Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donalʻd Tramp payshanba kuni antisemitizmga qarshi kurash boʻyicha oʻtkazilgan tadbirda nutq soʻzladi. Tramp oʻz nutqi davomida Falastin tarafdori namoyishchilarni «kallakesarlar» deb atadi, yahudiyga turmushga chiqqan Kamala Xarrisni “Isroil va yahudiylarni yoʻq qilmoqchi boʻlgan kuchlar nomzodi” dedi va Isroil hududining kengayishi haqida oʻylashini maʻʻlum qildi.

Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Kamala Xarris yahudiy advokat Duglas Emxofga turmushga chiqqaniga qaramay, Tramp uni antisemitizmni kuchaytirish, “Isroil va yahudiy xalqini” yoʻq qilmoqchi boʻlganlikda aybladi.

“Kamala Xarris Gʻarb tamaddunini, birinchi navbatda Isroil va yahudiy xalqini yoʻq qilmoqchi boʻlgan kuchlarning nomzodi”, - dedi Tramp oʻz nutqida.

Urushga qarshi namoyishchilarni “HAMAS tarafdori boʻlgan kallakesarlar” va “jihodga xayrixohlar” deb atagan Tramp, agar Oq uyga qaytsa, Isroil bosqiniga qarshi chiqqanlarni mamlakatdan chiqarib yuborishga vaʻʻda berdi.

Tramp yana bir bor amerikalik yahudiylar demokratlarga ovoz berayotganidan nolidi va sobiq prezident AQShdagi eng yuqori martabali yahudiy amaldori, Senatdagi koʻpchilik etakchisi Chak Shumerni «falastinlik» deb atadi.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod, shuningdek, Isroil “Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda xaritada kichik bir nuqta”ga oʻxshab koʻrinishini aytib, “Isroilni kattaroq qilish” yoʻllari bor-yoʻqligi haqida bosh qotirishini maʻʻlum qildi.

Tramp tadbirda marhum milliarder Sheldon Adelsonning rafiqasi va uning eng yirik donorlaridan biri Miriam Adelson bilan birga ishtirok etdi. Adelsonning aytishicha, "Isroilning xavfsizligi va farovonligi haqida qaygʻuradigan har qanday yahudiy" Trampni Oq uyga qaytarishga yordam berishi kerak.

Iyunʻ oyida Adelson Isroilga noqonuniy ravishda bosib olingan Gʻarbiy Sohilni annektsiya qilish va Falastin davlati tuzilishiga yoʻl qoʻymaslik evaziga boʻlajak saylovlarda Trampni qoʻllab-quvvatlash uchun 100 million dollardan ortiq mablagʻ sarflashga vaʻʻda bergani maʻʻlum boʻldi.

Adelson Trampning Isroilga xayrixoh boʻlgan yagona yirik donori emas. Washington Post gazetasi iyunʻ boshida Trampning may oyida baʻʻzi donorlar bilan uchrashgani, uchrashuv davomida sobiq prezident Isroil agressiyasiga qarshi “norozilik bildirgan har qanday talabani mamlakatdan haydab chiqarishga” vaʻʻda bergani haqida yozgan edi: “Bilasizmi, xorijlik talabalar koʻp. Ular buni eshitsalar, oʻzlarini yaxshi tutishadi”.

Nomi oshkor etilmagan donorlardan biri talabalar va professorlar bir kun kelib hokimiyat lavozimlarini egallashi mumkinligidan shikoyat qilganida, Tramp Isroilga qarshi namoyishchilarni “radikal inqilob”ning bir qismi deb atab, ularni magʻlub etishga ont ichganini bildirdi.

Mavzuga aloqador