Saodat asridan boshlab, Faxri koinot, sarvari olam, Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning madhlarida koʻplab shoirlar, qasida, sheʻʻru gʻazallar bitishgan. Saodat asri shoirlaridan Hasson ibn Sobit bilan “Qasidai burda” muallifi Kaʻʻb ibn Zuhayr shaxsan Rasulullohning iltifotlariga sazovor boʻlishgan.
Keyingi zamon shoirlari bu qutlugʻ anʻʻanani davom ettirishgani natijasida badiiy adabiyotda alohida Naʻʻt yoʻnalishi vujudga kelgan.
Mumtoz turkiy adabiyot namoyandalari ham ushbu yoʻnalishda qalam tebratib, yuksak badiiy saviyadagi otashin naʻʻtlar yozishgan. Hatto ularning mutlaq hammasi nazmiy asarlardan tuzgan devonlarini Allohga hamd va Paygʻambarimizga naʻʻt bilan boshlashni qatʻʻiy qoidaga aylantirishgan.
Quyida Ozarboyjonning ulugʻ shoiri Muhammad Fuzuliyning 32 baytdan iborat “suv” radifli gʻazali tarjimasi va sharhi bilan tanishasiz.
Parvardigori olam, ushbu qasida muallifi, tarjimoni va uni oʻqigan har bir ummati Muhammad alayhissalomni U zotning shafoatlaridan nasibador aylasin.

*   *   *
Sochma ey koʻz ishqdan koʻnglumdagi oʻtlora suv,
Chor tarafni chirmagan otashga qilmas chora suv.
Ey koʻz! Koʻnglimdagi olov-otashga yoshlaringni sepma, chunki har tarafni chulgʻab olgan ishq otashini hech qanday suv soʻndira olmaydi, ishq olovini soʻndirish uchun suv chora boʻlolmaydi.
Gumbazi davvoraning rangi suv rangimidir,
Yoki toʻlmish koʻzyoshimdan gumbazi davvora suv.
Osmonning rangi suv rangiga oʻxshaydimi yoki koʻzimdan oqqan yoshlar aylanuvchi osmonni qoplab olganmi, bilolmayman.
Zavqi tigʻingdan ajab yoʻq, oʻlsa koʻnglum chok-chok,
Kim, oqar yoʻlida aylar rahnalar devora suv.
Yo Nabiy! Sizning qilich kabi keskin boqishlaringiz zavqidan mening koʻnglim parcha-parcha boʻlsa, buning hech ajablanarli eri yoʻq. Zero, oqar suv yoqasidagi devorda, oʻz yoʻlida yoriqlar paydo qilishi maʻʻlumdir.
Vahm ila soʻylar dili majruh paykoning soʻzin,
Ehtiyotlik birla ichkay, kimda boʻlsa yora suv.
Yarasi bor odam suvni ehtiyot boʻlib ichganidek, mening yaralangan koʻnglim ham Sizning oʻq uchiga oʻxshash kipriklaringiz haqida qoʻrqib-qoʻrqib soʻylaydi.
Suvga bersun bogʻbon gulzori, zahmat chekmasun,
Gulyuzingdek gul ochilmas, bersa ming gulzora suv.
Bogʻbon gulzorini suvga bostirib, mahv etaversin, bekorga ovora boʻlmasin. Chunki u gulzorini ming sugʻorib, parvarishlagani bilan u erda Sizning yuzingizdek chiroyli gul ochilmaydi.
Oʻxshata bilmas  gʻuborini muharrir xattinga,
Xomadek boqmoqdin insa koʻzlariga qora suv.
Hech qaysi yozuvchi-shoir, hech qaysi kotibu muharrir Sizni taʻʻrifu-tavsif qilishga ming urinmasin, shu maqsadda oq qogʻozga tikilaverganidan qalam kabi koʻzlariga qora tushib, koʻr boʻlib qolgunicha harakat qilmasin, Sizning birgina yonogʻingiz tuklarini ham taʻʻrifini keltira olmaydi.
Orazing yodiy-la namnok boʻlsa mujgonim netar,
Zoe ketmas gul tamannosi-la bermak xora suv.
