Qurʻʻoni karim - Allohning kalomidir. Undan bir qator gʻaybiy xabarlar ham oʻrin olgan boʻlib, ushbu gʻaybiy xabarlarga bagʻishlangan risolamizning navbatdagi qismida Sabaʻʻ xalqi va buzilgan toʻgʻon haqida suhbatlashamiz. Navbatdagi qism videosini saytimizda tomosha qilishingiz mumkin.

«Sabaʻʻ (aholisi) uchun oʻz maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi – oʻng tomon ham, soʻl tomon ham bogʻ-rogʻ boʻlib, (Biz ularga): “Parvardigoringiz rizqidan bahramand boʻling va Unga shukr qiling! (Shahringiz) pokiza shahar, (Parvardigoringiz) magʻfiratli Parvardigordir” (degan edik). Bas, ular (shukrdan) yuz oʻgirgach, Biz ularning ustiga toʻgʻon bilan (toʻsib qoʻyilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bogʻlarini achchiq mevali, yulgʻunzor va siyrak butazor “bogʻlar”ga aylantirib qoʻydik. Kofir boʻlganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz kofirdan oʻzga kimsaga jazo berarmidik?!» (Sabaʻʻ surasi, 15–17-oyatlar).

Qurʻʻonda Sabaʻʻ xalqi va nonkoʻrligi sababli ularning boshiga kelgan sel balosi haqida soʻz boradi. Bu ofatning qanday yuz bergani haqida batafsil aytiladi. Qurʻʻonda “saylul arim” tarzida ifodalangan falokat, yaʻʻni “arim seli” oʻz nomi bilan uning maydonga kelish shaklini ham bildiradi.

“Arim” soʻzining maʻʻnosi “toʻgʻon” yoki “toʻsiq” demakdir. “Saylul arim” esa toʻgʻonning buzilishi natijasidagi toshqinni anglatadi.

Endi Sabaʻʻ xalqi haqida Qurʻʻonda kelgan xabarning tarixchilar tomonidan qay tarzda tasdiqlanganiga toʻxtalamiz.

Sabaʻʻ jamoasi Janubiy Arabistonda mavjud boʻlgan toʻrt katta hazoraning biri edi. Tarixiy manbalarda bu qavmning fenikaliklar kabi tijorat ishlari bilan shugʻullangani aytiladi. Hukmdorlarining bitiklarida “taʻʻmirlash”, “bagʻishlash”, “barpo qilish” kabi soʻzlar juda koʻp uchraydi. Qavmga oid eng ahamiyatli yodgorliklardan boʻlmish Maʻʻrib toʻgʻoni esa ularning texnologiyada yuksak darajaga etganining namoyonidir. Bu inshootni qurish bilan sabaʻʻliklar sugʻorish borasida juda katta yutuqni qoʻlga kiritishgandi. Unumdor tuproq va savdo yoʻllari uzra oʻrnatilgan nazorat sababidan farovon turmush kechirishardi. Maʻʻribdagi mazkur toʻgʻon orqali sugʻoriladigan maydon toʻqqiz ming olti yuz gektarni tashkil qilar, uning besh ming uch yuz gektari janubdagi, qolgani esa shimoldagi vodiylarga toʻgʻri kelardi. Ular Sabaʻʻ yozuvlarida “Maʻʻrib va ikki vodiy” deb atalgan. Qurʻʻondagi “oʻng tomon ham, soʻl tomon ham bogʻ-rogʻ” ifodasi ana shu vodiylardagi koʻrkam bogʻu bogʻchalarga ishora boʻlishi mumkin. Ushbu toʻgʻon soyasida mintaqa Yamandagi eng yaxshi sugʻoriladigan va eng sermahsul kesim sifatida nom chiqargan.

Frantsuz tarixchisi Xolevi va avstriyalik arxeolog Glazer Maʻʻrib toʻgʻoni juda qadim zamonlardan beri mavjud boʻlganini yozma hujjatlar orqali isbotlashdi. Himer lahjasida yozilgan hujjatlarda oʻlka tuproqlarining hosildorligi sababi mana shu toʻgʻon ekanligi taʻʻkidlangan. Uning buzilishi bilan yuzaga kelgan sel esa har tarafni vayron qildi. Sabaʻʻliklarning togʻlar oʻrtasini toʻsish uchun qurgan devori, qazigan kanallari yakson boʻldi, sugʻorish tizimi ishdan chiqdi. Natijada yashnab turgan bogʻ misoli yurt yovvoyi oʻtlarga makon boʻldi, butasimon daraxtlardagi olchaga oʻxshash mevadan boshqa biror meva qolmadi.

Yana qavmga tegishli ustunlar sirtida Sabaʻʻ tilida yozilgan bitiklar ham bor edi. Ularni oʻrganib chiqqan nasroniy arxeolog Verner Keller “Muqaddas kitob haq edi” nomli kitobida bunday deydi: “Arim seli Qurʻʻonda aytilganidek yuz bergan. Zero, bunday toʻgʻonning mavjud boʻlgani va buzilib, butun shaharni xarob qilgani hodisasi Qurʻʻondagi bogʻ egalariga oid misol haqiqat ekanligini tasdiqlaydi”.

Shu oʻrinda diqqatingizni quyidagi nuqtalarga qaratmoqchimiz:

1. Qurʻʻon oʻtmishda Sabaʻʻ xalqi yashaganini bayon etdi, tarixchilar qabul qilishdi;

2. Qurʻʻon Sabaʻʻ xalqining koʻkalamzorlar, bogʻu rogʻlar ichra hayot kechirganini zikr qildi, tarixchi olimlar tasdiqlashdi;

3. Qurʻʻon mazkur shaharda yirik toʻgʻon boʻlganini keltirdi, tarixchilar qabul qilishdi;

4. Qurʻʻon bu toʻgʻon ikki bogʻni sugʻorganini aytdi, tarixchilar “Maʻʻrib va ikki vodiy” deya buni ham eʻʻtirof etishdi;

5. Qurʻʻon toʻgʻon buzilishi natijasida maydonga kelgan sel balosini zikr etdi, tarixchilar inkor qilishmadi;

6. Qurʻʻon seldan keyin bogʻu gulzorlar xarob boʻlganidan xabar berdi, tarixchilar qabul qilishdi.

Bu eʻʻtiroflar shuni anglatadiki, tarixchilar yuqoridagi ilmiy haqiqatlarni qabul qilish bilan Qurʻʻon Allohning Kitobi ekanini tasdiqlashdi. Zero, savodi boʻlmagan kishining oʻz-oʻzidan bularni kashf qilishi va xabar berishi imkonsiz ish.

Savolimiz shuki, Qurʻʻon odamning soʻzi, deganlar uning moziydan etkazgan bu xabarlari haqiqat ekanligini nima bilan izohlashadi? Ayni xususiyati bilan “Men – Allohning Kitobiman” deya sado berayotgan Qurʻʻonning gulduragan ovozini oʻzlarining chivin vizillashidek saslari bilan bostira olishlari mumkinmi?

 

Mavzuga aloqador