Imom Muslim, Imom Ahmad, Imom Nasoiy va Imom Abu Dovudlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan quyidagi hadisni rivoyat qilishgan: Nabiy alayhissalomning huzurlariga sahobalaridan iborat bir guruh odamlar kelishdi va: “Ey Allohning rasuli, biz oʻzimizda shuday bir holatni sezyapmizki, u holatni aytishga ham qoʻrqamiz. U holat bizda boʻlishini xohlamaymiz”, deyishdi. Shunda Paygʻambarimiz: “Sizlarda shu holat boʻlyaptimi”, deb soʻradilar. Sahobalar: “Ha”, deb javob berishdi. Paygʻambarimiz esa: “Mana shu haqiqiy iymondir”, dedilar. 
Asosiy mavzuga kirishishdan oldin ushbu hadisni yaxshiroq tushunib olaylik. Shayton - moʻminlarning dushmani. Ularni turli yoʻllar bilan adashtirish, chalgʻitish, ularning qalbiga vasvasa, shubhalar solish bilan ovora. Lekin Alloh taolo esa moʻmin bandalarining iymonda sobit boʻlishlarini xohlaydi. Paygʻambarimiz ham ummatlaridan ana shunday shubha va vasvasalarni qanday ketkazish lozimligini oʻrgatganlar. Yuqoridagi hadisda ham bir nechta sahobalar oʻzlarida sodir boʻlayotgan shubha va vasvasalar haqida Nabiy alayhissalomdan soʻrab, “Biz bu gumonlar haqida gapirishga ham qoʻrqamiz. Bu holat bizda boʻlishini xohlamaymiz ham”, deyishmoqda. Yaʻʻni sahobalar oʻzlaridagi vasvasa, gumonlarni qalblaridan tashqariga chiqarishni ham xohlamas edilar. Paygʻambarimiz: “Bu holat sizlarda haqiqatdan ham sodir boʻlyaptimi”, deb masalaga oydinlik kiritib oldilar. Soʻngra “Agar haqidatdan ham qalbingizda shaytonning vasvasalari paydo boʻlib, ichingizdagi nimadir uni tashqariga chiqarishingizdan qaytarib turgan boʻlsa, mana shu haqiqiy iymondir”, dedilar. (Hadisga sharh tarjimon tomonidan qoʻshildi)
Qiyinchilik va fitnalar shaytonning oʻyingohi va moʻminning iymoniga darz etkazishi uchun, qalbidan Allohga boʻlgan ishonchni yoʻq qilishi uchun qulay fursatdir.  Biz ojiz insonmiz. Baʻʻzi voqea-hodisalardagi Allohning hikmatlari bizga maʻʻlum emas. Biz faqat koʻzimiz bilan koʻrgan narsalarimizga qarab xulosa qilamiz. Gohida boʻlayotgan voqea-hodisalar tufayli, xuddi yuqoridagi hadisda zikr qilingan sahobalardek, qalbimizga hatto aytish qoʻrqinchli boʻlgan fikrlar kelib qoladi. Biz esa darhol ana shu fikrlarni xayolimizdan ketkazish uchun istigʻfor aytamiz. Bu holat iymonimizning nuqsonli ekanidan emas, aksincha, Paygʻambarimiz yuqorida aytganlaridek, ayni haqiqiy iymondandir. 
Shunday ekan, har safar sizga oʻzgacha tuyulgan holatlarda, aqlingiz hodisaning hikmatini anglay olmayotgan vaqtda ishni oʻz Sohibiga topshiring. Chunki U zot qilgan ishlari haqida hech kimga hisob bermaydigan, Oʻz ishida hikmatli Zotdir. Biz esa uning qulimiz, xolos.
Shayton gohida “Gʻazoda sodir boʻlayotgan shuncha xunrezliklar paytida Alloh qaerda edi?  Vayronalar ostida qolgan goʻdaklar uchun, bolalaridan ayrilgan onalar uchun, bechora qariyalar uchun nega intiqom olmayapti? Harbiy samalyotlarni ishdan chiqarib, raketalarni toʻxtatib qolishga Allohning kuchi etmaydimi”, degan vasvasalarni qalbingizga solib qoʻyadi. 
Birinchidan, bu dunyo - imtihon dunyosi, jazo va intiqom dunyosi emas. Alloh biz bandalarni imtihon qiladi: nega bu ishni qilding, nega qilmading, deb. Banda nega buni qilding, nega buni qilmayapsan, deb Allohni imtihon qila olmaydi. 