Sizning muborak ruxsoringiz yodi bilan kipriklarim namlansa nima boʻlibdi? Gulga etishish uchun, uning koʻchati, tikanini sugʻorishga sarflangan suv behuda ketgan boʻlmaydi.
Gʻam kuni etma darigʻ bemor dildan xush nazar,
Xayrdur bermoq qorongʻu kechada bemora suv.
Gʻamga toʻlgan kunimda (Qiyomatda yoxud soʻngi nafasimda) muborak nazaringizni, marhamatingizni mendek ishqingizdan dili bemor gʻaribdan darigʻ tutmang. Zero, qorongʻu kechada chanqab yotgan bemorga suv berish behad xayrli amaldir.
Ista paykonin koʻngul, hajrinda shavqim sokin et,
Tashnaman, sahroda axtargil menga bir bora suv.
Ey koʻngil! Paygʻambar (alayhissalom)ning oʻq misoli kipriklarini ista va uning hajridagi shavqimni u bilan sokin et. Yaʻʻni, ey Paygʻambar (alayhissalom) hajridan shavqqa toʻlib-toshgan qalbim, sokin boʻlish uchun u zotning visollarini tilab, duo et. Hijron sahrosida tashnalikdan labim qurib ketdi, men uchun visol suvini axtar.
Man labing mushtoqiman, zuhhod Kavsar tolibi,
Chunki mastlarga may ichmoq xush kelur, hushyora suv. 
Men labingizdan tomgan shafoat iltifotiga mushtoqman. Zohidlar esa, havzi Kavsarga talabgor. Zero, mastlarga yana may ichish xush yoqsa, hushyorlar suv ichishni maʻʻqul koʻrishadi.
Mumtoz adabiyotda “may” ilohiy ishqni, “mast” esa, ana shu ishqqa “chalingan” oshiqni ifodalaydi. Binobarin, shoir bu bayti bilan aytmoqchiki: “Yo Rasululloh! Men ishqingiz mayi bilan mastman. Menga sizning xushnudligingiz, roziligingiz kifoya. Zohidlar esa Kavsar hovuziga talabgor. Oshiqlarga ishqi ilohiydan sarmastlik kifoya. Ularning talabi bitta – Allohning roziligi. Alloh roziligi esa rasuli rizosiga bogʻliqdir.
Ravzai koʻyinga har dam toʻxtamay aylar guzar,
Oshiq oʻlmish gʻolibo, ul sarvi xushraftora suv.
Suv har doim Paygʻambar (alayhissalom)ning jannatmonand koʻchasiga borishdan toʻxtamayapti. Aftidan, suv ham ul sarvi xushraftorga (Muhammad alayhissalomga) oshiq boʻlgan koʻrinadi.
Suv yoʻlin ul koʻchadan tuproq olib toʻssam kerak,
Chun raqibimdur, dagʻi ul koʻyga qoʻymam bora suv.
Men endi suvning oʻsha koʻchaga borar yoʻlini tuproq bilan toʻsaman shekilli, zero, suv muhabbat borasida raqibim boʻlib chiqdi. Shuning uchun, endi qaytib uni muborak koʻchaga borishiga yoʻl qoʻymayman.
Qoʻllarin oʻpmoq tamannosiy-la oʻlsam, ey rafiq,
Koʻza ayla tuprogʻimdan, tut aning-la yora suv.
Ey doʻst! Mening eng katta orzuyim u zot alayhissalomning muborak qoʻllarini oʻpish. Agar shu orzumga etolmay oʻlib ketsam, tuprogʻimdan koʻza yasab, unda ul Yorga suv ber!
Sarv sarkashlik qilur qumri niyozindan magar,
Tomchilab poyiga tushsa, bosh urib yolvora suv.
Qumri qancha yalinib-yolvormasin, qoʻnishi uchun Sarv daraxti shoxlarini egmaydi. Shunday ekan, suvga aytaylik, sarvning poyiga bosh ursin, qumri uchun yalinib, koʻnglini eritsin.
