Rossiya prezidenti Vladimir Putin hibsga olinishi haqida buyruq chiqqanidan buyon ilk bor Xalqaro jinoyat sudi aʻʻzosi hisoblangan davlat – Moʻgʻilistonga ikki kunlik rasmiy tashrif bilan keldi. Ukraina Putinning hibsga olinmaganidan gʻazablandi.

2 sentyabrʻ kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Moʻgʻulistonga keldi. Rossiya prezidentining samolyoti Ulan-Bator aeroportiga qoʻndi.

Putinning Moʻgʻulistonga tashrifi ikki kun davom etadi. Tashrif dasturiga koʻra, 3 sentyabrʻ kuni Rossiya prezidenti Moʻgʻuliston prezidenti Uxnaagiin Xurelsux bilan uchrashadi, shuningdek, bir qator hujjatlarni imzolaydi va Georgiy Jukov haykali poyiga gul qoʻyadi.

Putinning tashrifi 1939 yilda Xalxin-Golda sovet va moʻgʻul qoʻshinlarining Yaponiya qurolli kuchlari ustidan qozongan gʻalabasining 85 yilligiga toʻgʻri keldi.

Putin oxirgi marta roppa-rosa besh yil avval Moʻgʻulistonda boʻlgan edi.

Ulan-Batorda davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qiladi, ikki tomonlama hujjatlarni imzolaydi. Putin, shuningdek, Davlat Buyuk Xurali (bir palatali parlament) spikeri Dashzegviin Amarbayasgalan va bosh vazir Luvsannamsrain Oyun-Erdene bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Ukraina Putin Xalqaro jinoyat sudi buyrugʻi bilan hibsga olinmaganidan gʻazablandi

Vladimir Putin Rim statutini imzolagan va Rossiya rahbarini Ukrainaga bostirib kirish paytida harbiy jinoyatlarda gumonlanib hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sud yurisdiktsiyasini qabul qilgan davlatga birinchi bor tashrif buyurdi.

Putin Ulan-Batorga kelganidan koʻp oʻtmay, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Georgiy Tixi Moʻgʻuliston rasmiylarining Rossiya prezidentini XJS orderi asosida hibsga olmaslik haqidagi qarorini qoraladi.

“Moʻgʻuliston hukumatining Putinni hibsga olish toʻgʻrisidagi majburiy XJS buyrugʻini bajarmagani Xalqaro jinoiy sud va xalqaro jinoiy huquq tizimiga ogʻir zarba boʻldi, — deyiladi Ukraina TIV bayonotida. — Moʻgʻuliston ayblanayotgan jinoyatchiga odil sudlovdan qochish imkonini berdi va shu tariqa uning harbiy jinoyatlari uchun javobgarlikka sherik boʻldi. Bu Ulan-Batorga taʻʻsir qilishi uchun hamkorlar bilan ishlaymiz”.

Dushanba kuni Kremlʻ matbuot kotibi Dmitriy Peskov yana Moskva Putinning Moʻgʻulistonda XJS orderi bilan hibsga olinishidan qoʻrqmasligini aytgandi. "Moʻgʻuliston bilan bunday muammo yoʻq", - deya uning soʻzlarini keltiradi TASS.

Putin keng koʻlamli urush boshlanganidan beri chet elga kamroq sayohat qilishni boshladi va hibsga olish orderi chiqarilgandan beri u borgan barcha mamlakatlar XJS yurisdiktsiyasini tan olmaydi. Moʻgʻuliston esa aʻʻzo boʻlish jarayonini 2002 yilda yakunlagan.

Mavzuga aloqador