Falastinning HAMAS harakati va Fath partiyasi vakillari Pekinda oʻn yilliklar davom etgan kelishmovchilikni tugatish va Falastin birligini mustahkamlash boʻyicha kelishuvni imzoladi. 21 iyulʻ kuni Falastin guruhlari oʻrtasida boshlangan muzokaralarda HAMAS va Fathdan tashqari, yana 12 ta Falastin harakati vakillari ishtirok etdi.

Falastinning HAMAS harakati va Fath partiyasi vakillari Pekinda oʻn yilliklar davom etgan kelishmovchilikni tugatish va Falastin birligini mustahkamlash boʻyicha kelishuvni imzoladi, deya xabar bermoqda AP Xitoy davlat matbuotiga tayanib.

Xitoyning CGTN telekanali ijtimoiy tarmoqda 21 iyulʻ kuni Pekinda Falastin guruhlari oʻrtasidagi muzokaralar boshlangani, 22 iyulʻ kuni esa HAMAS va Fath, shuningdek, yana 12 ta Falastin harakati vakillari Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashgani haqida xabar berdi.

Van Yi hujjat imzolanganini olqishladi va shu orqali tomonlar Gʻazo sektoridagi harbiy harakatlar tugaganidan keyin “muvaqqat milliy yarashuv hukumati”ni tuzishga kelishib olishganini maʻʻlum qildi, deb xabar bermoqda Gʻarb OAVlari.

Al-Jazira telekanalining maʻʻlum qilishicha, kelishuv Gʻazo sektoridagi jangovar harakatlar tugaganidan keyin Falastin hokimiyatini saqlab qolishga qaratilgan.

2007 yilning yozida bir yil avval saylovlarda gʻalaba qozongan HAMAS Fathni Gʻazo sektoridan chiqarib yubordi va shundan beri anklavni bir oʻzi boshqarib kelmoqda. HAMAS va Falastin milliy maʻʻmuriyati oʻshandan buyon birlashish boʻyicha bir necha bor muzokaralar olib borgan, ammo hech biri natija bermagan edi.

HAMAS harakati Xitoy poytaxtida uch kun davom etgan muzokaralardan soʻng Falastin fraktsiyalari oʻrtasida deklaratsiya imzolanganini tarixiy voqea deb atadi.

Hujjatni imzolash marosimida HAMAS delegatsiyasi aʻʻzosi Musa Abu Marzuk erishilgan kelishuv Falastin ichida toʻliq yarashish yoʻlidagi muhim qadam ekanini aytdi.

“Biz Falastin masalasida misli koʻrilmagan yordamni koʻryapmiz. Bugun biz Falastin fraktsiyalari bilan milliy yarashuv mulohazalari asosida kelishuv hujjatini imzolayapmiz. Doʻstlar, bu tarixiy lahza”, — deya taʻʻkidladi Marzuk.

Keyingi qadam deklaratsiya qoidalarini amalga oshirish boʻlib, u yarashuv jarayonini yakunlaydi va poytaxti Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini yaratadi, deya qoʻshimcha qildi HAMAS vakili.

HAMAS barcha Falastin fraktsiyalari vakillik qiladigan umumiy hukumat yaratish tarafdori. 

Mavzuga aloqador