AQSh prezidenti Jo Baydenning oʻgʻli Xanter Bayden hukumatga 1,4 million dollarlik soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlagani bilan bogʻliq toʻqqizta jinoyatda ayblanmoqda.

Payshanba kuni Los-Anjeles sudiga topshirilgan hujjatlarga koʻra, Bayden soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash va yolgʻon yoki soxtalashtirilgan soliq deklaratsiyalarini topshirish hamda ushbu millionlab dollarlarni oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborganlikda ayblanmoqda.

"Ayblanuvchi 2016 yildan 2019 yilgacha boʻlgan soliq yillari uchun mustaqil hisoblanadigan federal soliqlar koʻrinishidagi eng kamida 1,4 million dollarni toʻlamaslik uchun toʻrt yillik sxemada ishtirok etgan", deyiladi AQShning Kaliforniya shtatidagi tuman sudida taqdim etilgan ayblov xulosasida.

Agar Bayden aybdor deb topilsa, uni 17 yillik qamoq jazosi kutadi.

Ayblov xulosasi prezidentning oʻgʻli ustidan tergovni nazorat qilish uchun Bosh prokuror Merrik Garland tomonidan tayinlangan maxsus maslahatchi Devid Vays tomonidan Baydenga qarshi qoʻzgʻatilgan ikkinchi jinoiy ishdir. Oʻtgan oyda Xanter Bayden oʻqotar qurollar bilan bogʻliq uchta ayblovni tan olmagan edi.

Oxirgi jinoiy ish prezident Jo Baydenning 2024 yilda qayta saylanish uchun nomzodini murakkablashtirishi mumkin. Sababi, respublikachilar uning oʻgʻli chet el davlatlari, jumladan, Ukraina, Xitoy va Ruminiyadagi biznes bitimlari va konsalting xizmatlari orqali otasining mavqeidan notoʻgʻri foydalangan holda millionlab dollar ishlab topganini daʻʻvo qilmoqda.

Bundan tashqari, payshanba kuni respublikachilar Baydenga nisbatan impichment boʻyicha surishtiruv oʻtkazish rejalarini ilgari surishdi. 

Mavzuga aloqador