Oʻrta Osiyoda islomning tarqalishiga beqiyos hissa qoʻshgan bu sarkardaning toʻliq ismi Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy boʻlib, kunyasi Abu Hafsdir. U umaviylar xalifasi Valid ibn Abdulmalik zamonasida Iroq voliysi Hajjoj tomonidan Xurosonga noib qilib yuboriladi.

Qutayba qisqa muddat ichida – melodiy 710-715 yillarda butun Oʻrta Osiyoni fath etib, Xitoy imperatoriga elchilar joʻnatishga ulgurdi.

Biz bu tadqiqodimizda Qutayba ibn Muslimning olib borgan fath harakatlarini bayon qilmoqchi emasmiz. Zero, bu masala arab tarixchilari tomonidan keraklicha oʻrganilgan. Biz esa ushbu shaxsning olib borgan fathlar asnosidagi adolati va islomni yoyishga qoʻshgan hissasi haqida dalillar asosida batafsil toʻxtalishga qaror qildik.

Buxoro fath etilgach, Qutayba ibn Muslim u erda “Moh ruz” nomli masjid qurdirishga qaror qiladi. Bu masjid oʻrni asrlar davomida buddaviy va zardoʻshtiy rohiblari faoliyat yuritadigan joy boʻlib, u erda yiliga ikki marta qimmatbaho but-sanamlar sotiladigan bozor ham ochilar edi. Ularning bahosi baʻʻzan ellik ming dirhamgacha koʻtarilib ketardi.

Qutayba ana shu faoliyatni toʻxtatish maqsadida ham masjid uchun aynan oʻsha joyni tanlagan.

Buxoroda Qutayba qurdirgan katta masjidlardan yana biri Bani Hanzala masjidi boʻlib, uning oʻrnida otashparastlarning ibodatxonasi jaylashgandi. Boshqa bir manbada esa bu joy avvalda nasturiy xristianlarining cherkovi boʻlgani yozilgan.

Qutayba ibn Muslim tomonidan qurdirilgan yana bir masjid Bani Saʻʻd darvozasi tomonda joylashgan boʻlib, nomi Bani Saʻʻd masjidi deb ataladi.

Oʻsha paytda Buxoroda ham “Registon” deb ataladigan maydon boʻlib, boʻsh yotganini koʻrgan Qutayba uni iydgoh – hayit namozi oʻqiladigan joyga aylantirdi. Musulmonlar bu erda yiliga ikki marta – ikki hayit kunlari toʻplanib, hayit namozi oʻqishar, islomning birdamlik, hamjihatlik dini ekani va musulmonlarning kuch-qudratini atrofdagilarga namoyish qilishardi.

Bundan tashqari, Qutayba tinchlikni taʻʻminlash maqsadida hayit kunlarida musulmon boʻlmaganlarga qurol koʻtarib yurishini taqiqladi. Aholi islom hukmlarini oʻrganishi oson boʻlishi uchun bu erlarga musulmon arab oilalarini koʻchirib keltiradi. Sababi, bungacha Buxoro aholisi Qutayba huzurida musulmon boʻlar, u ketgach esa yana eski dinlariga qaytardilar. Bu hol takrorlanavergach, Qutayba yuqoridagi qarorga keldi. Bu esa, oʻz navbatida, mahalliy aholining jonli misollar orqali musulmoncha yashash tarzini oʻrganishlariga va islom dinining qisqa fursatlarda ommalashib ketishiga olib keldi. Musulmonlar oʻrtasida ham shariat hukmlarining bajarilishini nazorat qilib borar, shariat hukmlarini bajarishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmasligiga katta eʻʻtibor qaratar, hukmlarni buzganlarni jazolardi. Bu tutgan yoʻli Paygʻambar va uning toʻrt roshid xalifasi yoʻllariga mos edi.

Koʻplab tarix kitoblarida yozilgani kabi, buxoroliklar bu holda norozilik bildirmaganlar. Chunki oradan bir oz vaqt oʻtib, Umar ibn Abdulaziz taxtga oʻtirgach, Movarounnahrda barqarorlikni saqlash maqsadida Buxoro va boshqa katta shaharlarga koʻchirib keltirilgan arab oilalarni qayta koʻchirib ketish haqidagi qaroriga mahalliy aholi eʻʻtiroz bildirishgan, arablar bilan kechayotgan hayotlaridan mamnun ekanlarini izhor qilishgan ekan.

Qutayba ibn Muslimning shu va boshqa saʻʻy-harakatlari koʻp oʻtmay oʻzining ajoyib mevasini bera boshladi. Buxoroda islomiy ilm-fan gurkirab rivojlana boshladi va bu zamindan etishib chiqqan zabardast ulamolar, xususan, Abul Hafs Kabir Buxoriy tufayli Buxoro “Qubbatul islom” – “islom dinining gumbazi” degan sharafli nomga sazovor boʻldi.