Ikkinchidan, boʻlayotgan voqea-hodisalarga hozirgi holatga qarab emas, yakuniy natijaga qarab xulosa chiqariladi. Agar siz Firʻʻavn davrida yashaganingizda va Firʻʻavnning yosh goʻdaklarni qaynab turgan yoqqa tashlab, goʻshtlari suyaklaridan ajraguncha kuydirganini koʻrganingizda, “Alloh qaerda, nega bu bolalar uchun qasos olmayapti, bu bolalarning aybi nima”, degan boʻlar edingiz. Lekin keyinchalik voqea qanday rivoj topganiga qarang! Alloh Firʻʻavnni qoʻshini bilan birga dengizga gʻarq qildi va ularni hali alamli, abadiy azob kutmoqda. Oʻldirilgan bolalar va ularning ota-onalarini esa Paygʻambarimiz jannatiy ekanlariga guvohlik berdilar.
Uchinchidan, Alloh taolo zolimga imkoniyat beradi, unga qudrat beradi. Lekin bu hammasi bu dunyoda tugadi degani emas. Oxirat bor, hisob-kitob bor. Uxdud voqeasini eslang. Iymon keltirganlarning hammasi jarlik ichida yonib ketdilar. Chaqaloq esa tilga kirib, “Onajon, sobit turing, chidang, zero siz haqiqat tomondasiz”, dedi. Bu zulm uchun ham Alloh bu dunyoda intiqom olgani haqida xabar yoʻq. Lekin oxiratda albatta jazo muqarrarligi haqida xabarlar bor.
Urushlarning natijalari hamisha bizga koʻringandek boʻlavermaydi. Bir odam bu dunyodagi barcha janglarda gʻalaba qozonib, oxirida jahannamga uloqtirilsa, buni gʻalaba deb boʻlarmidi?! Yohud bu dunyoda ezilib, qiynalib, zulm koʻrib, ammo haq ustida sobit qolsa va jannatga erishsa, ana shu odam haqiqiy gʻolib emasmi?!
Toʻrtinchidan, agar Alloh taolo har bir zulm uchun bu dunyoda intiqom olsa, bu dunyoning imtihon ekanligi qaerda qoladi?! Agar haqiqat har bir kurashda doim gʻalaba qozonaversa, haqiqat tarafida kurashuvchilar safi natijaga sigʻinuvchi odamlar bilan toʻlib ketgan boʻlar edi. 
Lekin unday boʻlmaydi. Alloh taolo bu dunyoni qalblarni larzaga soluvchi imtihon qilib qoʻydi. Agar zulm va jinoyatlar boʻlmasa, bandalar zimmasiga yuklatilgan jihod imtihoni qanday boʻlardi. Alloh taolo zolimlarga imkon berar ekan, ularni qudratli qilib qoʻyar ekan, bu orqali Oʻzining yoʻlida kurashuvchi sodiq bandalarini saralab oladi. 
Beshinchidan, bir oddiy ayol bolani dunyoga keltirish jarayonida toʻlgʻoqqa chidashga, qon yoʻqotishga, ogʻriqlarni boshidan oʻtkazishga majbur ekan, ozod bir davlatning tugʻilishidagi ummatning boshidan oʻtkazadigan toʻlgʻoq ayolnikidan ancha ogʻir boʻlishi tabiiy. 
Agar siz Abu Jahl Umayya roziyallohu anhoni oyoq-qoʻllarini erga qoqib, soʻng tanalariga tayza sanchgan vaqtda oʻsha davrda boʻlib qolganingizda edi, oʻshanda ham “Alloh qaerda, nega jim”, degan boʻlar edingiz. 
Lekin oʻylab koʻring, Abu Jahl qaerda-yu, Umayya qaerda?!
Yoki Xazrati Bilolni eslang. Umayya ibn Xalaf u zot roziyallohu anhuning koʻkragiga katta xarsang tosh tashlagan edi. Bu holatni koʻrganingizda ham “Alloh qaerda, nega Bilolga yordam bermayapti”, degan boʻlar edingiz. 
Lekin oʻylab koʻring, Umayya qaerda-yu, Xazrati Bilol qaerda?!
Bu voqealar sodir boʻlgan paytda hech kim musulmonlar zafar quchishini xayoliga ham keltirmagan edi. Lekin voqelik, natija qanday boʻlgani hammaga maʻʻlum. Musulmonlar Makkaning toʻrt tarafidan kirib, zafar quchdilar. 
Shunday ekan, bilib qoʻyingki, Alloh taolo Oʻz ishlarida nihoyatda Hakim zot. Har bir hodisaning roʻy berishida Oʻzi belgilab qoʻygan vaqt-soat bor. Agar sizda aql boʻlsa, tafakkur qiling, yoki shunchaki Allohning hikmatiga taslim boʻling. Hargiz shayton qalbingizga solayotgan vasvasalarga taslim boʻlmang. Alloh zolimlarning qilayotgan ishlaridan also gʻofil emas!
Adham Sharqoviy, “Vatan” gazetasi, Qatar.

Mavzuga aloqador