Ichmoq istar bulbulin qonin magar bir rang ila,
Gul butogʻining mizojiga kirib qutqora suv.
Mashhur “Gul va bulbul” afsonasidagi kabi, gul yana bulbulning qonini ichishni xohlaydi. Uni toʻxtatish uchun suv gulning shoxlari, tomirlariga sizib, uning mizojini oʻzgartirishi kerak. Shu tariqa suv gulni yaralishiga (fitratiga) muvofiq holatga qaytarsin va bulbulni qutqarsin.
Tiynati pokini ravshan qilmish ahli olama,
Iqtido qilmish tariqi Ahmadi muxtora suv.
Hamma narsani suvdan yaratgan Xoliqi olam hazrat Muhammad sollallohu alayhi va sallamning pokiza tabiati, goʻzal axloqi bilan borliqni nurga toʻldirgach, Ahmadi muxtor (saylangan va maqtalgan Paygʻambar)ga avvalo suv tobe boʻlgan va u zotning xulqlari, harakatlaridan oʻrnak olib, u zotga oʻxshashga intilgan. Shuning uchun ham oqar suv pokiza va poklovchidir.
Sayyidi navʻʻi bashar, daryoyi durri istifo,
Kim, sepibdur moʻʻʻjizoti otashi ashrora suv.
Inson zotining sarasi, kechirimlilikdek kamyob duru javohirlar daryosi hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallamning moʻʻʻjizalari yomonliklar oloviga suv sepib, soʻndiradi. Hatto u zot tugʻilishlari bilanoq moʻʻʻjizalar roʻy berdi: yuz yillardan beri oʻchmay kelayotgan majusiylarning sharorat olovi soʻndi.
Qilmoq uchun toza gulzori nubuvvat ravnaqin,
Moʻʻʻjizindan aylamish izhor sangi xora suv.
Nubuvvat gulzorini tozalash, kamolotga etkazish uchun, u zot moʻʻʻjiza bilan xarsangtosh ichidan suv chiqardilar. Yaʻʻni, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) paygʻambarlarning oxirgisi, nubuvvatning tamomlovchisi edilar. Alloh izni bilan, u zotning saʻʻy-harakatlari natijasida tosh qalblardan imon suvi otildi va ashoblarining qalbi muhammadiy gulzorga aylandi...
Moʻʻʻjizoti behudud ummon emish olamda kim,
Etmish ondan ming-ming otashxonai kuffora suv.
U zotning moʻʻʻjizalari bepoyon ummonga oʻxshaydiki, undan otashparastlarning ibodatxonalariga suv etib, shirk olovini soʻndirdi.
Tinglagan borki ajabdin tishlagay barmogʻini,
Barmogʻingdan berganing shiddat kuni ansora suv.
Oʻsha qiyin kunda yordamchilaringiz (sahobalaringiz)ga barmogʻingizdan suv chiqarib koʻrsatgangan moʻʻʻjizangizni eshitgan kimsa borki, hayratdan barmogʻini tishlab qoladi.
Izoh: Mashaqqatli kunda (sahrodagi yurishlardan birida) sahobalardan hech kimda suv qolmagan, yaqin-atrofda ham suv topilmadi. Shunda Paygʻambarimiz sudoʻʻlik sahobalariga idishining tagida qolgan ozgina suvini keltirishni buyurdilar va unga duo oʻqib, qoʻllarini botirdilar. Shu zahoti barmoqlari orasidan sharillab suv oqa boshladi. Butun karvon ahli meshlarini oʻsha suvdan toʻldirib olishdi.
Doʻsti gar zahri ilon ichsa, boʻlur obi hayot,
Dushmani ichsa doʻnar, albatta, zahri mora suv.
Paygʻambarning doʻsti, agar zahar ichsa, uning uchun obi hayotga aylanadi. Dushmani ichgan suv esa ilonning zahriga aylanadi.
Aylamish har qatradan ming bahri rahmat mavjhez,
Qoʻl choʻzib urgach vuzuʻʻ uchun guli ruxsora suv.
