Tolibon hukumati Kobul Gʻarb mamlakatlaridagi Afgʻonistonning sobiq maʻʻmuriyatiga sodiq qolayotgan bir qator elchixonalari bilan konsullik aloqalarini uzganini maʻʻlum qildi.

Tolibon 2021 yili Afgʻoniston boshqaruvini qoʻlga olgach, ayoim xorijiy vakolatxonalarda xizmat qilayotgan diplomatlar sobiq hukumatga xizmat qilishda davom etishga vaʻʻda berib, noaniq vaziyatga tushib qolgandi.

Hozircha hech bir davlat Tolibon hukumatini rasman tan olgani yoʻq, biroq soʻnggi uch yil ichida Kobul rasmiylari qoʻshni ayrim elchixonalarga oʻz elchilarini tayinladi.

Ammo seshanba kuni Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi Kobulning yangi hukumati talablariga mos kelmaydigan ishonchnomalar, pasport va vizalar uchun “masʻʻul emasligini” maʻʻlum qildi.

Xususan, mamlakatning London va Berlindagi, shuningdek Belʻgiya, Shveytsariya, Avstriya, Frantsiya, Italiya, Gretsiya, Polʻsha, Shvetsiya, Norvegiya, Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlardagi elchixonalari bilan aloqalar rasman uzilgan.

“Tashqi ishlar vazirligi bir necha bor Afgʻonistonning Evropa mamlakatlaridagi siyosiy va konsullik vakolatxonalarini Kobul bilan aloqa oʻrnatishga chaqirgan, — deyiladi bayonotda. Afsuski, aksariyat missiyalarning harakatlari oʻzboshimchalik bilan, muvofiqlashtirilmasdan va mavjud umumeʻʻtirof etilgan tamoyillarni aniq buzgan holda amalga oshirilmoqda".

Bayonotda aytilishicha, xorijda yashayotgan afgʻonlar Afgʻoniston Islom Amirligi bilan bogʻliq missiyalar bilan shugʻullanishlari kerak.

Ayni paytda Pokiston, Xitoy va Rossiyadagi Afgʻoniston elchixonalari Tolibon hukumati buyrugʻi bilan faoliyat yuritmoqda.

Kobul bilan aloqasi uzilgan elchixonalar ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qolgan, ular asosan konsullik yigʻimlariga ishonib, xodimlarning maoshi, ijara haqi va toʻlovlarni toʻlashmoqda. Ushbu daromadlarsiz ularning faoliyat yuritishi qiyin boʻladi.

Mavzuga aloqador