Qutayba ibn Muslimning Samarqandda islomni yoyish harakatlari

Ushbu mashhur sarkardaning Samarqand fathi sari mana bu qiziq fakt bilan kirib boramiz. “Ad-davlatul umaviyya...” asarida keltirilgan bu voqeada aytilishicha, Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy boshchiligidagi musulmon qoʻshinlar Samarqandni avval mahalliy aholiga islomni qabul qilish, ahdnoma tuzish yoki urush qilishdan birortasini tanlashni taklif qilmay, toʻgʻridan-toʻgʻri bosib oldilar. Mahalliy aholi bu ish islom qoidasiga xilof ekanligini bilganidan keyin xalifaga shikoyat xati yuborishdi. Xalifa bu ishni koʻrib chiqishni qoziga oshirdi. Qozi Qutayba va uning odamlari Samarqandni tashlab chiqishlari lozimligi haqida hukm chiqardi. Bu dunyo tarixida gʻolib xalq qozisining magʻlub xalq foydasiga chiqargan birinchi hukmi edi. Qutayba askarlari bilan samarqandliklardan uzr soʻrab, shaharni tark etdi. Buni koʻrgan Samarqand aholisi(ning koʻp qismi) islomga kirdi.

Qutayba ibn Muslim bu erda ham, hali shaharga kirmasidan birinchi qilgan ishi jumʻʻa masjidini bino qilish boʻldi. Bu Samarqand fath qilingandan keyingi qurilgan ilk masjid edi. “Samariya” kitobida bu masjidning nomi “Hazrati Xizr masjidi” ekani aytilib, uni Imom Qutayba hazrati Xizr ishorati bilan imorat qilgan, deb yozilgan.

Bu haqda “Al-komil fit tarix” asarida bunday deyiladi: “Ikki oʻrtada sulh tuzilgach, soʻgʻdliklar shaharni boʻshatdilar. Musulmonlar u erda masjid qurishdi. Qutayba tanlab olgan toʻrt ming odami bilan shaharga kirdi, masjidda namoz oʻqidi va xutba qildi. Taomlangandan keyin soʻgʻdliklarga: “Xohlagan odamlar mol-dunyosini kelib olsin, sizlar bilan kelishib, tuzgan sulhimizdan tashqari hech bir narsa olmayman!” deb xabar yubordi”. Qutaybaning dinni yoyishga xarismandligi va oʻlja savdoyisi emasligi bu voqeadan ham ayon boʻlib turibdi.

Ushbu mashhur sarkardaning Samarqandda islom yoʻlida amalga oshirgan ishlaridan yana biri u erdagi oltin va kumushlardan bezatilgan sanamlarni toʻplashga buyuradi. Bu narsalar bir maydonga toʻplangandan keyin (Tabariy hamda ibn al-Asirni ifodalaricha, bu ashyolarning balandligi qasrga teng edi) Qutayba sanamlarni eritish uchun olov yoqishga buyurgan chogʻida soʻgʻd podshohi Gʻurak Qutaybaga: “Agar sizlar butlarni yoqib yuborsangiz, oʻzingiz ham omon qolmaysiz”, deb bu ishdan qaytarmoqchi boʻladi. Qutayba unga javoban butlarga oʻz qoʻli bilan “Alloh akbar!” deb oʻt qoʻyib yuboradi. Eritilgan oltin va kumushlarning vazni 50 ming misqol (223 kg) boʻlgan.

Qutaybaning Movarounnahrning turli tomonlarida islomni yoyishga qilgan xizmatlarini akademik Bartolʻd ham eʻʻtirof etib, “Qutayba Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlarda masjidlar qurdirdi”, deb yozadiki, bu ham mazkur qoʻshinning dardi faqat erlarni fath etish emas, balki islom dinini yoyish ham boʻlganini tasdiqlaydi.

U Movarounnahrda islomiy ilm-fan rivoji yoʻlida samarali ishlar qildi: koʻpgina shaharlarda madrasalar barpo qildirib, u erlarda islomiy ilmlar olish uchun sharoitlar yaratishni buyurdi. Mazkur sarkardaning qoʻshini tarkibida Muhammad ibn Voseʻʻ, qozi Yahyo ibn Yuʻʻammar va mashhur mufassir Dahhok ibn Mazohim singari zabardast ulamolar bor edilarki, ular ana shu ilm maskanlarida mahalliy aholining diniy bilimlarini oshirishga, bu zaminda islomiy ilm-fanning gullab-yashnashiga oʻz hissalarini qoʻshdilar.

Lekin Qutayba ibn Muslimning ana shu fazilatlariga qaramasdan, baʻʻzi gʻarblik tadqiqotchilar uni zolim va odamlarni islomga majburlab kirgizgan shaxs sifatida tasvirlaganlar.

