Bir urushni tugatish uni boshlashdan koʻra qiyinroq. Orqaga chekinishni istagan tomon buning uchun ishonchli bahonalar keltirishga majbur. Masʻʻullar yoʻqotishlar va yutuqlarni taqqoslashi, jang avvalida oldiga qoʻyilgan maqsadlardan qay biri amalga oshirilganini aytishi kerak boʻladi. Ayni paytda bir millat oʻzini xavfsizroq his qilayotganini yoki tanaffus shunchaki yangi toʻqnashuvlarga tayyorgarlik koʻrish uchun biroz tin olish ekanini tushunishi oʻta muhim.

Oʻtmishda urushni tugatish osonroq edi, negaki janglar hukumatdan buyruq oladigan qoʻshin tomonidan olib borilardi. Bugungi kunda ayrim urushlar butunlay boshqacha tus olyapti. Zotan, harbiylar mintaqa boʻylab tarqalgan butun bir fraktsiyalar bilan toʻqnashmoqda.

Eng xavfli narsa — urush tarafdorlarining yashab qolish uchun kurashayotganiga ishonishi va orqaga chekinish mumkin emasligidadir.

Jumladan, Yaqin Sharq 7 oktyabrdan beri boshdan kechirayotgan tizginsiz urushning eng xavfli jihati shundaki, u juda beqaror xalqaro vaziyatda sodir boʻlmoqda. Dunyo «xavfsizlik klapanlari»siz yashayapti. Butun dunyo endi BMT Xavfsizlik Kengashidan umidini uzib boʻldi. Zero, tashkilot urushlarni hal qilishda samarasiz ekanligi toʻliq isbotlandi. Yirik kuchlar oʻrtasidagi munosabatlar yaqin tarix ichida oʻzining  eng yomon holatiga kelib qoldi.

Biz shunchaki rus askarlari qanday qilib amerika, nemis yoki britaniya snaryadlari bilan oʻldirilayotganiga va Gʻarb qurollari Rossiya-Ukraina urushining uchinchi yilida ukrainlarning Kurskga kirishiga imkon berayotganiga nazar solsak, holatni osonroq tushunamiz. Haqiqat shundaki, Ukraina armiyasi rus chegaralarini buzib oʻtish orqali yadroviy urush xavfi tufayli mavjud deb oʻylanadigan qizil chiziqlarni yoʻq qildi. Aslida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning oʻzi 2022 yilda Ukraina hududiga bostirib kirib, Evropa chegaralarini buzganidayoq mavjud xalqaro tartiblarni shubha ostiga qoʻygandi.

Ukraina etakchisi Vladimir Zelenskiyning rus kuchlari Ukrainaning katta qismini egallab olishidan qoʻrqishini inobatga olsak, vaziyatning qanchalik dahshatli tus olishini tasavvur qilaveraylik. Bu esa uni bor imkoniyatlarini ishga solib, oʻyinni davom ettirishga undaydi.

Putin haqida ham shunday deyish mumkin. U NATOning Rossiya chegaralariga yaqinlashishidan xavfsirab, Ukrainaga hujum qilishga qaror qildi. Bu uning Atlantika orzularini barbod qildi va Gʻarbni zaiflashtirishga qaratilgan “operatsiya” boshlashiga olib keldi. Ikki tomonning ham vayronkor arsenalga ega boʻlishi esa mavjud xavfni yanada oshiradi.

Dushman ogʻir yoʻqotishlariga qaramay taslim boʻlishdan bosh tortsa va donorlar muntazam uning tomiriga qon quyib tursa, urushning yakuni haqida oʻylash qiyin. Jangchilardan biri nokaut boʻlmas ekan, ikki tomon ham tinchimaydi.

Yaqin Sharq ushbu dilni xira qiluvchi xalqaro vaziyatda oʻziga xos tarzda inqirozga yuz tutdi. Yahyo Sinvar hokimiyatga kelishi bilanoq mintaqani qamrab olgan operatsiyani boshladi. Gʻazo urushi “Hizbulloh”ning oʻzi uchun ogʻirlik qiladi. Urush boshlanganidan bir kun oʻtgach, mazkur partiya Livandan turib Gʻazo uchun "qoʻllab-quvvatlovchi front" ochgandi.

Oʻtgan oʻn oy ichida AQSh oʻz manfaatlaridan kelib chiqib mintaqada urushning kengayishiga yoʻl qoʻymadi. Yaqinda, Qohirada oʻtkazilgan tinchlik muzokaralari boshlanishidan bir necha soat oldin Livan-Isroil chegarasida sodir boʻlgan toʻqnashuv mintaqadagi turli yongʻin oʻchoqlari bir-biriga qanchalik bogʻliq ekanini koʻrsatdi.

Eron ochiqchasiga keng qamrovli urushni istamasligini va Ismoil Haniya oʻldirilishiga bogʻliq intiqomini yumshatishini aytdi. “Hizbulloh” ham harbiy komandiri Fuad Shukr oʻldirilishiga qaramay, keng qamrovli urushga jazm qilmayapti. Shuning uchun harakat oʻtgan yakshanba kuni faqat harbiy nuqtalarga zarba berdi.

Ammo Haniya va Shukrning suiqasdi mos ravishda Tehron va Bayrutda sodir boʻldi. Joy tanlovi tasodif emas. Ehtimol, Netanʻyaxu Eron va “Hizbulloh” keng qamrovli toʻqnashuvgacha bormasligini bilgan, lekin u vaziyatdan foydalanib, AQSh jangovar kemalarini ham himoyasiga tortdi. Eron va “Hizbulloh”ning Haniya va Shukrning oʻldirilishiga javob qaytarmasligi shia kuchlarining obroʻsiga putur etkazishi aniq edi.

Isroil esa hamon Gʻazodagi qirgʻinini toʻxtatmayapti. Bu ham etmagandek, sionistlar yuzlab “Hizbulloh” jangchilarini oʻldirdi, Suriya va Yamanni bombardimon qildi, Eron pozitsiyalariga zarba berdi.

Urushning poyoni esa mavhumligicha qolmoqda. HAMAS nafaqat oʻzi, balki Gʻazodagi tinch aholiga nisbatan sodir etilayotgan urush jinoyatlaridan soʻng sulhga rozi boʻlishi amrimahol. Netanʻyaxu boshchiligidagi bosqinchilar ham HAMASni yoʻq qilmasdan toʻxtamoqchi emas. Genotsidda Vashingtonning ham teng sherik ekanligini inobatga olsak, AQSh ham ushbu urushni toʻxtatishdan manfaatdor emas. Bu esa taraqqiyot asrida qanchalik inson qadri va huquqlari haqida gapirilmasin, turli millat va dinga mansub xalqlar oʻrtasidagi urushlar toʻxtamasligini, aksiga olib uning dunyoga taʻʻsiri va vayronkorlik koʻlami ortib borishini koʻrsatadi.    

Mavzuga aloqador