U zot tahorat olish uchun qoʻl uzatib, guldek ruxsorlariga suv olar ekanlar, undan tomgan har bir tomchidan minglarcha rahmat dengizi mavjlanadi.
Xoki poyiga etay deb, bir umrdir muttasil,
Boshini toshdan-tosha urib kezar ovvora suv.
Suv U zotning xoki poyiga etay deb, bir umr boshini toshdan-toshga urib ovorayi sarson kezadi.
Zarra-zarra xoki dargohinga istar solsa nur,
Qaytmagay dargohdan, gar boʻlsa pora-pora suv.
Suv U zotning qutlugʻ dargohlari ostonasini zarra-zarra nur boʻlib, yoritishni istaydi. Suv, garchi parcha-parcha boʻlib ketsa ham, u dargohdan qaytmaydi.
Zikri naʻʻting virdini darmon bilur ahli xato,
Oʻylakim, dafʻʻi xumori-chun ichar mayxora suv.
Yo Rasululloh! Mastlar ichkilikdan keyingi bosh ogʻrigʻini ketkazish yoki kayfni tarqatish uchun suv ichganidek, gunohkorlar ham Sizning naʻʻtingizni tillaridan qoʻymay takrorlashadi va buni dardlariga darmon deb bilishadi.
Man senga mushtoqman, Xayrul bashar, Doʻsti Xudo!
Oʻylakim, labtashnalar yonib tilar hamvora suv.
 Ey Allohning doʻsti, odamlarning eng yaxshisi! Chanqoqdan lablari qaqraganlar tengdan, bir ovozdan suv tilangani kabi, men ham Sizga mushtoqman.
Sensan ul bahri karomatkim oʻshal Meʻʻroj tuni,
Shabnami fayzing taratmish sobitu sayyora suv.
Siz shunday karomat dengizidirsizki, meʻʻroj kechasida oqar suv kabi barakotingizdan sochilgan shudring tomchilari sobitu sayyora – butun yulduzlarga tarqaldi.
Chashmai xurshiddan har dam ziloli fayz inar,
Hojat oʻlsa marqading tajdid etar meʻʻmora suv.
Muborak qabringizni taʻʻmirlashga ehtiyoj tugʻilsayu bu ishni bajarayotgan meʻʻmorga suv kerak boʻlsa, unga har doim quyosh chashmasidan fayzu barakotli, totli, tiniq va pok suv tushadi.
Vahmi doʻzax nori gʻam solmish dili soʻzonima,
Bor umidim abri ehsoning separ ul nora suv.
Doʻzax qoʻrquvi kuygan dilimga gʻam otashini soldi. Endi Sizning iltifot bulutingiz dilimdagi olovni soʻndirish uchun suv sepishidan umid qilaman. Toki, shafoatingiz mujdasidan qalbimni oʻrtayotgan doʻzax qoʻrquvi ketsin.
Yumni naʻʻtingdan guhar oʻlmish Fuzuliy soʻzlari,
Abri naysondan doʻnandek luʻʻlui shahvora suv.
Bahor bulutlardan toʻkilgan yomgʻir tomchilari eng yirik, qimmatbaho durga aylangani kabi, Sizni madh etish barakotidan Fuzuliyning soʻzlari nodir gavharga aylandi.
Xobi gʻaflatdan turib bedor oʻlanda roʻzi Hashr,
Dogʻi hasratdan toʻlanda diydai bedora suv. 
Qiyomat kuni hamma jonzotlar tirilib, Mahshar maydoniga yigʻilganida, “Sizni koʻra olarmikanman?” degan gʻam bilan bedor koʻzlarimga  hasrat yoshlari toʻladi. 
Umidim uldurki mahrum qolmagayman roʻzi Hashr,
Chashmi vasling beradur man tashnai diydora suv.
Mahshar kuni Sizdan, Sizning shafoatingizdan mahrum qolmaslikdan, biror soya boʻlmaydigan u jazirama Kunda vuslat bulogʻi (muborak nazaringiz) mening issiqdan jizgʻanak boʻlgan yuzimga suv sepishidan umidvorman.
Tarjima va izohlar muallifi 
Noʻʻʻmon Abdulmajid