Toʻgʻri, u jang maydonida raqibga qarshi shafqatsiz boʻlgan va yurishlarda sabot koʻrsatgan. Agar shunday boʻlmaganida edi, bugungi Eroni zaminidan Xitoy ostonasigacha boʻlgan hududlarni 5-6 yil ichida egallay olmagan boʻlardi. Shunga qaramay, uning qachon raqib tomon sulh istasa, darrov jangni toʻxtatib, sulhga rozi boʻlgani ham tarixiy haqiqatdir.

Biroq Qutaybani hech qachon odamlarni majburan musulmon qilishda ayblash mumkin emas. Asl tarixiy manbalarni oʻrganib chiqqan odam buning aksini koʻradi. Axir masjidlar barpo qilib, odamlarning dillarini islomga moyil qilish uchun unga kelib namoz oʻqiganlarga ikki dirhamdan pul ulashish qoidasini joriy qilgan odam qanday qilib “dinga majburlovchi” boʻlishi mumkin? Vaholanki, Qutayba buning oʻrniga aholini majburlab masjidga keltirishga ham huquqi ham bor edi. Zero, hamma zamonlarda ham gʻolib taraf magʻlub tomondagilarga istagan ishini qildirishga haqli boʻladi. Ammo Qutayba buni qilmadi. Chunki avvalo bu ish paygʻambar va roshid xalifalarning tutgan yoʻllariga zidligini undan keyin din, imon qalbga oid masala boʻlib, uni zoʻrma-zoʻraki dilga joylab boʻlmasligini yaxshi bilardi.

Qutayba ana shu rahnamolarning yoʻllaridan yurishda davom etib, oʻzigacha davom etib kelayotgan musulmonlardan jizya olish qoidasini ham bekor qildi.

Aksar tarix kitoblarida Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan egallanishi va Qutayba haqida soʻz ketganda, albatta, Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asaridagi «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini oʻrgangan va bilimini boshqalarga oʻrgatadigan kishilarni halok etib, butkul yoʻq qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib boʻlmaydigan darajada yashirin qoldi», degan maʻʻlumotni keltirishadi.

Shu oʻrinda bir mulohaza: Agar shu voqea haqiqatdan ham sodir boʻlgan esa, nima uchun oʻsha olimlarning bironta asarlari yoki ularning nomlari, hech boʻlmasa, oʻzlarining ismi zikr qilinmaydi? Axir, Evropada xristian inkvizitsiyasi tomonidan qirgʻin qilingan olimlar tarix sahifalarida nomma-nom qilib qayd qilingani holda, oʻrta osiyolik oʻsha donishmandlardan hech bir nom-nishon qolmasligi kishini oʻylantiradi va Beruniyning yuqoridagi maʻʻlumotining toʻgʻriligiga (agar rostdan ham oʻzi aytgan boʻlsa) shubha uygʻotadi.

Mana shunday fazilatlarga ega boʻlgan sarkarda siyosiy fitnalar qurboni boʻldi. Oʻzi sadoqat bilan xizmat qilgan maʻʻrifatparvar Valid ibn Abdulmalik vafot etgach, oʻrniga ukasi Sulaymon taxtga oʻtiradi. Sulaymon akasi va otasi kabi maʻʻrifatni suyuvchi, olim kishi emasdi. Tabiiyki, Qutayba bunday kishiga boʻysunishdan bosh tortgach, qoʻshini oʻziga qarshi boʻlib qoladi va ular tomonidan 715 melodiy yili oʻldiriladi. Boshqa bir manbada uni oʻldirish uchun Sulaymon maxsus jallod yuborgani aytiladi. Qutayba bilan birga uning oila-aʻʻzolaridan oʻn bir kishi ham qalt etiladi. Keyinroq Sulaymon qilgan ishidan afsuslanadi. Biroq endi kech edi. Qutaybaning oʻlimi bilan Oʻrta Osiyo sharqidagi fath harakatlari ham toʻxtab qoldi.

Qutayba ibn Muslimning tugʻilgan yili nomaʻʻlum boʻlsa-da, uning 96\715 yili oʻldirilganida yoshi qirq sakkizda ekani aytiladi.

U hozirgi Andijon viloyati, Jalolquduq tumani Qilichmozor qishlogʻida vafot etgan boʻlib, Mozorbuva qabristoniga dafn etilgan.

Hozirgi kunda bu qabristonda mahalliy hukumat va homiylar tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bu buyuk fotihning olib borgan barakotli faoliyati haqida asarlar yozish, hujjatli filʻmlar qilish lozim. Toki dunyo renessansiga munosib hissa qoʻshgan ota-bobolari bilan maqtanishni yaxshi koʻradigan rasmiylarimiz va xalqimiz oʻsha ajdodlarning islom bilan sharaflanishiga sababchi boʻlgan zotni yaxshiroq tanib olishlarini aql, mantiq va insof taqozo qiladigan ishdir. Bizning bu urinishimizni esa, ana shu yoʻldagi kichik hissa va eslatma oʻrnida qabul qilgaysiz.

Noʻʻʻmon Atabaev,

tadqiqotchi

Mavzuga aloqador