqali Suriyaga, u erdan esa Livan va Falastinga olib oʻtilayotgani sabab boʻlgan.

Eron va Suriya chegaradagi muhim transport yoʻlagida mustahkam oʻrnashib olishga urinayotgan koʻrinadi. Ayni paytda, soʻnggi kunlarda Suriyadagi Eron proksi kuchlarining mamlakat janubi-gʻarbiy qismiga, Joʻlon (Golan) tepaliklari hududiga bosqichma-bosqich chekinishi kuzatilmoqda. Eron uzoq kutilgan zarbani Joʻlon mintaqasidan boshlashni rejalashtirayotgan boʻlishi mumkin.

Yana shuni taʻʻkidlash joizki, soʻnggi oylarda Suriya va Turkiya oʻrtasida Moskva vositachiligida olib borilgan tinchlik muzokaralarining asosiy mavzularidan biri SDK va ularga qarshi har ikki davlat tomonidan olib borilgan harbiy operatsiya boʻlgan. Oxirgi operatsiya ham Turkiya bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan koʻrinadi. Demak, ishonch bilan aytishz mumkinki, Yaqin Sharqdagi keskinlik har tomonlama kuchayib bormoqda.

Suriya kurdlarining Dayr-az-Zordagi ulushi 19,9 foiz, arablar esa 76,6 foizni tashkil etadi.

Mavzuga aloqador